Hisobot: dunyoda erkinlik buzilishi kengayib bormoqda

  • Amerika Ovozi

"Ozodlik uyi" (Freedom House) tomonidan e'lon qilingan yangi hisobotga ko'ra, 2023-yilda dunyo aholisining beshdan bir qismini tashkil etuvchi 52 mamlakatda siyosiy huquqlar va fuqarolik erkinliklari yomonlashgan. Buning natijasida global erkinlikda 18-bor ketma-ket pasayish kuzatilgan.

“Dunyoda erkinlik - 2024: notoʻgʻri saylovlar va qurolli mojarolarning ortib borayotgan zarari” deb nomlangan bu hisobotda saylovlarni manipulyatsiya qilish, urushlar va plyuralizmga qarshi hujumlar bu yilgi global tanazzulning asosiy sababchilari bo’lgan.

Hozirda dunyo aholisining qariyb 38 foizi erkin emas deb baholangan mamlakatlarda yashamoqda. 42 foizi qisman erkin hududlarda, atigi 20 foizi esa erkin mamlakatlarda yashaydi.

Butun dunyo bo'ylab zo'ravon to'qnashuvlar o'lim va halokatlar ko’lamini oshirgan va erkinlikni xavf ostiga qo'ygan.

Buni ham ko'ring Ozarbayjonda yana bir "nodemokratik saylov"

Kremlning Ukrainaga keng miqyosli bostirib kirishi ikkinchi yil davom etmoqda va bu bosib olingan hududlardagi asosiy huquqlarni yanada poymol qilib, Rossiyaning o'zida ham kuchli repressiyalarga olib keldi, deyiladi hisobotda.

Repressiyalar asosan avtokratik rejimlar tomonidan amalga oshirilsa-da , Isroil va Hindiston kabi demokratik yo'l bilan saylangan hukumatlarga ega davlatlar ham inson huquqlarini keskin poymol etuvchi harakatlarga qo’l urgani aniqlangan.

Isroil G'arbiy Sohil va G'azo sektorida, Hindiston esa Kashmirda asosiy inson huquqlarni buzish jinoyatlarida qatnashgan.