Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy general Valeriy Zalujniyni ishdan oldi. Uzoq muhokama qilingan bu iste’fo 8-fevral kuni kechga tomon e’lon qilindi. Bu urush davomida Zelenskiy tomonidan qabul qilingan eng bahsli qarorlardan biriga aylanishi mumkin.
Prezident ehtiyotkor, askarlar ishonchini qozongan, tajribali general Zalujniy o’rniga shiddatli, xatardan, qurbonlardan ham hayiqmaydigan general Oleksandr Sirskiyni tayinladi. Urush maydonida bu qanday aks-sado berishini faqat yaqin vaqt ko`rsatadi.
Zelenskiy Zalujniyni ishdan olish qarorini ukrainlarga murojaatida shaxsan tushuntirdi, generalga xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirdi, uni Ukraina qahramoni ordeni bilan taqdirladi.
Zalujniy ixtiyoriy tarzda ariza yozmadi, balki prezident farmoniga ko`ra lavozimidan ozod qilinmoqda. Iste’foga chiqarilgan generalga biror lavozim taklif qilinganmi, yo’qmi, hozircha noma’lum.
Ukrainaliklar orasida juda mashhur bo`lgan generalning ishdan olinishi ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim chaqiriqlarni inobatga olmasa, bir qarashda silliq kechgandek. Uning iste’fosi bilan bog’liq asosiy xavotir harbiylar, jamoatchilik jiddiy norozilik boshlashi mumkinligi bilan bog’liq edi.
Ukraina matbuoti general iste’fosi kutilayotgan paytda xavfsizlik xizmati harbiy qismlar, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish topshirig’ini olgani haqida ham yozdi.
Zelenskiy bungacha turli sabablar bois generalni ishdan olish qarorini kechiktirishga majbur bo`ldi. Turli munozara, ayrim holatlarda noroziliklarga sabab bo`layotgan iste´fo amalga oshdi.
Ukraina jamoatchiligi, siyosiy doiralari, matbuotida ham bosh qo`mondon iste’fosi to`liq yo‘qlangan chiqishlar deyarli yo`q, taassuf uyg`otuvchi chiqishlarni kuzatish mumkin. Bu general Zalujniy ukrainlar orasida mashhurligi, unga ishonch o`ta mustahkamligi bilan bog’liq.
Buni ham ko'ring Kiyev raketa hujumlari ostidaZelenskiy va Mudofaa vaziri Rustem Umerov bu o’zgarishni qurolli kuchlar rahbariyati, armiya yangilanishga muhtojligi bilan izohladi.
Prezident bu boradagi izohida Ukraina armiyasi o´tkazgan qarshi hujumlar muvaffaqiyat qozonmaganini, qurolli kuchlar frontdagi reallikdan kelib chiqqan harakatlar rejasiga muhtojligini eslatib o´tdi.
Ukraina ittifoqchilarining ham iste’foga nisbatan munosabati ancha bosiq. Asosan bu Ukrainaning ichki ishi ekanligi, armiyaga kim qo`mondonlik qilishidan qat´i nazar hamkorlik davom etishini ta´kidlashdan iborat.
Xalqaro matbuotda, nufuzli nashrlardagi chiqishlar haqida bunday deyish qiyin. Ularda Zelenskiyning qarori shubha ostiga olinishidan tashqari, armiyaning siyosiy hokimiyat talablariga so’zsiz bo’ysunishi jiddiy oqibatlarga olib kelishidan ogohlantiriladi.
G´arb matbuoti iste’fo sababini Zelenskiy va Zalujniyning jang maydonidagi vaziyatga qarashida keskin farqlar borligida ko’radi. Yangi bosh qo’mondon bu borada prezidentga so’zsiz bo’ysunishi, armiya siyosiy talablar bilan hisoblashishi shubhaga olinmaydi.
Albatta, Zelenskiy va Zalujniy o’rtasidagi ambitsiyalar to’qnashuvi ham e´tibordan chetda emas. Ta’kidlash joiz, ikki shaxs o’rtasida ziddiyat mavjudligi haqidagi dastlabki xabarlar aynan shu sabablarga asoslangan edi.
Zalujninyning jamoatchilik orasidagi nufuzi prezidentda siyosiy rashk qo’zg’ayotgani haqidagi bu xabarlar frontdagi vaziyatga nisbatan pozitsiyalarda farqlar yiriklashganiga ko’chdi. General mudofaani kuchaytirishni o’ylayotgani, prezident g’alabani, qaltis vaziyatdagi hududlarni ushlab qolishni talab etayotgani aytildi.
Shulardan kelib chiqilsa, bu ziddiyat o’z mantiqiy yakuniga yetgandek, chunki urushni qanday yuritish avvalo oliy qo’mondon vakolatidagi masala.
Bosh qo’mondonlikka ehtiyotkorligi bilan emas, ayovsizligi bilan tanilgan generalning kelishi, tabiiyki, frontdagi vaziyatda o’zgarishlar qilishi mumkin. Ammo bu o‘zgarishlar kimning foydasiga bo`lishini vaqt ko’rsatadi.