2016-yilda Donald Tramp prezidentlik uchun kurashda "radikal islomiy terrorizm" degan so'zlarni tinmay tilga olgan edi. Bu safargi poygada esa undan bu kalimalarni deyarli eshitmaysiz.
Yaqinda Rossiyada cherkov, sinagoga va politsiya idorasiga hujumlar ketidan ko'plar Trampdan yana yuqoridagi so'zlarni kutgan edi, ammo respublikachi nomzod jim. Xurujlarda jamida 20 kishi o'lgan.
Ikki sabab bo'lishi mumkin, deydi mutaxassislar: saylovchida terrorizmga e'tibor tushgan va Tramp musulmon amerikaliklarning ovoziga muhtoj.
Brayan Levin - ekstremizm masalalari bo'yicha tadqiqotchi. Uning tahlilicha, Tramp mafkura ketidagi odam emas, aksincha imkoniyatdan foydalanib qolishga urinib tanilgan.
"Sakkiz yil oldin saylovchi uchun ekstremizmga qarshi kurash yuqori o'rinda edi. Tramp o'shanda terrorizmga osilgan edi. Bugun esa ahamiyat asosan iqtisod, demokratiya, jinoyatlar va chegaradagi vaziyatda", - deydi Levin.
Prezident Jo Bayden o'zini demokratiya himoyachisi sifatida targ'ib qilmoqda. Trampni u demokratiya dushmani deya tasvirlaydi.
Yaqin Sharqdagi urushdan va AQSh Isroilni quvvatlashidan norozi musulmonlar Trampga og'ishi mumkin.
Adolat va siyosat masalalari bo'yicha ekspert Gabriyel Rubin fikricha, respublikachi nomzod aynan shuning payida. Ayrim shtatlarda musulmonlarning ovozi hal qiluvchi kuchga ega.
"Tramp "radikal islomiy terrorizm" demaslikdan manfaatdor, chunki qator shtatlarda buning evaziga salmoqli ovoz olishi mumkin", - deydi Rubin.
Xalqaro terrorizm xavfi aslida pasaymagan. AQSh hukumati Kongressga bergan hisobotlarida qonli xurujlar tahdidi xususida ogohlantirib keladi.
Lekin ommaviy so'rovlarda amerikaliklar bu xavfni 2015-2016 yillardagi kabi yuqori darajaga qo'ymaydi.
Sakkiz yil oldin Tramp musulmonlarni Amerika yuz o'girishi kerak bo'lgan tomon sifatida tasvirlar edi. Tarafdorlari buni olqishlagan edi.
"Amerika Ovozi" bu masala yuzasidan savollar bilan murojaat qilganida, na Tramp kampaniyasi, na Bayden kampaniyasi javob berdi.
Bayden ham bu jihatdan ancha ehtiyotkor bo'lib qolgani kuzatiladi. 2000-yillardagi "terrorga qarshi urush" iborasi endi deyarli muomalada emas.
Demokrat rahbar Amerika musulmonlarga ochiqligini aytadi, ularni qadrlashini aytib keladi.
Oq uy Bayden davrida mahalliy terrorizmni e'tirof eta boshladi. Yaqin Sharqdagi qonli jarayonlarni ham u islomga bog'lamaydi.
Bayden deydiki, bu mojarodan musulmonlar va arablar anduhda. U Amerikada islomofobiyaga qarshi chora ko'rishi kerak, deb hisoblaydi.
Tramp prezidentligining birinchi ikki yilida musulmonlar va terrorizm haqida ko'p gapirgan bo'lsa, qolgan qismida noqonuniy immigrantlarni ko'proq qoralagan.
Qanchalik tiyilmasin, yaqinda u bir va'dasini baralla qayd etdi: qator musulmon mamlakatlarning fuqarolarini AQShg kiritmaslikni.
"Bizdan nafratlanadigan odamlarni yurtimizga qo'ymasligimiz kerak. Bizni sevadigan odamlar kelsin", - dedi u.
Trampning tarafdorlari uni so'zlari emas, ishlariga qarab baho berishga undaydi.
Ayrim saylovchilar taxminicha, bu safar Trampga oldingiga qaraganda ko'proq musulmon ovoz berishi mumkin.
Lekin ular ham Tramp ayrim musulmon davlatlarning fuqarolariga eshikni yopishi mumkinligiga ishonadi.