Qo’shma Shtatlar “Islomiy davlat” (IShID) terror guruhiga qarshi kurash doirasida va Turkiya bilan hamkorlikda to’rt shaxsni terrorchilar ro’yxatiga qo’shdi.
AQSh Davlat departamenti va Moliya vazirligi tarqatgan press-relizda quyidagi ma’lumotlar keltirilgan:
- Muhammadyusuf Alisher O’g’li Mirzoyev - o’zbekistonlik, 1996-yilda tug’ilgan. 2023-yilda IShID a’zolarini harbiy tayyorgarlikdan o’tkazuvchi lagerni tashkillashtirishda ishtirok etgan.
- Muhammad Ibrohimjon Niyozov - o’zbekistonlik, 1998-yilda tug’ilgan, IShIDga aloqador kontrabanda tarmog’i a’zosi. U Turkiyadagi IShID a’zolariga ma’muriy va logistik yordam ko’rsatgan.
- Olimxon Mahmudjon O’g’li Ismoilov – o’zbekistonlik, 1996-yilda tug’ilgan, IShID a’zosi. Odam kontrabandasi bilan shug’ullanadi.
- Adam Xamirzayev – Rossiya fuqarosi, 1985-yilda tug’ilgan. U Adam Oliferchik, Andrey Guzun va Adam Abu Darrar al-Shishani degan taxalluslardan ham foydalanadi. Xamirzayev IShIDning Gruziyadagi amiri deya ta’riflanmoqda.
Qora ro’yxatga qo’shilgan bu shaxslarning AQShdagi har qanday mulklari va aktivlari bloklangan, Amerika fuqarolariga ular bilan biznes yuritish taqiqlanadi.
“Sanksiyalangan bu shaxslar endi AQShda ham, Turkiyada ham moliyaviy operatsiyalarni amalga oshira olmaydi, ularning har ikki davlatdagi mablag’lari muzlatiladi”, - deya bildiradi Davlat departamenti.
Tojikistonliklar hibsda
AQShning “NBC” telekanaliga ko’ra, Nyu-York, Filadelfiya va Los-Anjeles shaharlarida o’tkazilgan reydlarda IShIDga aloqadorlikda gumon qilinayotgan sakkiz nafar tojikistonlik hibsga olingan.
Ulardan ikki nafari 2023-yilning bahorida AQShning janubiy chegarasini kesib o’tgan. Biri Amerikaga kirish uchun “CBP One” mobil ilovasidan foydalangan.
Xabarga ko’ra, AQSh Federal tergov byurosining terrorizm bo’limi tojikistonliklar Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) tomonidan hibsga olinishidan oldin ularni bir necha oy davomida kuzatgan.
Ularning ishini, jumladan deportatsiya masalasini immigratsiya sudi ko’rib chiqadi, terrorizm bo’yicha ayblovlar ham qo’yilishi kutilyapti.