Rossiya va Yaponiya o’rtasidagi ziddiyat Ukrainadagi urush fonida yanada kuchayishi mumkin. O’nlab yillardan beri davom etayotgan yer mojarolari yakun topadiganga o’xshamaydi.
Yaqinda Kreml Rossiya tomonidan ishg'ol qilingan, ammo Yaponiya egalikni da'vo qiladigan, Yaponiyada “Shimoliy hududlar” deya nomlanuvchi Kuril orollari yaqinidagi suvlarga rossiyalik bo'lmagan kemalarning kirishni taqiqladi.
Tokio bu harakatga yaqinda AQSh va Yaponiya oʻrtasida tuzilgan xavfsizlik ittifoqiga qarshi Moskva tahdidlarining bir qismi sifatida baho berdi.
Yaponiya Templ universitetining siyosatshunoslik professori Jeyms DJ Braunning aytishicha, Moskva tarafidan Yaponiyaga qarshi bu kabi harakatlar hali davom etadi.
“Putin siyosatiga ko’ra, Yaponiyaning har qanday ”nodo’stona” harakatiga qarshi Rossiya javob qaytarishi kerak, - deydi Braun “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida. - Har safar Tokio Ukrainaga yordam berishga harakat qilsa yoki Qo’shma Shtatlar bilan harbiy aloqalarini mustahkamlashga urinsa, Moskva bunga qarshi jazo choralarini ko’radi”.
Buni ham ko'ring Kuril orollari Yaponiyaga qaytariladimi?“Yaponiya yaqin kelajakda Kiyevni qo’llab-quvvatlash uchun yangi sanksiyalar joriy qilishi mumkin va bunga qarshi Moskvaning javobi “kafolatlangan”, - deydi u.
Javob choralari faqat Tokioga qaratilmagan. Kuril orollarida yashovchi rossiyalik kishi Yaponiya ommaviy axborot vositalariga – “Ushbu hudud o‘tmishda Yaponiyaga tegishli bo‘lgan”, - degan so‘zlari uchun mart oyida Rossiya sudi tomonidan ogohlantirilgan.
Joriy yil boshida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kuril orollariga tashrif buyurishini aytgan va bu ikki davlatning uzoq yillar davomida suverenitet boʻyicha olib borilayotgan muzokaralar umidiga putur yetkazgan edi.
Yer mojarolari chuqurlashmoqda
Rossiya va Yaponiyaning Xokkaydo shimoli-sharqiy qirg'og'idagi to'rtta orolga –Yaponiyaning ikkinchi eng katta oroliga nisbatan da'volari kamida 19-asrga borib taqaladi. Ikkinchi jahon urushi oxirida Sovet Ittifoqi Kuril orollarini to'liq bosib olishga kirishgan edi.
Yaponiya Sovet Ittifoqi orollarni "hech qanday qonuniy asoslarsiz" o’zlashtirib olganini da'vo qilgan va tinchlik shartnomasini imzolashdan bosh tortgan. Tokioning bildirishicha, 17 mingga yaqin yapon aholisi orollardan deportatsiya qilingan. Rossiya esa, Kuril orollarini Sovet xalqining urush davridagi fidoyiliklari uchun berilgan mukofot deb biladi.
Buni ham ko'ring AQSh va Yaponiya rahbarlari mudofaa hamkorligini muhokama qildiIkki davlat kelishuvga erishish uchun yillar davomida muzokaralar olib bordi, ammo natija bo'lmadi.
2016-yilda ikki mamlakat o’rtasidagi qo’shma iqtisodiy faoliyat, jumladan, sayyohlik loyihalari va Yaponiya fuqarolari uchun orollarga vizasiz tashriflar to’g’risidagi kelishuvdan keyin oradagi ziddiyat biroz yumshadi.
Ikki yil o’tgach, Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Shinzo Abe to’rt oroldan ikkitasini Yaponiyaga qaytarishni taklif qildi, biroq Putin buni rad etdi. Yaponiyaning Xokkaydo universiteti qoshidagi Slavyan-Yevrosiyo tadqiqot markazi professori Akixiro Ivashita buni Putinning Yaponiyaga nisbatan “muvaffaqiyatsiz diplomatiyasi” deb atadi, natijada Tokioning Moskvaga nisbatan munosabati keskinlashdi.
“Agar Putin Yaponiyaga xayrixohlik koʻrsatib, Shinzo Abe bilan tinchlik shartnomasi boʻyicha muzokaralar olib borganida edi, Yaponiya Ukraina urushida qarshi pozitsiyada turmagan boʻlardi, - dedi Ivashita “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. - 2014-yilda Yaponiya Ukrainaga qarshi tajovuzdan keyin Rossiyaga sanksiya qo‘yishga ikkilangan edi. Endilikda Yaponiyada Rossiyaga nisbatan qarshi siyosatni cheklashga asos yo’q”.
Ukraina urushi atrofidagi keskinlik
2022-yil fevralida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan ko‘p o‘tmay, Moskva Yaponiya bilan tinchlik shartnomasi bo‘yicha barcha muzokaralarni to‘xtatib qo‘ydi va avval kelishilgan iqtisodiy faoliyatni va Yaponiya fuqarolarining orollarga vizasiz tashrifini to‘xtatdi. Bunga Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishidaning urushda Ukraina tomonida bo’lgani sabab bo’ldi. Shunday bo’lsa-da, Kishida Moskvaning bunday munosabatini “o’ta adolatsiz” deb atadi.
Yaponiya Ukraina-Rossiya urushida Ukrainaga yordam bermoqda, o’tgan yili “Patriot” havo mudofaa tizimlarini Ukrainaga yetkazib bergan. Shuningdek, Kishida faol jang maydoniga tashrib buyurib, Ukraina va AQSh bilan birdamlikni ko’rsatgan ilk yapon rahbari bo’ldi.
Moskva Tokionining bu kabi yordami “jiddiy oqibatlarga” sabab bo’lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Biroq bu Yaponiyaning o‘tgan yil dekabr oyida urushdan vayron bo‘lgan Ukrainaga 4,5 milliard dollar, jumladan, gumanitar maqsadlar uchun 1 milliard dollar yordam va’da qilishiga to‘sqinlik qilmadi.
Yaponiyaning Ukrainaga yordami Xokkaydo aholisiga ta'sir qildi. Xokkaydo hukumati va Xokkaydo Shimbun tomonidan o'tkazilgan o'tgan yilgi so'rov shuni ko'rsatdiki, shimolda Rossiya-Yaponiya chegarasi yaqinida so’rovda qatnashganlarning yarmidan ko'pi Ukraina urushining mahalliy hayotga salbiy ta'sirini his qilgan, baliq ovi va savdoning pasayishi, insoniy aloqalar va aholi sonining qisqarishi shular jumlasidandir.
O’tgan yili oktabr oyida Tokio Fukushima atom stansiyasidan chiqindi suvni chiqarib yuborgani sabab, Rossiya Yaponiyadan barcha dengiz mahsulotlari importini taqiqlab qo’ydi.
Buni ham ko'ring Yaponiya minglab ukrainalik qochoqlarga boshpana berdi“Moskva Fukushima stansiyasidagi tozalangan suvda radiatsiya xavfi borligini da’vo qilib, Yaponiyani Ukrainani qo’llagani uchun jazolashga urindi”, - dedi Braun.
So’rovda qatnashganlarning ko’pchiligi shimoliy hududlardagi muammolarning yechimini ko’ra olmayotganini, ammo Tokioning Rossiyaga qarshi siyosatini qo’llab-quvvatlashini aytgan.
Har ikki ekspertning aytishicha, Rossiya hozirda Yaponiyaga harbiy tahdid solmaydi. Braunning ta’kidlashicha, “Rus harbiylari bahslarga sabab bo’lgan orollarda bor, biroq ularning roli Rossiya yadroviy suv osti kemalari uchun tayanch sifatida muhim bo'lgan Oxot dengizini himoya qilishdir. U orollarda Xokkaydoga hujum amalga oshirish imkoniyatiga ega emas”.
Bosh vazir Kishidaning joriy yil fevral oyida tinchlik shartnomasi bo’yicha muzokaralarni qayta boshlash haqidagi chaqirig’iga qaramay, yaqin kelajakda bu borada biror siljish bo’lishi kutilmayapti.
"Kishida Rossiyaga nisbatan diplomatik xayrixohlik ko'rsatmoqda, ammo bunga munosib javob kutmayapti. Ikki davlat o'rtasidagi manfaatlar bo'shlig'ini to'ldirish uchun imkoniyat juda oz", - deydi Ivashita.
“Rossiyaning Yaponiyaga bosimi “hech qanday natijaga olib kelmaydi”, - deya qo’shimcha qiladi u.