Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro Bolalar Favqulodda Jamg'armasi (UNICEF) fikricha, Ukrainadagi bolalar Rossiya bosqini tufayli “tortib olingan va ostin-ustun bo’lgan hayotlari” uchun hamon tovon to'lashda davom etmoqda.
UNICEF urush mamlakatdagi 7,5 million bolaga halokatli ta'sir ko'rsatganini ta'kidladi. BMT tashkilotiga ko’ra, may oyi holatiga ko'ra 2000 ga yaqin bola yaralangan yoki halok bo'lgan.
Ukrainalik ko’plab bolalar majburan Rossiyaga deportatsiya qilinib, u yerda qayta tarbiyalanmoqda. AQSh Davlat departamenti buni Moskvaning "Ukrainaning o‘ziga xosligi, tarixi va madaniyatini yo’qotishga qaratilgan tizimli harakatlari" deb ta'rifladi.
Ukraina hisob-kitobiga ko'ra, Rossiya 26-iyul holatiga ko'ra deyarli 20 000 ukrainalik bolani deportatsiya qilgan yoki majburan ko'chirgan.
2023-yilning iyul oyida Rossiyaning bolalar huquqlari bo'yicha vakili Mariya Lvova-Belova Moskva 2022 -yil fevral oyida Ukrainaga keng ko'lamli bosqin boshlaganidan beri 700 000 ga yaqin ukrainalik bola Rossiyaga kirganini aytgan edi.
Your browser doesn’t support HTML5
Xalqaro jinoiy sud Mariya Lvova-Belova va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni Ukrainadagi bosib olingan hududlardan ukrainalik bolalarni Rossiyaga deportatsiya qilgani uchun harbiy jinoyatda aybladi.
Moskva bu ayblovlarni “aks ayblov” deb nomlanuvchi propaganda usulidan foydalanib rad etishga urindi; bunda tajovuzkor o‘z qurbonini o‘zi sodir etgan yoki rejalashtirgan jinoyatlarda ayblaydi.
Kreml, shuningdek, Ukraina hukumati va harbiy kuchlarini o'z farzandlarining huquqlarini qo'pol ravishda buzayotganlikda ayblab, asossiz fitna nazariyalarini tarqatdi.
Yaqinda Rossiya davlat axborot agentligi “RIA Novosti” Ukraina nazoratidagi hududdan evakuatsiya qilingan deb tasvirlangan noma'lum erkak bilan intervyuni chop etdi.
Erkakning aytishicha, Ukraina Milliy politsiyasining old chiziqdagi hududlardan odamlarni evakuatsiya qilishda yordam beradigan maxsus bo‘linmasi - "Oq farishtalar" mintaqadan bolalarni olib ketgan bir nechta holatlar bo‘lgan. U mahalliy aholi so’zlariga tayanib, Ukraina harbiylari va "Oq farishtalar" bu bolalarni "ularning organlarini olish" yoki "pedofillarga topshirish" uchun olib ketgan deb taxmin qilgan.
Intervyu bergan kishi ham, “RIA Novosti” ham o‘z ayblovlarini tasdiqlovchi hech qanday dalil keltirmagan yoki jabrlanganlarning ismlarini ko‘rsatmagan.
Your browser doesn’t support HTML5
Bu da'volar Putin va Lvova-Belova Ukrainalik bolalarni o‘g‘irlash bilan bog‘liq harbiy jinoyatlar ayblovlariga duch kelayotgan bir paytda, e'tiborni chalg'itish uchun davlat tomonidan qo‘llanadigan sa'y-harakatlarga mos keladi.
Bu sa’y-harakatlarda Rossiya parlamenti spikeri o‘rinbosari, “Kiyev rejimi tomonidan voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish bo‘yicha parlament komissiyasi” hamraisi Anna Kuznetsova muhim rol o‘yngan.
O'tgan yili Kuznetsova Ukraina hukumati va “Oq farishtalar” bo’linmasini bolalarni jinsiy qullikka sotishda yoki ularning organlarini yig'ib olishga yordam berishda ayblagan edi.
Kuznetsova “Oq farishtalar”ni, guruh odamlarni o‘z xohishiga qarshi olib ketmasa ham, “professional o‘g‘rilar” deb atagan edi.
Kuznetsova hech qanday dalilsiz, bolalar organlari savdosi Ukraina iqtisodiyotining 7 foizini tashkil etadi, deya da'vo qilishgacha bordi.
Kuznetsova bu ayblovlarni 2023-yilning iyun oyida Xalqaro Jinoiy sud Putin va Lvova-Belovalarni hibsga olish uchun order berganidan keyin, taxminan uch oy o‘tib chop etilgan hisobotida bayon qilgan.
Bolalar haqida yolg'on da'volardan tashqari, Rossiya 2014-yilda qo'shni mamlakatning sharqiy hududlariga birinchi marta bostirib kirganidan beri, Ukrainada organlar savdosi haqida bir necha bor yolg'on va asossiz xabarlarni tarqatib kelgan.
2019-yilda Rossiya ommaviy axborot vositalari Donetskdagi obyektlarda “maxsus tibbiy guruh” askarlardan organlarni olib, Yevropaga eksport qilish bilan shug‘ullanganini da’vo qilgan edi.
“Amerika Ovozi” Rossiya ommaviy axborot vositalari da'vo qilganidek, Kramatorsk va Severodonetsk shaharlaridagi organlar olinishi aytilgan tibbiyot markazlari mavjud emasligini aniqladi.
2022-yil fevral oyida Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng, Rossiya bu da’voni qayta yangiladi va hech qanday asosga ega bo‘lmagan holda Ukraina “Qizil Xoch Jamiyati”ni noqonuniy amaliyotlarda aybladi.
Buni ham ko'ring Ukraina Rossiyaga olib ketilgan bolalar taqdiridan xavotirdaHalok bo‘lgan ukrainalik askarlarning oilalari esa o‘z navbatida, Rossiya tomonidan qaytarilgan harbiylarning jasadlari ichki organlarsiz bo‘lganini va ularda qiynoqlar izlari borligini aytishdi.
Agar bunday harakatlar mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlansa, ular harbiy jinoyatlar sifatida ko‘riladi.
Rossiya 2014-yilda Ukrainaga birinchi marta bostirib kirganidan beri, Moskva o‘zini ukrainalik bolalarning himoyachisi sifatida ko‘rsatishga urinib kelmoqda va asossiz ravishda Ukraina kuchlarini o‘z bolalarini ta'qib qilishda va boshqa yo‘llar bilan ekspluatatsiya qilishda ayblab kelmoqda.
Bunga 2014-yilda Ukraina armiyasi sharqiy Ukraina shahri Slavyanskda uch yoshli bolani ommaviy ravishda xochga mixlagani haqidagi keng miqyosda fosh qilingan yolg’on misol bo’la oladi. Bu voqeani Rossiyaning davlat ommaviy axborot vositalari tarqatgan edi.
Moskva, shuningdek, o‘z hujumlaridan jabrlangan ukrainaliklarni, jumladan, 2022 yilda Rossiyaning Mariupoldagi tug‘ruqxonaga qilgan havo hujumi natijasida yaralangan homilador ayolni ham, noto‘g‘ri ravishda, inqiroz ishtirokchilari sifatida ayblagan.
Aksincha, mavjud ma'lumotlar shuni ko'rsatadiki, Rossiya Ukraina haqida dezinformatsiya tarqatish uchun aktyorlar va ishonchsiz guvohlardan foydalangan.