AQShda mahalliy media – gazeta va jurnallar – tobora kamayib bormoqda, hatto poytaxt va uning atrofida ham. Vashingtonga qo’shni Merilend shtatida yuqori sinf o’quvchilari bir nashrga asos solgan.
Volter Jonson nomli maktabning o’z tahririyati bor. Maktab Merilend shtatining Montgomeri tumanida. Bu hudud – Amerikaning eng boy qismlaridan, ammo gazeta va jurnallar bu yerda ham barmoq bilan sanoqli qoldi xolos.
“Odamlar mahalliy matbuotga o’rgangan edi, endi esa ular kamaygan”, - deydi Seyun Park, o’quvchi.
20 yil oldin tumanda sakkizta gazeta bor edi. Hammasi yopilib ketdi.
Bittasi qolgan – “Sentinel”. 1855-yildan beri chiqadi. Pandemiya davrida qiynalib qoldi. 2022-yildan beri qog’ozda chop etilmaydi, faqat elektron shaklda.
Uni yuritishda esa ko’ngilli iste’dodlarga tayanishmoqda – yuqori sinf o’quvchilari. Mahalliy xabarchilar endi ular.
Your browser doesn’t support HTML5
O’quvchilarni xom deb o’ylamang, deydi muharrirlar, ularning tishi hamma mavzularga o’tadi. Mavzularni o’zlari taklif qilishadi va ular faqat maktablar yoki ta’lim haqida emas.
Yoritilayotgan masalalar ular hayoti bilan ham bog’liq albatta, masalan irqchilik, tirikchilik, iqtisod, sport … Bu o’quvchilar qiziqmagan soha yo’q.
“Jurnalistikaning kelajagi qanday bo’ladi, bu mavhum. Lekin yoshlar uning qanday bo’lishini belgilashda muhim rol o’ynaydi”, - deydi Mira Halper, o’quvchi muxbir.
Mira kabi yoshlarning maqolalari oldin “The Pitch” degan nashrda chop etiladi. “Sentinel” o’ziga ma’qul topganlarini keyin o’z sahifalarida chiqaradi.
“Dastlabki nashr o’quvchilar uchun birinchi pog’ona. Kattaroq gazeta ularni olayaptimi, demak, material rostan ham qiziq va dolzarb. Tahririyat bizdan ruxsat oladi”, - deydi Vendi Borrelli, maslahatchi.
“Biz uchun faxr”, - deydi Mark Kapiloff, “Sentinel” noshiri. “Biz yoshlar orqali yangiliklarni yoritamiz hozir, nafaqat maktab o’quvchilari, balki kollej talabalari ham hissa qo’shmoqda”.
AQSh bo’ylab tumanlarning yarmidan ko’pida hozir mahalliy matbuot son va ko’lam jihatgan kichraygan. Maktablar va universitetlarning nashrlari barhayot ekan, ular media muhitni saqlab turibdi, ya’ni hududdagi yangiliklarni yoritmoqda.
“Noshirlar bizga jiddiy qarab, biz bilan ishlayotgani meni juda quvontiradi. Aslo charchamaymiz”, - deydi Seyun.
Allison Zu – Merilend shtatida yaqinda yilning o’quvchi jurnalisti deya tanlandi. Muntazam maqola beradi.
“Men mahalliy aholi uchun muhim bo’lgan lekin chetda qolib ketayotgan masalalarni ko’tarib chiqaman. Masalan, osiyoliklarga nisbatan salbiy munosabat, ayniqsa pandemiya paytida bunday holat ko’p kuzatildi. Shuningdek, ta’lim maskanlaridagi muammolar, xususan yetishmovchiliklar”, - deydi Allison.
Bu yoshlar hali ovoz bera olmaydi, ammo saylovoldi manzarani kuzatishmoqda.
“Biz yangiliklarni yotirib borishimiz chuqur ahamiyatga ega ekanini bilamiz. Biz mediaga yordamlashayapmiz, kelajakda o’zimiz uchun kerak”, - deydi Seyun.
Bu o’quvchilarning har kungi tashvishlari yoshlariga xos – sport o’yinlari, maktabdagi kechalar, ijtimoiy tarmoqlar. Lekin tahririyatga kelishganida xalq dardini o’rganib, tahlil qilayotgan yosh mutaxassislar.