Urush domiga botgan Putin Sharqdan investitsiya izlamoqda

  • Amerika Ovozi

Sankt-Peterburgda tashkil etilgan xalqaro iqtisodiy forum, Sankt-Peterburg, Rossiya, 2024-yil, 5-iyun.

G‘arbdan uzilib qolgan Rossiya o‘zining ikki trillion dollarlik iqtisodiyotini rivojlantirish uchun Xitoy va Saudiya Arabistoni kabi puldor davlatlarga, shuningdek, Zimbabve va Afg‘oniston kabi uzoq muddatda istiqbolga ega mamlakatlarga ko’z tikmoqda. Sankt-Peterburgdagi investitsiya forumida qatnashgan davlatlar ro’yxati shundan dalolat beradi.

Ukrainadagi urush 1962-yilgi Kuba raketa inqirozidan beri Rossiyaning G‘arb bilan munosabatlariga eng qattiq zarba bergan voqea bo’ldi. G‘arb sanksiyalari esa Rossiyaning yuz yilda bir marta yuz beradigan iqtisodiy inqilobiga turtki bermoqda.

Buyuk Pyotr XVIII asr boshlarida zamonaviy rus davlatiga asos solib, Sankt-Peterburgni poytaxtga aylantirganidan beri, Rossiya hukmdorlari Gʻarbga texnologiya, sarmoya va gʻoyalar manbai sifatida qaraydi.

Biroq 2022-yilda Ukrainaga uyushtirilgan bosqin Prezident Vladimir Putinni G’arbdan tashqaridagi dunyoga, jumladan, Osiyoga yuzlanishga majbur qildi. Kremlga ko‘ra, AQSh va uning Yevropadagi ittifoqchilari iqtisodiy blokada qo’llamoqda.

Biroq G'arb sanksiyalari Rossiya iqtisodiyotiga putur yetkaza olmadi. Aksincha, Moskva yirik mintaqaviy kuchlar bo'lgan Yaqin Sharq, Afrika, Lotin Amerikasi va Xitoy bilan aloqalarini mustahkamladi.

Lekin bu davlatlar Rossiya iqtisodiyotiga qanchalik sarmoya kiritishga tayyor ekanliklari aniq emas. Hozircha ular orasida hech qanday katta bitimlar e'lon qilinmagan.

Rossiya rasmiylari aloqalar endigina boshlanayotganini, G‘arb bilan munosabatlar esa butun bir avlodga barbod bo‘lganini ta’kidladi.

Buni ham ko'ring Rossiya diplomatlari orasida 'kutilmagan o'lim sindromi' kuzatilmoqda

Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining asosiy sessiyasida Boliviya Prezidenti Luis Arse Putinga hamrohlik qilib, 2006-yildan buyon katta davlat sifatida rivojlanayotgan Boliviyaning yangi iqtisodiy modeli bilan bo’lishish va tajriba almashish istagini bildirdi.

“Bizning o‘z iqtisodiy modelimiz bor, biz uni 2006-yildan beri amalga oshirmoqdamiz va biz bu tajribani baham ko‘rmoqchimiz”, - dedi Arse Putinga.

Marosimda Zimbabve prezidenti Emmerson Mnangagva, Saudiya Arabistoni Energetika vaziri, Ummon savdo vaziri hamda Tolibonning yuqori martabali amaldori kabi yana 45 nafar xorijiy rasmiylar ishtirok etdi.

Rossiyaning Zimbabve bilan savdosi Yevropa Ittifoqi bilan solishtirganda juda kichik. 2023-yilda Zimbabye bilan savdo atigi 168 million dollarni tashkil etgan bo’lsa, Yevropa Ittifoqi bilan 2022-yilda, Ukraina urushidan bir yil oldingi savdosi 300 milliard dollarni tashkil etgan.

Bir paytlar Rossiyaning ulkan mineral boyliklarini va Yevropaning eng yirik iste'mol bozorlaridan birini qo'lga kiritish uchun oqib kelgan G'arb investorlari va investitsiya bankirlari forumni tark etishgan. “Reuters” xabariga ko’ra, forumda G'arbning yirik kompaniyalari ko’rinmagan.

Qudratli davlatdagi boshboshdoqlikdan foydalanib, 1990-yillarda boylik orttirgan rus oligarxlari ham qulayotgan mamlakatni sezilarli darajada tark etgan.

Putin hukumati Sovuq urush davridagi josuslar va ular atrofidagi texnokratlar tomonidan boshqariladi.

Buni ham ko'ring AQSh Rossiya yaxtasini Ukraina hisobiga musodara qilmoqchi

Xitoy ajdarhosi

Forumda Sberbank, VTB va VEB kabi davlat nazoratidagi banklar, shuningdek, Gazprom-Neft va Novatek kabi xom-ashyo gigantlari bilan bir qatorda Rossiya viloyatlari va vazirliklari ham qatnashdi.

Hamkorlik belgisi sifatida Alfa Bankning stendida xitoycha belgilar bilan bezatilgan shishirilgan ulkan Xitoy ajdahosi va “Alfa - Xitoy bilan hamkorlik uchun eng yaxshi bank" degan yozuv osib qo’yildi.

Forumda Xitoyning hashamatli avtomobil brendi “Hongqi” zirhli mashinalarini namoyish etdi. Hali ham rasmiy ravishda Rossiyada taqiqlangan Tolibon delegatsiyasi ham ko’rgazmalarni ko'zdan kechirdi. Tolibonning ilk a’zolari 1980-yillarda AQSh yordamida Sovet kuchlariga qarshi kurashgan jangchilardan tashkil topgan edi.

Forum mavzusi: “Ko'p qutbli dunyoning asosi – yangi o'sish nuqtalarini shakllantirishdir”.

Rossiya iqtisodiyoti shiddatli g‘arb sanksiyalari oldida chidamliligini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, mudofaa xarajatlarining ortishi natijasida narxlar oshib bormoqda.

Dollar bilan hisoblanganda, iqtisodiyot o'n yil avvalgidek hajmda. Putin G'arb bilan iqtisodiy urush holatiga tushib qolgan, G’arbning moliyaviy qudrati nominal yalpi ichki mahsulot (YIM) asosida Rossiyanikidan kamida 25 baravar katta.

“G’arb dunyodagi davlatlarning muhim bir qismi bo’lsa ham, ozchilikni tashkil etadi va u o’zini boshqalardan ajratib qo’ymoqda. Dunyoning barcha davlatlari bilan hamkorlik qilish samaraliroq”, - dedi Nigeriyadan kelgan rasmiy Nebeolisa Anako.

Afrika va Yaqin Sharqdan kelgan rasmiylar bu so'zlarni qo’llab-quvvatladi.

Buni ham ko'ring Putin G’arb davlatlarini ogohlantirmoqda

Saudiya Arabistoni Energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon forumda Putinning energetika bo'yicha vakili, Bosh vazir o'rinbosari Aleksandr Novak bilan uchrashdi.

Novakning ta'kidlashicha, neft eksportining katta qismi "hamkor mamlakatlar"ga qilingan va uning 70 foizga yaqini milliy valyutalarda to'langan.

“Shu yil biz hamkor mamlakatlarga to’rt oy ichida neft va neft mahsulotlarining allaqachon 95 foizini yetkazib bermoqdamiz”, - dedi Novak.