Rossiya 2016-yilda AQSh prezidentlik saylovlariga ta'sir o’tkazishga harakat qilgan edi. AQSh razvedkasi tekshiruvlariga ko’ra, rus xakerlari o’shanda Demokratik partiya Milliy qo'mitasi va prezidentlikka nomzod Hillari Klintonning saylov kampaniyasi raisining elektron pochtasini buzib kirib, ichki hujjatlarni oshkor qilgan.
Rossiyadagi "trollar fabrikasi" ijtimoiy tarmoqlarda minglab soxta profillar ochib, amerikaliklarga ta’sir o’tkazishga, ularning siyosiy qarashlarini shakllantirishga uringan.
Razvedka xulosasiga ko’ra, Rossiya bunday harakatlari bilan Klinton nomzodiga putur yetkazishni, uning raqibi Donald Trampni kuchaytirishga harakat qilgan.
O’shandan buyon "dezinformatsiya" kabi so'zlar Amerika siyosatida ko’p ishlatiladigan iboraga aylandi. O’shandayoq ijtimoiy media kompaniyalar “soxta xabarlarning qurol qilib ishlatilishiga qarshi chora ko'rish kerak”, degan chaqiriqlar yangray boshlagan.
Buni ham ko'ring Xitoylik xakerlar AQShning infratuzilma tarmoqlariga kirganOradan sakkiz yil o’tib, amerikaliklar noyabrda davlat rahbariga ovoz berishga hozirlanar ekan, ba'zi ekspertlarga ko’ra, haligacha AQShda dezinformatsiyani bloklash yo’lida sezilarli qadamlar tashlangani yo’q.
Aksincha, deydi ular, muammo jiddiy tus olgan, soxta xabarlar muhokamasi siyosat bilan qorishib ketgan va ijtimoiy tarmoqlar kontent nazoratini susaytirmoqda.
"2016-yildagi vaziyat takrorlanishidan, ijtimoiy tarmoqlarga trollar va xorij aralashuvidan xavotirdamiz. Ko'plab saylovchilar yangiliklarni onlayn olishadi", - deydi o’tmishda “Twitter”, hozirda “X” kompaniyasi xodimi Shilpa Kannan.
Ammo dezinformatsiya AQShga tahdid solmoqda, degan fikrga qo’shilmaydiganlar ham talay.
O’zgarayotgan muhit
Prezidentlikka nomzodlar saralanar ekan, amerikaliklar keskin ikkiga bo'lingan.
Ommaviy so‘rov natijalariga ko’ra, Amerika aholisining deyarli uchdan bir qismi 2020-yildagi prezidentlik poygasida g’irromlik bo’lgan, deb ishonadi. O’shanda yetarli ovoz to’play olmagan va Oq uyga yana harakat qilayotgan Donald Tramp bu yolg’onlarni haligacha targ’ib qilib kelmoqda.
2021-yil 6-yanvarda uning tarafdorlari saylov natijasi tasdiqlanishini to‘xtatish maqsadida AQSh Kongressiga bostirib kirgan edi. Bu voqeaning turlicha talqinlari hamon jamoatchilikni ikkiga bo‘lib qo‘ymoqda.
“Fitna, yolg'on va agressiv bayonotlar Amerikaning ichki siyosatida odatiy holga aylanib bo’ldi. Haqiqatan jirkanch ritorika va yolg'on narrativlar normallashuviga guvoh bo'ldik”, - deydi Tuhmatga qarshi liga tadqiqotchisi Sara Aniyano.
Raqib davlatlar yana saylov natijasiga ta'sir o'tkazishga urinishi mumkin. Oq uy bu xavfni ko’zdan qochirayotgani yo’q. O’tgan yili noyabrda Prezident Jo Bayden Xitoy rahbari Si Zinpin bilan masalani muhokama qilib, 2024-yilgi saylovlarga aralashmaslikni so’ragan. Bu haqda “CNN” kanali xabar tarqatgan edi.
Buni ham ko'ring "Polygraph.info": Putinning AQShdagi saylov tizimi haqidagi gaplari asossizKiber xavfsizlik va texnologiya olami, generativ sun'iy intellekt shiddat bilan rivojlanyapti. AQShning Kiberxavfsizlik va infratuzilma xavfsizligi agentligi (KIXA) bu texnologiyalar saylov infratuzilmasiga tahdid solishi mumkin, degan ogohlantirishlar bilan chiqdi.
“Erkin matbuot” notijorat tashkilotiga ko'ra, ayni paytda ijtimoiy tarmoqlar o'z platformalarida berilayotgan kontent nazoratini susaytirmoqda.
“Bundan demokratiyaga qarshi kuchlar, oq tanli millatchilar va yomon niyatli boshqa kuchlar foydalanib qolishi mumkin", deyiladi tashkilotning 2023-yildagi hisobotida.
Kontentni nazorat qilish bo’yicha o’zgarishlar ba'zan mafkuraviy xarakterga ega. Masalan, “X” kompaniyasi rahbari Ilon Mask onlayn fikrlarni cheklashga qarshi. Lekin ko’pincha o’zgarishlarga iqtisodiy omillar turtki beradi.
O'tgan yildan beri texnologik kompaniyalar 200 mingdan ortiq xodimlarini, jumladan, kontent boshqaruvchilarni ishdan bo'shatgan.
Siyosatchilar aralashuvi
Dezinformatsiya tahdidiga e'tibor kuchayarkan, masala siyosiylashib ketdi. 2022-yilda AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi qoshida Dezinformatsiya boshqaruvi kengashi tashkil qilindi. Unga internetdagi kontentni nazorat qilish va yolg'on ma'lumotlarga qarshi kurashish vazifasi yuklandi.
Bunday tuzilma paydo bo’lishi savollar uyg’otdi. Respublikachi qonunchilar yangi organ haqida ma’lumot berishni so’rab, vazirlikka murojaat qilgan.
Yuta shtati senatori Mitt Romni fikricha, “bunday kengash tashkil qilish bilan Amerika o’z hududida propaganda tarqatishni boshlaydi”, degan tasavvur paydo bo’ladi.
Missuri shtati senatori Josh Xaulining da’vo qilishicha esa “Ichki xavfsizlik vazirligi amerikaliklarning nutqini qat’iy nazorat qilishni asosiy vazifasiga aylantirmoqda”.