15-17 mart kunlari Rossiyada prezidentlik saylovlari bo’lib o’tadi. Uzoq yillik rahbar Vladimir Putin - asosiy nomzod. Yaqinda Rossiyada safarda bo’lgan O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Putinning g’alabasiga shubha qilmasligini aytdi.
Bu iltifot bejiz emas. O’z vaqtida Putin ham Mirziyoyevga shunday iltifot ko’rsatgan edi. O’zbekistonda o’tgan prezidentlik saylovlari paytida Putin hali natijalar e’lon qilinmasdan Mirziyoyevni ishonchli g’alabasi bilan tabriklagan. Bu tabrik o’zbek jamoatchiligini bir qadar hayratda qoldirgan, norozilik ham uyg’otgan edi.
Putinni muddatidan avval Rossiya prezidentligi saylovi g’olibi sifatida e’lon qilgan Mirziyoyev omonat qolgan shu iltifotni qaytarayotgandek.
Aslida mohiyat liderlarning saylovlar taqdirini bashorat qilish qobiliyatida emas, balki tuzumga nisbatan ishonchda. Saylov Rossiyada ham, O’zbekistonda ham rejim va hokimiyatni o’zgartirmaydi. Natija yetakchilar aytganidek bo’ladi. Ayniqsa, bu saylovlar muxolifatsiz o’tkazilishi inobatga olinsa.
Ammo Rossiya muxolifati chekinish niyatida emas. Marhum Aleksey Navalniyning safdoshlari o’z tarafdorlarini saylovda qatnashishga, Putindan boshqa har qanday nomzodga ovoz berishga chaqirmoqda.
Buni ham ko'ring Prilepin so'zlari ketidan Mirziyoyev "bosim" haqida gapirdiBu murojaatda muxolifat tarafdorlari aniq bir vaqtda, 17-mart soat 12:00 da saylov uchastkasida bo’lish, o’zlari xohlagan nomzodga yoki hech kimga ovoz bermaslikka chaqiriladi.
Tashkilotchilar bu aksiya Putinning foizlariga ta’sir qiladi degan umidda. Muxolifat murojaati Rossiya hukumatini xavotirda qoldirgandek ham, chunki aksiya e’lon qilinishidan ko’p o’tmasdan, uning veb sahifasi Rossiyada bloklandi.
Bu saylovda Putin asosiy nomzod, ammo yagona emas. Muqobil nomzodlar ham taqdim etilmoqda, ammo bu muqobillarning deyarli hammasi Putinni qo’llab-quvvatlab kelayotgan siyosatchilar.
Putin bu saylovdagi g’alabasi ortidan deyarli umrbod hokimiyatda qoladi, konstitutsiyaviy o’zgartirishlar unga 2030-yilga borib ham o’z nomzodini surish imkoniyatini taqdim etadi.
Rossiya va O’zbekistondagi saylovlar qanchalik bir-biriga o’xshamasin, Putinning hokimiyatda qolishi Markaziy Osiyoga nisbatan tahdidni oshirmoqda. So’nggi paytda Kreml siyosiy doiralari tomonidan mintaqaga yo’llanayotgan tahdidli chiqishlar soni ko’paydi.
Eng so’nggisi Jurnalistika universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo’ja rus tilli aholini davlat tilini o’rganishga chaqirishi ortidan, O’zbekiston elchisining Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilishi, Moskvaning keskin norozilik bildirishi bo’ldi.
Buni ham ko'ring Markaziy Osiyo bugun qanchalik yangilangan?Mirziyoyevning Qozonga safaridan o’rtadagi siyosiy taranglik yumshaganini taxmin qilish mumkin. Ammo bu imperiya tahdidi kamayganini anglatmaydi. O’zbek jamoatchiligi ham so’nggi ziddiyatlar ortidan Rossiya imperiyasi xavfini anglab borayotgandek.
Rossiya prezidentligi uchun saylovlar Ukrainaga nisbatan urush davom etayotgan vaziyatda o’tadi. Ukrainaning ishg’ol qilingan hududlari - Zoporojye, Xerson, Lugansk, Donetsk va Qrimda ham Rossiya prezidentiga ovoz beriladi. Rossiya bu hududlarni o’z tarkibiga qo’shganini e’lon qilgan.
Ammo Rossiyaning bu yangi hududlari aksariyat dunyo, jumladan Markaziy Osiyo tomonidan ham tan olinmagan.
Ukrainaning ishg’oldagi shaharlari bo’ylab Rossiya prezidentligi uchun saylov o’tkazish, saylovni aksariyat davlatlar tan olmasligiga sabab bo’lishi mumkin. Mintaqa davlatlarining bu qatorda bo’lishi ehtimoldan yiroq, ayniqsa Mirziyoyev saylovga doir bashoratini muddatidan ancha avval e’lon qilib bo’lgani inobatga olinsa.
Rossiyadagi saylovlar natijasi Putin hokimiyati vakolatini kamida 2030-yilgacha uzaytiradi. Bu vaqt davomida Rossiyani nisbatan yakkalagan, uning tajovuzini cheklab turgan Ukrainadagi urush taqdiri ham hal qilinishi mumkin.
Moskva o’z qo‘shnilari, yaqin ittifoqchilarini ham tahlikada ushlab turgan imperiyacha siyosatini qanchalik davom ettirishi mumkinligi esa uning Ukraina urushidan qanday chiqishiga bog’liq bo’ladi.