Parlament saylovlari davom etayotgan Hindistonda Bosh vazir Narendra Modining musulmonlarga qarshi bayonotlari bahs-munozara mavzusi bo’lib kelmoqda.
AQShda asoslangan “Hindutva Watch” tashkilotining qayd etishicha, ovoz berish 19-aprelda boshlanganidan buyon Modining “Bxaratiya Janata” partiyasi (BJP) yuzlab yig’inlar o’tkazgan, ularda partiya “yulduzlari”, jumladan ichki ishlar va mudoaa vazirlari musulmon aholini kamsituvchi bayonotlar qilishgan.
Tashkilot nomidagi “Hindutva” so’zi hindu millatchilik mafkurasiga ishora qiladi.
Parlament saylovlari 1-iyungacha davom etadi va natijalar 4-iyunda e’lon qilinadi. Koalitsiya bo’lib birlashgan muxolif partiyalar Modining uchinchi muddatga saylanishini bartaraf etish uchun kurashmoqda.
Modining agar Kongress partiyasi hokimiyatga kelsa, Hindiston boyliklari “kelgindilar” va “ko’proq farzand ko’radiganlar” o’rtasida taqsimlanadi, degan so’zlari kuchli tanqidlarga sabab bo’ldi.
Buni ham ko'ring Hindistonda saylov: Bosh vazir nazarida musulmonlar "kelgindi"“Kelgindi” so’zini ko’pincha o’ng qanot hind millatchilari Hindistondagi 200 million musulmonni begona sifatida tasvirlash uchun qo’llaydi. Kongress partiyasi bosh vazir va BJP aholi orasida nafrat urug’ini sochayapti, deya Saylov komissiyasiga shikoyat qilgan.
Kashmirlik jurnalist Raqib Hamid Naik 2021-yilda ochgan “Hindutva Watch” tashkiloti Hindistonda nafratga asoslangan bayonotlar va jinoyatlarni xatlab boradi, u to’plagan ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida tez-tez tilga olinadi.
“Musulmon ozchilik bu darajada nishonga olingan, nafrat qo’zg’atuvchi saylov kampaniyasini ilgari hech ko’rmaganman”, - deydi Naik.
Dehlidagi BJP idorasi va Hindistonning Vashingtondagi elchixonasi “Amerika Ovozi” elektron pochta orqali yo’llagan savollarni javobsiz qoldirdi.
Yaqinda Bosh vazir Narendra Modi mahalliy telekanal bilan suhbatda “musulmonlarning ko’proq farzandi bor” deb aytmaganman, dedi.
“Hindu yoki musulmon haqida gapirmadim. Qurbingiz yetadigan darajada farzand ko’ring deganman. Hukumat bolalaringizga g’amxo’rlik qilishi kerak bo’lgan vaziyat yuzaga kelishiga yo’l qo’ymang. Odamlarni musulmon va hinduga ajratmayman, va’dam shu”, - deydi Modi.
Ammo bosh vazir bu va’dani bergan kuni tarafdorlari bilan yig’in o’tkazib, “jihodiy mafkuraga ega kelgindilar oppozitsiyadan yordam olib, opa-singillarimizni xavf ostiga qo’ymoqda”, deya bong urdi.
“Hindutva Watch” tashkilotiga ko’ra, Modi Kongress partiyasi milliy boylikni musulmonlar orasida taqsimlaydi, ularga ozchilik kvotalarini beradi, deyishdan to’xtagani yo’q.
Vashingtondagi Karnegi jamg’armasida Janubiy Osiyo dasturi direktori Milan Vaishnavga ko’ra, musulmonlarga qarshi ritorika BJP tarafdorlarini mobilizatsiya qilish strategiyasining ajralmas qismidir.
Modining partiyasi, deydi u, ikki asosiy maqsadni ko’zlaydi: qashshoq qatlamning ahvolini yaxshilash va hindu davlatini yaratish.
Buni ham ko'ring Hindiston: din, millatchilik va siyosat“Yer jihodi”, “muhabbat jihodi”
Saylovchilarni o’ziga jalb qilish uchun BJP nomzodlari va hindu millatchilar musulmonlar to’g’risida turli fitna nazariyalardan foydalanadi.
Shulardan biri “yer jihodi”, ya’ni go’yo musulmonlar jamoat yerlarini egallab olmoqda. “Muhabbat jihodi” deb nomlanuvchi fitna nazariyasiga ko’ra esa musulmon erkaklar hindu ayollarga uylanib, Hindistonni musulmon davlatga aylantirmoqchi.
Jihod mavsuzi, deya kuzatadi “Hindutva Watch” tashkiloti, saylov kampaniyasida tez-tez tilga olinadi. 15-may kuni o’tgan yig’inda mustaqil nomzod Sanjay Sharma “agar uyg’onmasak, jihodiy mafkura tarqalishda davom etadi”, deya jar solgan.
“Sigir so’yishni, “muhabbat jihodi”ni to’xtatmoqchi bo’lsangiz, menga ovoz bering”, - degan Sharma.
Qaysidir ma’noda, BJP nomzodlari qo’llayotgan ritorika odatiy siyosiy strategiyadir. Siyosatchilar o’z tarafdorlarini bo’rttirilgan da’volar va qo’rquv orqali saylovga chorlaydi.
“AQShda Vakillar palatasi va Senatga nomzodlar saylovoldi tashviqotida nimalar deyayotganiga, ijtimoiy tarmoqlarda respublikachilar nimalarni tvit qilayotganiga e’tibor bering”, - deydi Vaishnav.
Hindistonlik jurnalist Ajit Sahiga ko’ra, gap faqat ritorikada emas.
“Faqat ritorika bo’lsa, ehtimol bunga toqat qilsa bo’lardi. Ammo buning ortida uyushgan, yaxshi moliyalashtirilgan va keng miqyosli harakat turibdi”.