Janubiy Karolina shtatida qora tanli saylovchilar bilan muloqotda Prezident Jo Bayden Amerika bo'ylab irqchilik hamon keng, deya e'tirof etdi.
Bayden fikricha, insonning terining rangiga qarab ajratish bu jamiyatni azaldan "zaharlab kelayotgan illat".
Uning raqibi, respublikachi Donald Tramp esa immigrantlar Amerika "qonini zaharlamoqda" deb chiqqan.
“Zahar bu oq tanlilarning o'zini ustun deb bilishi. Tariximiz davomida bu illat bizga ziyon keltirdi. Unga Amerikada toqat qilinmasligi kerak. Bugun, ertaga, hech qachon", - deydi Bayden.
Shu kungacha AQShning biror prezidenti qora tanlilarning ibodatxonalarida bu qadar ochiq gapirmagan.
Bayden borgan cherkovda 2015-yilda oq tanli irqchi to'qqiz kishini o'tib o'ldirgan, jumladan dargoh rahbarini.
Buni ham ko'ring Mishel Obama pandemiya va demokratiya haqida kitob yozdiO'sha paytdagi prezident Barak Obama cherkovga tashrif buyurib, motam marosimida so'zlagan.
Janubiy Karolina shtatini o'shanda hozir prezidentlik uchun kurashayotgan respublikachi Nikki Heyli boshqarayotgan edi. Uning buyrug'i bilan shtatda eski konfederatsion bayroqdan voz kechilgan. Quldorlik belgisi bo'lsa-da, u Janubiy Karolina parlamenti binosi tepasida hilpirab turar edi.
Heyli yaqinda Amerika fuqaro urushi haqida so'ralganida, sabablarini tushuntirarkan, qulchilikni tilga olmagan. Javob tanqidga uchragan.
“Fuqaro urushining ortidagi asosiy omil quldorlik bo'lgan. Boshqacha izohi yo'q", - deydi Bayden Heylining aytganlariga sha'ma qilib.
"Irq - saylovda birlamchi faktorlardan", - deydi siyosiy faol Sintiya Vollis.
Uning o'zi 2020-yilda Shimoliy Karolina shtatidan Kongressga qora tanlilar ovozini ololmagani uchun ham saylana olmagan. Vollisning tahlilicha, afro-amerikaliklar irqchilik sabab ham ko'p hollarda saylov tizimiga ishonmaydi va ovoz bermaydi.
Uning markazi olib borgan tadqiqotlardan ma'lumki, qora tanlilar ularni qiynayotgan masalalarni oq tanlilar tushunmaydi deb hisoblaydi.
Janubiy Karolina shtatidan qonunchi Jim Klaybern deydiki, Bayden ularni anglaydi.
Talabalarga o'qish uchun olgan qarzni to'lash, qora tanlilarni yuqori lavozimlarga ko'tarish, abort huquqini himoya qilish, sog'liqni saqlash bahosini tushirish va urush faxriylariga yordamni oshirish kabi harakatlari bilan Bayden afro-amerikaliklarning ko'nglidan joy olgan, deydi Klaybern.
Buni ham ko'ring Bayden: Zaharli mafkuradan, irqchilikdan qutulishimiz lozim“Biz Joni bilamiz. Eng muhimi, Jo bizni yaxshi biladi".
Biroq reytinglarda Baydenning qora tanlilar orasidagi bahosi ham tushib ketgan. Yaqinda o'tkazilgan so'rovda afro-amerikalik saylovchilarning 63 foizi unga ovoz berishini aytgan. Bu ko'rsatkich oldingiga qaraganda pastroq.
Qora tanli saylovchi uchun tashqi siyosat ham muhim, deydi strateg Daglas Uilson.
Yoshlarning aksariyati G'azo va mustaqil Falastin tarafdori, kattalar orasida ham bo'linish salmoqli, ya'ni Isroil tomonini oladiganlar ham ko'p.
Vollis kuzatishicha, odamlar haqiqatni yolg'ondan ajratishga qiynaladi. Qora tanlilar orasida ham shu, deydi u.
Masalan, Bayden XAMASni terrorist deb biladi, ammo saylovchilardan so'rasangiz, ayrimlari AQSh prezidenti bu guruhni quvvatlaydi, deydi.
Axborot - kuchli vosita, deya eslatadi faol. Ovozini so'rayotgan odamingiz siz kim va nima qilib yurganingizni bilmasa yoki bu borada ishonchli faktlarga ega bo'lmasa, boy berishingiz aniq.
Sobiq prezident Tramp irqchi deya tanqid qilinganida, buni inkor etib, qora tanlilarga "yaqinman va ularni tushunaman", deydi. U ham afro-amerikalik saylovchilar ko'nglini ovlash bilan band.