Kongress yana bir qisqa byudjetni ma'qulladi

  • Amerika Ovozi

Kapitoliy, AQSh Kongressi joylashgan majmua, Vashington

Kongressda AQSh hukumatining kelasi ikki oylik byudjeti ma'qullandi. Qisqa muddat ko'zlangani qonunchilar orasidagi kuchli ziddiyatlardan darak.

Demokratlarga ko'ra, Bayden ma'muryatining takliflarini, xususan tashqi yordam bilan bog'liq tashabbuslarni tasdiqlash kerak.

Respublikachilarga ko'ra esa hukumat xarajatlarini kamaytirish lozim, jumladan xorijga ko'makni ham.

Buni ham ko'ring 34 trillion dollarlik qarz bilan AQSh hukumati yangi byudjetdan umidvor

Transport, uy-joy, energetika, qishloq xo'jaligi, harbiy imtiyozlar va boshqa sohalar uchun ajratilgan mablag' bu hafta tugaydi.

Bular xalq hayotiga bevosita ta'sir qiladi, deya ogohlantirmoqda Oq uy.

Ma'muriyat qonunchilardan masalani tezlikda hal qilishni so'rayotgan edi.

Senatda demokratlar lideri Chak Shumer deydiki, yangi qisqa byudjet yuzasidan respublikachilar bilan murosaga erishilgan, xususan Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson bilan.

"Hamma so'zida turishi kerak", - deydi Shumer.

Ovozga qo'yilganida loyiha Vakillar palatasida ko'plab respublikachilar qarshiligiga uchradi.

Ular Oq uyni qator sohalarda, jumladan Meksika bilan chegarani mahkamlamayotganlikda ayblaydi.

8-martgacha bo'lgan muddatni qoplovchi 1,59 trillion dollarlik byudjet Amerika hukumati uchun eng zarur xarajatlarni qamraydi.

Aslida federal tizim uchun byudjet har yilning 1-oktabrigacha tasdiqlanishi kerak. Moliyaviy yil shu kundan boshlanadi.

O'tgan yili hukumat byudjeti 6,1 trillion dollarni tashkil etgan.

Nafaqa va sog'liqni saqlash imtiyozlari har yili tasdiqlanishi shart emas, shuning uchun bu borada xavotir yo'q, ya'ni bu maqsadlar uchun mablag' allaqachon ajratilgan.