“Ezgulik” yangi yilning ilk kunlarida mahkumlar bilan uchrashish uchun O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligidan ruxsat olgan. Jazoni ijro etish departamenti qoraqalpog‘istonlik faol Dauletmurat Tajimuratov va bloger Otabek Sattoriy bilan ko'rishish uchun sharoit yaratib bergan.
"Ezgulik" rahbari Abdurahmon Tashanov 12-yanvar kuni Navoiy viloyatidagi qamoqxonada Tajimuratov bilan uchrashgan. 13-yanvar kuni esa Qarshida Sattoriy bilan muloqot qilgan.
Tashanovning bildirishicha, har ikki mahkum "sud hukmlaridan norozi, kelgusida o‘zlarining haq-huquqlari uchun kurashni davom ettirishmoqchi".
Buni ham ko'ring Ezgulik: O’zbekistonda huquq himoyasigа homiylik 0 darajadaTajimuratov 2022-yilning iyulida Nukusda yuz bergan qonli voqealarda ayblanib, 16 yilga qamalgan. Sattoriy 2021-yilda moliyaviy jinoyatlarda va haqoratda ayblanib, 6,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
“Dauletmurod avvaliga o‘zini biroz asabiy tutdi. Dekabrning 25-chisida uni jazoni ijro etish muassasasi tartibini buzganlikda ayblashibdi. Men unga buni huquqiy yo‘l bilan barataraf qiling, axir siz huquq himoyachisi bo‘lgansiz, sudga bering, dedim. Ko‘ndi. So‘ng o‘ziga xat va banderollarning kechikib kelayotganidan, o‘zining xatlari tashqariga chiqishi qiyin bo‘layotganidan shikoyat qildi”, - deydi Tashanov.
Huquq himoyachisining qayd etishicha, "Tajimuratov o‘ziga nisbatan advokatlari tomonidan ilgari surilayotgan qiynoq iddaolarini izohlarkan, o‘zining dastlabki tergovlar davrida sochining majburiy olinishi jarayonida xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatgani, o‘z navbatida xodimlar ham u bilan ziddiyatga borib, jismoniy kuch ishlatganini ta’kidlagan". Boshqa konkret qiynoq holatlari bo‘yicha gapirmagan.
“Dauletmurod koloniya rahbarlarini juda yaxshi odamlar, dedi. Lekin hamma narsa ularning qo‘lida emas, men jazoni ijro etish tizimini o‘zgartirish bo‘yicha ko‘p takliflar beryapman, boisi qonunchilikda mahkumlar bilan uzoq muddatli uchrashuvlar qattiq tartibli koloniyalarda ham, umumiy tartibdagisida ham, uzoq muddatga qamalgan va yengilroq jazolilarga ham bir xil, dedi".
Tajimuratov mahkumlarning osh-ovqatini yaxshilash kerak, sharoitni tuzatish lozim, deb undab kelayotganini aytgan. Tashanovdan "nega menga o‘qishga kitoblar olib kelmadingiz?” deb so'ragan.
Buni ham ko'ring O'zbekistonda huquq bobida yangicha strategiya kerak - Abdurahmon TashanovMahkum ta’kidlaganki, koloniyada yaqinlar bilan "uchrashuvlar davrida nazorat haddan tashqari kuchli".
“Koloniya mamuriyatini qonunlardan og‘ishmaslik, ularga qattiq rioya qilishga chaqirdim. Illo, hammaning ko‘nglini bir xilda topish qiyin, bu yerda yagona ustivorlik faqat qonun-qoidalarga amal qilishga berilishi kerak,” - deydi Tashanov.
Sattoriy manzil koloniyada, shu bois qo‘lida knopkali telefon va kunning istalgan paytida ma’muriyat ruxsati bilan istagan kishisi bilan uchrasha oladi. Uyidagilar, qarindoshlari kelib turadi.
"Otabek avvalo o‘zini qo‘llab-quvvatlagan barchaga minnatdorchilik bildirdi. Koloniya boshlig‘ining ta’kidicha, aprel oxiri, mayning boshlarida u ozodlikka chiqadi. Tikuv sexida ishlamoqda", - deydi Tashanov.
Sattoriy qamoqdan surati "internetga chiqishini istamayman", degan.
"Otabekning ta’kidicha, o‘ziga chiqarilgan sud hukmi bo‘yicha qayta shikoyat qilish niyati yo‘q. Tinchgina axborot texnologiyalari sohasida ishlamoqchi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni yuksak salohiyatli lider, deb biladi va unga xizmat qilishdan o‘zidan faxr tuyadi".