Breaking News

Siyosiy qamashlar - repressiya, deyiladi yangi hisobotda


Turkiya - siyosiy erkinliklar kun sayin cheklanib borayotgan tuzumlardan biri
Turkiya - siyosiy erkinliklar kun sayin cheklanib borayotgan tuzumlardan biri

Inson huquqlari faollari, jurnalist va blogerlarni qamash - repressiya. Vashingtonda asoslangan xalqaro tashkilot "Ozodlik uyi" chiqargan hisobotda dunyo bo'ylab shunday yo'ldan borgan hukumatlar siyosiy erkinliklarni birdek bo'g'ayotgani qayd etiladi.

Turkiya, Tailand, Tunis, Venesuela, Nikaragua va Tanzaniya bu jihatdan yetakchi, deydi ekspertlar. O'tgan 20 yilda bu davlatlarda huquqbuzarlik normaga aylangan.

“Jahon miqyosida anti-demokratik, avtoritar liderlar ko'p. Ularning qo'llarida zulm o'tkazish uchun kuchli vositalar bor. Tanqid qilsangiz yoki qarshilik bildirsangiz, bir necha tomonlama jazolanasiz", - deya tasvirlaydi Eymi Slipovitz, hisobot mualliflaridan biri.

Qamash - eng keng qo'llanadigan usul.

“Siyosiy mahkumlarning ko'payishi va demokratik eroziya hamisha yonma-yon ekanini bu izlanishlarimiz ham ochib berdi, isbotladi", - deydi Slipovitz.

“Tuzum avtoritarlashishi va tanqidchilarni qamashi parallel jarayonlar. Muxolifatni ezish demokratiyadan chekinish, unga qarshi qadam".

Bunday regressiya global maydonda kamida 17 yildan beri davom etmoqda, deyiladi tahlilnomada.

Siyosiy motivlar bilan qamashlar odatda saylovlar oldidan yo ketidan, shuningdek, norozilik namoyishlari paytida yo ulardan keyin avj oladi.

2014-yilda Tailandda qo'zg'olon, 2020-yilda Tanzaniyada va 2021-yilda Nikaraguada saylovlar davrida yuzlab insonlar, jumladan ziyolilar panjara ortiga tashlangan.

Markaziy Osiyo respublikalari ham shunday holatlarni boshdan kechiradi. Muxolifat tan olinmaydi, bunday faoliyat bilan shug'ullanish davlatga dushmanlik sanaladi. Huquq himoyachilari ham hukumat nazarida noshukur fuqarolar va xalqni rahbariyatga qarshi qayrashda ayblanadi. Yaqingacha nisbatan erkin hisoblangan Qirg'izistonda ham vaziyat hozir qo'shni avtoritar jamiyatlarga o'xshash.

Qamamagan taqdirda hukumat tanqidchi faollarni chetga chiqarmaydi, qora ro'yxatga qo'yib ishsiz qoldiradi, mulklarini musodara qiladi, doimiy kuzatadi, ta'qib qiladi.

Buning ruhiy bosimini nafaqat davlatga yoqmayotgan odam, balki uning yaqinlari ham bevosita his qiladi, chunki ular ham nazorat ostida bo'ladi.

Turkiyada minglab mutaxassislar, jumladan jurnalistlar, tarixchi, adiblar va diplomatlar yillardan beri shunday repressiya ichida yashab kelmoqda, deyiladi "Ozodlik uyi" hisobotida.

13 media xodim ayni damda Turkiya qamoqxonalarida. Mamlakat bu borada ham xalqaro maydonda eng salbiy baholanadiganlar orasida.

Shunday davlatlar borki, deydi mutaxassislar, ularda yuzlab fuqaroni yoppasiga zindonband qilish yangilik emas, masalan, Nikaraguada.

Hukumat propagandasi kuchli, erkin axborot yetishmaydi, natijada xalqqa bir yoqlama ma'lumot beriladi. Tuzumni savolga tutish - konstitutsiyani qoralash bilan tenglashtiriladi.

Insoniyatni repressiyadan qutqarish, huquq va qonun ustuvorligini targ'ib qilish demokratik davlatlar zimmasida, deya undab keladi "Ozodlik uyi".

Tashkilotga ko'ra, adolatsizliklarni fosh etganlarni himoya qilish, mustaqil media va siyosiy erkinliklar uchun kurashayotganlarni quvvatlash - kuchli demokratiyalarning vazifasi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG