Amerikaliklarning tashqi siyosatga e'tibori oshgan

  • Amerika Ovozi

Jo Baydenning Yaqin Sharqqa nisbatan siyosati bu yilgi prezident saylovlarida muhim rol o'ynashi kutilmoqda

Bu yilgi saylovda amerikaliklar uchun xalqaro mojarolar, shuningdek, immigratsiya bilan bog'liq masalalar ham yuqori o'rinda bo'ladi. Shu kunlarda o'tkazilgan ommaviy so'rovlar natijasi bundan darak bermoqda.

"The Associated Press" axborot agentligi va NORC markazi dekabr oyida olib borilgan izlanishlarda har 10 amerikalikdan to'rt nafari tashqi siyosatga diqqat qaratgan.

Amerika iqtisodiyoti va tirikchilik - saylovchi uchun birlamchi masala. Respondentlar buni har safar tasdiqlaydi, ammo amerikaliklarning davlatning xalqaro maydondagi ishlariga ham e'tibori oshgan.

Buni ham ko'ring AQSh ahli G'azo bo'yicha qanday fikrda?

Bir yil oldingi so'rovda "tashqi siyosat muhim" deganlar 5 foizni tashkil etgan bo'lsa, bunday fikrlaydiganlar hozirda 20 foizga chiqqan.

Isroil-XAMAS urushi xavotirlarni oshirgan. 2022-yilgi so'rovda deyarli hech kim tilga olmagan mojaro bugun "barham topishi kerak bo'lgan masala".

Respondentlarning 4 foizi nazarida AQSh hukumati Rossiya-Ukraina urushi tugashi uchun hozirgidan ko'proq harakat qilishi kerak. Bir yil oldin bunday fikrdagilar 6 foiz edi.

Respublikachilarning 46 foizi va demokratlarning 34 foizi uchun tashqi siyosat eng dolzarb yo'nalishlardan biri. Bir yil oldin respublikachilarning 23 foizi, demokratlarning 16 foizi bunday qarashda ekanini bildirgan edi.

Immigratsiya ham saylovchi uchun yuqori ahamiyatga ega masala. Respondentlarning 35 foizi immigratsion tizimdan tashvishlanishini aytgan. Bir yil oldin 27 foizi xavotir bildirgan.

Ayni damda respublikachilarning 55 foizi, demokratlarning 22 foizi uchun immigratsiya bilan bog'liq muammolar prioritet.

AQShda navbatdagi prezident saylovi shu yilning 5-noyabrida

69 yoshli amerikalik Janet Bryuver nigohida, Meksika bilan chegara, hukumat qanchalik chora ko'rmasin, hamon tahlika maydoni.

"Chegaramizda vaziyat rasvo, qo'rqinchli", - deydi u.

Oq uy va Kongress Ukraina va Isroilga yordam yuzasidan muzokarada. Respublikachilar immigratsion choralarni kuchaytirishni shart sifatida qo'ygan.

Bryuver respublikachilar va demokratlarga ishonchi so'nganini aytadi.

Buni ham ko'ring Toshkent-Vashington: AQSh ommasi Isroil-Falastin va Ukraina haqida qanday fikrda?

Tashqi siyosatga kelganda bu saylovchi nazarida AQSh undan madad so'ragan tomonlardan yordamni ayamayapti.

"Ko'maklashishimiz kerak, lekin menimcha, allaqachon yetarlicha qo'l uzatayapmiz", - deydi Bryuver.

Respondentlarning 76 foizi fikricha, hukumat avvalo xalqning tirikchligini osonlashtirish uchun harakat qilishi lozim.

Respublikachilarning 85 foizi, demokratlarning 65 foizi iqtisodni eng muhim masala deb atagan. Inflyatsiyani tushirish, hukumat xarajatlarini hamda qarzni kamaytirish kerak, degan.

32 yoshli Travis Braun deydiki, o'qish borgan sari qimmatligi yoshlar uchun eng og'ir masalalardan.

Ta'lim kreditini to'lab kelayotgan amerikaliklar davlatdan imtiyozlar istaydi.

"Maoshim zo'rg'a yetadi. Ishchilarga juda qiyin", - deydi Braun.

"Mehnatkashlarning manfaatlarini ko'proq o'ylashlari kerak".

Bu saylovchi nazarida hukumat tashqi yordam uchun haddan tashqari ko'p mablag' sarflamoqda.

"Mayli, yordam beraylik. Lekin Isroilga millionlab dollar uzatdik deb turganimizda mahallamdagi vayronalarga qarab, yuragim eziladi. Oldin o'zimiz uchun qayg'uraylik", - deydi Braun.

So'rov natijalari o'z moliyaviy ahvolidan noligan amerikaliklar kamayganini ko'rsatgan. Respondentlarning chorak qismi 2024-yil hayoti farovonroq bo'ladi degan umidda. Yana bir choragi esa tirikchilik qiyinlashadi, degan fikrda. Pessimistik ruhdagilar orasida eng katta guruh respublikachilar. Ularning 37 foiz bu yil vaziyat yaxshilanmaydi, degan taxminda.

Prezidentlikka nomzodlar agar yana Jo Bayden va Donald Tramp bo'lsa, deydi Braun, saylovga chiqishdan naf yo'q.

"Ovoz berishga bormasam kerak. Ishonch yo'q", - deydi u.

Your browser doesn’t support HTML5

Saylov-2024: Tramp, Bayden Demokrat.uz - "Amerika Ovozi"