Ukraina uchun 2024-yildagi asosiy maqsad front chizig’ini ushlab qolish, ammo vaziyat hozirgidek davom etsa bu imkonsiz.
AQSh Markaziy razvedka agentligining ogohlantirishicha, Ukrainaga yordam yetkazilmagan taqdirda 2024-yilning oxirida front qulashi, Ukraina urushda yutqazishi mumkin.
Frontdagi so’nggi vaziyat darhaqiqat Ukraina uchun ancha tahlikali. Rossiya armiyasi deyarli har kuni muntazam siljimoqda. Rossiya kuchlari Avdeyevkani egallashi ortidan Ukraina sharqidagi yana bir muhim strategik shahar Chasov Yar uchun janglarga kirishgan.
Balandlikda joylashgan bu shaharning ishg’ol qilinishi rus armiyasiga navbatdagi kengliklarni ochadi, yon atrofdagi shaharlar, front nazorati uchun muhim bo’lgan balandlik nuqtasiga erishadi.
Ukraina vaziyatdan kelib chiqqan holda hujum taktikasiga emas, mudofaani mustahkamlashga zo’r bermoqda. Front liniyasi bo’ylab himoya istehkomlari qurilmoqda, to’siqlar o’rnatilmoqda, minalashtirilmoqda.
Prezident Volodimir Zelenksiy front yaqinidagi Slavyansk shahrida mudofaa inshootlarini ko’zdan kechirdi. Shunday istehkomlar Rossiya hujumga o’tishi kutilayotgan butun front bo’ylab barpo etilyapti.
Ammo hujumning qaysi nuqtadan boshlanishi noma’lum. Ukraina razvedkasi may oxiri, iyun boshlarida Rossiya armiyasining keng qamrovli hujumini kutmoqda. Ayrim farazlarga ko’ra, bu Xarkov bo’lishi mumkin. Oxirgi paytda bu shahar ayovsiz raketa hujumiga tutildi, bir necha kun davomida elektr ta’minotisiz ham qoldi.
Rossiya armiyasining so’nggi hujumlari Ukraina energetikasiga jiddiy talafotlar yetkazdi, bir nechta yirik stansiyalar tiklab bo’lmas darajada vayron qilindi.
Ukrainada mudofaa raketalari yetishmaydi. Bu borada Ukrainaning asosiy umidi AQShdan. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, Ukrainaga harbiy yordam paketi yaqin kunlarda Kongressda ovozdan o’tishi mumkin.
Rasmiylarning aytishicha, Pentagon katta miqdordagi qurol-aslahani tayyor qilib qo’ygan, qonunchilar loyihani ma’qullagach yordam bir haftaga qolmasdan Kiyevga yetkazilishi mumkin.
Frontdagi keskinlik Ukrainadagi siyosiy, ijtimoiy vaziyatga ham bosimni oshirmoqda. Parlament ancha bahsli ko’rilgan mobilizatsiya choralarini kuchaytirishga doir qonunni tasdiqladi, prezident tomonidan imzolandi ham.
Buni ham ko'ring Ukraina ittifoqchilaridan Isroilchalik yordam olishga umid qilmoqdaQonun 500 ming atrofidagi ukrainlarni urushga safarbar qilish imkonini beradi. Qonunda demobilizatsiyadan, dastlabki kunlardanoq Rossiya bilan urushga tortilgan jangchilarni zaxiraga olishdan ham voz kechildi.
Bu janglardan charchagan ukrainlarda norozilik uyg’otishidan xavotirlar ham bor. Demobilizatsiyadan voz kechilishi sababi shaxsiy tarkib yetishmovchiligi, tajribali jangchilar o’rnini to’ldirish qiyinligi bilan bog’liq ko’rilmoqda.
Yangi qonunda jinoyatchilar, qamoqxonalardagi mahbuslar ham frontga safarbar qilinishi ehtimol qilingan.
16-aprelda imzolangan bu qonun bir oydan so’ng kuchga kiradi. Bungacha hukumat mobilizatsiya choralari qanday amalga oshirilishiga doir o’z dasturini taqdim etishi kerak.
Avvalroq Ukrainada chaqiruv yoshi 27 dan 25 ga tushirilgan edi. Umumiy hisobda ukrain armiyasi ehtiyoji 300-400 ming kishi atrofida baholanyapti. Ukraina qurolli kuchlari yarim millionlik ehtiyoj haqida gapirgan, ammo Bosh qo’mondonlikka general Oleksandr Sirskiy tayinlanishi ortidan bu raqamlar nisbatan kamaydi.
Qonun ozodlikdan mahrum qilingan yoki ayni paytda hibsda ushlab turilgan mahbuslarni urushga jalb etishga ruxsat beradi, ammo hammasini emas. O’ta xavfli jinoyatchilar, davlatga xiyonatda, jinsiy zo’ravonlikda ayblanganlar istisno.
Mamlakatdagi mahbuslar soni 46 ming, ammo urushga jalb etish mumkin bo’lganlarning umumiy soni 10 ming atrofida hisoblanyapti.
Bu tarkibi bir million atrofida baholanayotgan ukrain armiyasida jiddiy o’zgarish yasamaydi, asosiy diqqat mobilizatsiya yoshidagi fuqarolarga qaratilgan.
Qonun 18 dan 60 yoshgacha bo’lgan fuqarolar harbiy bilet bilan yurishini, harbiy komissiyada ro’yxatdan o’tishini majburiy qiladi. Chaqiruvga bo’ysunmaganlik uchun javobarglik keskin kuchaytirilgan, mol-mulk musodarasidan tortib, qamoq jazosigacha.
Ukrainadagi urush 2022-yilning fevralidan beri davom etmoqda. O’tgan yil ukrain armiyasi uchun ancha muvaffaqiyatli kechgan, ishg’oldagi hududlarning bir qanchasi ozod qilingan edi. Ammo 2024-yil Ukraina uchun o’ta qiyin kechishiga doir farazlar kuchaygan.