Kecha Eronda Prezident Ibrohim Raisiy va boshqa bir necha yuqori lavozimli rasmiylar vertolyot halokatida nobud bo'lgach, birinchi vitse-prezident Muhammad Muxbir muvaqqat prezidentlil kursisini egalladi.
68 yoshli Muxbir xalqaro aloqalar bo'yicha doktorlik unvoniga ega va shu paytgacha ommaga deyarli ko'rinmagan. Kelasi 50 kun ichida saylovlar o'tib, mamlakat yangi prezident tanlashi kutiladi.
Eron motamda. Shimoli-g'arbda, Ozarbayjon chegarasiga yaqin hududda vertolyot qoldiqlari va jasadlar topilgan.
Muxbir anchadan beri hokimiyatning eng tepa pog'onalarida. U yerga bu shaxsning xayriya sohasidagi yutuqlari yetaklagan.
1979-yildagi islomiy inqilob ketidan musodara qilingan mol-mulk aynan Muxbir yuritgan tarmoq orqali nazorat qilingan. Shoh davrida huzur ko'rgan elitadan tortib olingan boyliklar kimga qay tarzda tarqatilgani Muxbir kabi o'sha paytda yosh bo'lgan mutasaddilar zimmasiga topshirilgan.
Eronda 45 yildan beri hukmrom teokrat tuzum iqtisodni, jumladan energetika sanoati, telekommunikatsiya va bank sektorini ham boshqaradi.
2021-yilda Muxbir va boshqa rasmiylarga sanksiya qo'ygan AQSh uni va uning atrofidagilarni xalq pulini nohaq tortib olganlik, siyosiy tanqidchilar va muxolifatga nisbatan adolatsizlik va jinoyatlarda ayblagan.
Muxbir shu asnoda Yevropa Ittifoqining sanksiyalari ostida hamdir.
Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashga ham boshchilik qilgan birinchi vitse-prezident xalqdan haqiqatni yashirganlikda tanqid qilingan.
Muxbir bank va telekommunikatsiya tizimidan chiqqan. U "Mostazafan" fondini boshqarib, mamlakatdagi eng yirik biznes loyihalar amaliyoti uchun mas'ul bo'lgan.
Turkiyaning "Turkcell" va Janubiy Afrikaning MTN mobil kompaniyalari orasidagi janjalda Muxbir asosiy rol o'ynagani, jumladan ularni bir-biriga qarshi qayragani aytiladi. Maqsad Eron bunday bizneslar orqali mudofaa vositalarini olib kirish bo'lgan.
Natijada MTN Eron bozoridan joy olgan, ammo shu kungacha ham Tehron bilan harbiy hamkorlik qilmayotganini bildirib keladi. Kompaniya Muxbir bilan yaqindan ishlagani, undan yordam olganini tan oladi.
Muxbir Eron bosh rahnamosiga maslahat beruvchi kengash a'zosidir. Bu organ, shuningdek, parlament va konstitutsion nazorat kengashi orasida vositachi
Xuziston viloyatining Dezful tumanida ulg'aygan Muxbirning otasi mahalliy ulamolardan biri bo'lgan.
1980-yillarda Iroq bilan urushda turli vazifalarda xizmat qilgan Muxbir Eronning eng badavlat siyosatchilaridan sanaladi va ko'plab xorijiy va nohukumat tashkilotlar tomonidan xalq mulkini o'marganlikda gumon qilinadi.