Turkiyaning Rossiya bilan aloqalari tanqidlarga sabab bo'lmoqda

  • Amerika Ovozi

“Grande Italia” yuk kemasi Turkiya portlariga Italiya avtomobillarini yetkazib beradi. Ukraina urushi boshlanganidan buyon Turkiya Yevropaning qator mamlakatlari bilan savdo aloqalarini kengaytirdi. Rossiya bilan ham o’zaro savdoni kuchaytirgan.

G’arb Turkiyani Rossiyaga sanksiyalarni aylanib o’tishga ko’maklashayotgan davlat sifatida ko’rmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 17-yanvar, 2024-yil

“Turkiya Rossiya gazi va neft mahsulotlari eksporti uchun ideal bozor. Haqiqatni aytganda, ko’plab moliyaviy operatsiyalar va uskunalarning Rossiyaga kirib kelishida muhim vositachi”, - deydi Rossiya Energetika bozori bo'yicha ekspert Tatyana Mitrova.

Xalqaro sanksiyalar kuchga kirgani ortidan Rossiyaga qo’shni boshqa mamlakatlarda ham Yevropa bilan savdo aloqalari kengaydi.

“Barchasi milliy manfaatlarga bog’liq. Rossiya neftini xarid qilayotgan davlatlarning o’zi Turkiya kabi o’rtadagi davlatlarni sanksiyalarga zid amaliyot uchun tanqid qilmoqda. Tushinsa bo’ladi. Bu vaziyatda AQSh va Yevropa sanksiyalarni qanchalar kuchaytirishi muhim savol”, - deydi turkiyalik ekspert Mustafo Oydin.

AQSh Prezidenti Jo Bayden o’tgan oy Rossiya bilan iqtisodiy hamkorlik qilayotgan moliyaviy institutlarga sanksiya qo’llash tog’risidagi farmonni imzoladi.

Chora Turkiyaning shundoq ham zaiflagan iqtisodiga zarba berishi mumkin.

“Rossiya Hindiston, Xitoy, hatto Yevropaning qator ittifoqchilariga neft va gaz sotmoqda”, - deydi Turkiya prezidenti maslahatchisi Mesut Jashin.

Turkiya rahbariyati sanksiyalarga qarshi pozitsiyada Rossiya va Ukraina o’rtasida samarali vositachilik qila olishini bildirmoqda. Tahlilchilar, Turkiya Yevropadagi ittifoqchilar o’z iqtisodiy manfaatlarini ustun bilib, sanksiyalarga qarshi ovoz berishidan umidvorligini aytadi.

“Sanksiyalar faqat Turkiya emas, Yevropaning o’z iqtisodiga ham zarar. Ular bunga yo’l qo’ymaydi”, - deydi Mustafo Oydin.

Xalqaro sanksiyalarga qaramay, ayni damda Turkiya portlari gavjum: Turkiya va Yevropa, Rossiya va Turkiya o’rtasidagi savdo aloqalari qizg’in davom etmoqda.