Har yili Xitoy hukumati xorijdagi propaganda uchun milliardlab mablag' sarflaydi va shu kungacha bu sa'y-harakatlar asosan markaziy hukumat bo'limlari va davlat ommaviy axborot vositalari tomonidan olib borilgan. Endi esa bu ishga mahalliy shaharlar ham qo'shilmoqda va mustaqil tadqiqot guruhi “China Media Project” yaqinda Xitoyning shahar va viloyatlari darajasida kamida 23 ta mahalliy targ'ibot markazlarini aniqladi.
Xitoylik mutaxassislar bu qadamni mantiqli deb bilishadi, chunki Pekin inson huquqlari bilan bog'liq jiddiy muammolar bilan yulashayotgan paytda bu harakat resurslarni tejash va bayonotlarni kengroq yoyish imkonini beradi.
“Muloqot uchun kurash barchaning ishtirokini talab qiladi”, - deydi Nottingem Universitetining Xitoy bo'yicha mutaxassisi Jonathan Sullivan.
Sullivanning so'zlariga ko'ra, “Xitoy har bir sohada — institutsional, moliyaviy va inson resurslarida o'z salohiyatini kurashga safarbar qiladi, shuning uchun Pekinning targ'ibot bilan shug'ullanayotgani odatiy hol”.
Markazlar butun mamlakat bo'ylab paydo bo'lmoqda, so'nggisi 7-iyun kuni Xitoy shimoli-sharqidagi Tyanszin shahrida Tyanszin xalqaro kommunikatsiya markazi sifatida ochildi.
Buni ham ko'ring Xitoyda uyg'ur qishloqlarining nomi o'zgartirilmoqdaShahar davlat gazetasi “Tianjin Daily” xabariga ko'ra, yangi markaz “tashqi dunyoga jonli Tyanszinni namoyish qilish uchun linzalar va qalamlardan foydalanadi” va “mamlakatning umumiy xalq diplomatiyasiga xizmat qiladi”.
2023-yildan boshlab, mahalliy darajada global targ'ibot markazlarining tarqalishi tez sur’atlarda kengaya boshladi. 2023-yil 3-iyulda Shenchjenda Xalqaro kommunikatsiya markazi tashkil etildi. Bir necha kundan so'ng, 12-iyulda, sharqiy Jiangsu viloyatida Jiangsu Xalqaro kommunikatsiya markazi ochildi.
2023-yil oktabr oyida Shanxaydagi targ’ibot markazlari qatoriga “Shanxay imidji uchun video oyna” deb nomlangan shahar darajasidagi tashqi aloqa bazasi qo'shildi.
2024-yil 6-yanvarda shimoliy Xebey viloyati o‘zining Buyuk Devor Xalqaro Aloqa Markazini e’lon qildi. Shu oydan boshlab, Xitoy 23 ta viloyat darajasidagi tashqi aloqa markazlarini tashkil etdi. Ularga Xitoy mujdasini yetkazish bo’yicha yondashuvni o'zgartirish vazifasi yuklangan.
Linkoln universiteti xalq diplomatiyasi professori Gari Rounslining aytishicha, bu viloyat darajasidagi markazlar - Xitoy barcha xorijliklarga bir xil tashviqot olib bora olmasligini tushuna boshlaganidan dalolat beradi.
“Menimcha, bu aqlli va strategik qadam, chunki bu Xitoyning o'z xabarlarini muayyan auditoriyaga moslashtirish zaruriyatini tushunayotganini ko'rsatadi, - deydi u. - Ba'zi markazlar faoliyatini kuzatganimizda, ular qo'shni mamlakatlardagi odamlarning ehtiyojlari va qiziqishlariga juda moslashtirilganini ko'ramiz”.
O'z auditoriyasi uchun mo'ljallangan
Xitoy Kommunistik partiyasining yetakchi rasmiy nazariy nashri - “Qiushi” jurnalidagi maqolada aytilishicha, markazlar “mahalliy tashviqot ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan” va Xitoydagi mahalliy propaganda uchun “yangi kuch”ga aylanadi.
Buni ham ko'ring Shanxay hamkorlik tashkiloti global tinchlik tashabbusi bilan chiqmoqdaJiangsu Xalqaro kommunikatsiya markazi Xitoyda bloklangan asosiy ijtimoiy platformalarda, jumladan, ilgari “Twitter” nomi bilan tanilgan “X”, “Facebook”, “Instagram” va “YouTube”da yetti tilda faol akkauntlarga ega.
Xubey aloqa markazi direktori mahalliy gazetaga ma’lum qilishicha, markaz ijtimoiy media akkauntlaridan to‘liq foydalanishdan tashqari, kontentni o‘z auditoriyasiga moslashtirishda “bir joy uchun bir siyosat” yondashuvini qo‘llagan.
“Masalan, Braziliya va Argentina uchun e’tiborimizni futbol dasturlariga, Janubi-Sharqiy Osiyo va Italiya uchun esa oshpazlik shoulariga qaratamiz”, - dedi markaz direktori Chao Xiqing.
Markazlarning hammasi ham o’tgan yili tashkil etilmagan.
Myanma, Laos va Vetnam bilan chegaradosh Xitoyning Yunnan provinsiyasi 2022-yil 31-may kuni Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo media tarmog‘ini tuzdi. Yunnan hukumati axborot idorasining aytishicha, bu “mamlakatning Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo auditoriyasi uchun maxsus ishlab chiqilgan yagona xalqaro aloqa markazidir”.
Hududiy tarmoq birma, tay, kambodja va laos tillarida jurnallar nashr etadi. Ijtimoiy tarmoqlarda o'z kontentini tarqatishdan tashqari, u birma, laos, tay, kxmer, ingliz, vetnam va xitoy tillarida veb-sahifalarga ham ega.
Hokimiyatning nozik ta'siri
Mahalliy markazlar Xitoyning kuchsiz tarafiga e'tibor qaratmoqda. Linkoln Universitetidan Ronslining aytishicha, bu qasddan qilingan.
“Markaziy darajada ular koʻproq siyosiy dasturlash uslubiga oʻtayotganga oʻxshaydi va bu mintaqaviy markazlarga oʻz dasturlarini muayyan auditoriya uchun moslab, madaniyat, turizm va tarixga koʻproq eʼtibor qaratishga imkon beradi”, - dedi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Buni ham ko'ring Xorijdagi uyg'ur jurnalistining vatandagi tanishlari hisbga olindi“Amerika Ovozi” Henan Xalqaro kommunikatsiya markazining yaqinda joylangan tvitlarini o'rganib chiqdi va unda Chjenchjou poytaxtining tungi manzaralari, Xitoy tibbiyotini o'rganuvchi chet elliklar, Henan operasi va Shaolin kung-fusi kabi mavzularni topdi. Henan markazi, shuningdek, Pekinning ulkan global infratuzilma loyihasi haqida “Bir kamar, bir yo'l” nomli reklama videosini chiqardi.
Bu markazlarda turli tadbirlar ham o'tkaziladi. Misol uchun, Xubey markazi 2023-yil may oyida “Xitoy Kommunistik partiyasining hikoyasi” deb nomlangan tadbir o'tkazdi va chet elliklarni Xitoyga XKP tarixini o'rganishga taklif qildi.
Rounslining aytishicha, bu mintaqaviy markazlarning barcha harakatlari to'liq avtonom emasligini ta'kidlaydi.
“Hamma narsa Pekinda belgilangan maxsus ko'rsatmalarga muvofiq bo'ladi”, - dedi u.
Cheklangan ta’sir
Tez shakllanganiga qaramay, ushbu markazlar katta traffik jalb qila olgani yo’q. 2022-yil noyabr oyida “X”ga qo'shilgan Henan markazi hozirda 19 000 obunachiga ega. 2022-yil aprel oyida yaratilgan Jinan akkaunti esa taxminan 55 000 obunachiga ega.
Xitoy o'zining tashqi targ'ibotiga katta resurslarni yo'naltirdi, ammo oxirgi yillarda, ayniqsa, 2020-yilgi koronavirus pandemiyasidan so'ng, odamlarning Xitoyga bo'lgan munosabati yomonlashdi.
“Pew Research Center” tomonidan may oyida o'tkazilgan so'rov natijalariga ko'ra, amerikaliklarning 81 foizi Xitoyga nisbatan salbiy fikrda, jumladan, 43 foizi mamlakatga nisbatan juda salbiy nuqtai nazarga ega.
“Pew”ning 2022-yilda o‘tkazgan so‘rov natijalari shuni ko‘rsatdiki, 19 ta mamlakatdan qatnashgan respondentlarning 68 foizi Pekin haqida salbiy fikrda. Tadqiqot tashkiloti ushbu noxush fikrlar Xitoyning inson huquqlari bo'yicha siyosatiga oid xavotirlar bilan bog'liqligini aniqladi.
Xitoy Shinjon, Tibet va Gonkongdagi qatag’on siyosati, shuningdek, Xitoy bo'lginchi viloyat deb da'vo qilayotgan o'zini o'zi boshqaruvchi Tayvan oroliga nisbatan tajovuzkorligi uchun qattiq tanqidga uchragan. XKP rahbariyati bu ayblovlarning barchasini rad etadi.
“Xitoy tobora ko'proq platformalar qo'shishda davom etmoqda, ammo bu odamlarning Xitoy Ichida bo’layotgan voqealar haqidagi fikrini o’zgartirmaydi”, - deydi Rounsli.