Markaziy saylov komissiyasi O’zbekistonda mavjud beshta partiyaning hammasiga parlament saylovida qatnashish ruxsatini berdi.
Qonunchilikka ko’ra, partiyalar aholidan ma’lum miqdorda imzolar to’plashi ortidan saylovga qo’yiladi. Komissiya har bir partiya 40 ming atrofida imzo to’plagani, imzolar ekspertlar guruhi tomonidan tekshirilgani, ular haqiqy topilib, partiyalarning saylovda qatnashishga ijozat berilganini ma’lum qildi.
Partiyalar bu imzolarni jamoatchilik saylovlarga mutlaqo befarq qolayotgan manzarada to’plashga erishgani ham diqqatli. Saylov 27-oktabrga belgilangan, Oliy Majlis, mahalliy kengashlarga deputatlar saylanadi.
O’zbekistondagi siyosiy maydon Karimov davrida qanday bo’lsa shundayligicha qoldi. Shavkat Mirziyoyev siyosiy islohotlar o’tkazmadi. Saylovlar mamlakat aholisiga tanlov imkoniyatini beruvchi emas, hokimiyatni uzaytirish vositasi sifatida qolmoqda.
Mamlakat mustaqilligining 30 yillik tajribasidan kelib chiqilsa, prezident va parlament saylovlari siyosiy kuchlar yangilanishi, o’zgarishi yoki siyosiy raqobatni aks ettirmaydi. O’zbekiston misolida saylovlar amaldagi hokimiyatni qayta legitimlashga bo’ysundirilgan.
Buni ham ko'ring Xalqaro tashkilotlar Mirziyoyevni O'zbekiston ochiq turishini ta'minlashga undamoqdaKutilayotgan parlament saylovlari ham bundan mustasno emas.
Parlamentga saylanishiga ijozat etilgan siyosiy partiyalar va ularning yetakchilari Prezident Mirziyoyevning uchinchi muddatga saylanishiga ko’maklashgan, qo’llab-quvvatlagan, “muqobil nomzodlar” rolini bajarib bergan siyosiy kuchlardir.
Ular Mirziyoyev siyosatini qo’llab-quvvatlashda yakdil. Muqobil nomzod sifatida prezidentlik saylovida qatnashgan bu partiyalar yetakchilari buni inkor qilishmaydi ham.
Parlament saylovlari boshlanar ekan, partiyalarning o’zaro muxolifligiga doir bayonotlarni kutish mumkin. Har holda mamlakatning so’nggi 30 yildagi tajribasi shundan darak beradi.
Saylov kampaniyasi davomida partiyalar o’zaro muxolifatda ekanliklariga doir da’volar, tanqidlar bilan chiqishadi, prezident, hukumat siyosatiga daxl qilmasdan, ayrim muammolar yuzasidan bahsga kirishishadi.
Kutilayotgan saylov avvalgilaridan faqat texnik jihatlar bilan farq qiladi deyish mumkin, xususan “e-saylov” tizimini ishga tushirilishi bilan.
Markaziy saylov komissiyasiga ko’ra, saylov jarayoni haqida elektron axborot taqdim etishni nazarda tutuvchi bu tizim, saylovni texnologik va ochiqlik jihatidan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi.
Boshqa bir o’zgarish - deputatlikka nomzodlarning yarmi majoritar tizimi, yarmi esa siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar natijasida saylanishi.
Ammo bu majoritar tizim tashabbus guruhidan ilgari suriladigan mustaqil nomzodlarni nazarda tutmaydi, saylovda faqat ro’yxatdan o’tgan siyosiy partiya vakillari ishtirok etishi mumkin.
O’zbekistonda esa o’n yillardirki ro’yxatdan o’tgan mustaqil siyosiy partiyaning o’zi yo’q. So’nggi bor hukumat tashabbusida tuzilgan O’zbekiston Ekologlari harakati O’zbekiston Ekologik partiyasiga aylantirilgan edi.
2016-yilda Karimovning vorisi sifatida hokimiyatga kelgan Shavkat Mirziyoyev prezidentlikning birinchi muddatini yakunlar ekan, konstruktiv muxolifatga yo’l ochishga va’da bergan edi.
Ayni paytda Mirziyoyev, mamlakat qonunchiligi bir shaxsning ikki muddatdan ortiq prezidentlik qilishini taqiqlashiga qaramasdan, uchinchi muddatga prezidentlikka kirishgan.
Buni ham ko'ring G'arblik kuzatuvchi: O'zbekiston demokratiyadan qo'rqmasligi kerakPrezident muxolifatga yo’l ochishiga doir va’dasini keyinchalik bir qadar o’zgartirdi, xususan muxolifat xorijda emas, faqat mamlakatning ichida bo’lishi lozimligini ta’kidlab chiqdi.
Ammo Mirziyoyev uchinchi muddatini boshlaganiga qaramasdan xorijdagi muxolifatga ham, ichkaridagi muxolifatchilar faoliyatiga ham ruxsat berilmadi.
“Amerika Ovozi” mamlakat ichkarisida siyosiy partiyaga asos solgan muxolifatchi Xidirnazar Olloqulovning ro’yxatdan o’tish uchun harakatlarini batafsil yoritgan. Tazyiqlar, bosimlar va tahdidlar ostida kechgan bu urinishlar natijasiz tugagan edi.
Olloqulov ayni paytda uchinchi bor yangi partiya tashkil etishga urinmoqda, ammo bu urinish natijasi qanday bo’lmasin, uning partiyasi amaldagi saylov kampaniyasiga qo’shila olmaydi.
Mamlakatdagi qonunchilik siyosiy partiyalardan saylov kampaniyasidan to’rt oy avval ro’yxatdan o’tishni talab qiladi.
O’zbekistondagi diktatura davrida xorijga chiqib ketgan muxoliflar Mirziyoyev boshqaruvi davrida ham taqiq ostida qoldi.
Muxolifatdagi “Erk” partiyasi faollari mamlakatga kiritilmadi, jumladan Oliy Majlisning sobiq deputati, muxolifatchi Nasrullo Sayid mamlakatga kirishga bir necha bor urindi, Toshkent aeroportidan ortga qaytarildi.
“Erk” O’zbekistonda 1990-yillarda ro’yxatdan o’tkazilgan muxolifatdagi yagona partiya hisoblanadi. Uning yetakchisi Muhammad Solih partiya qayta ro’yxatdan o’tishi lozim emas, uni qonuniy deb hisoblaydi.
Xorijdagi yana bir muxolif harakat “Birlik” partiyasi ham mamlakatda faollikni tiklashga uringan, ammo natijasi noma’lum. Har ikki partiya mamlakatda boshlangan parlament saylovlariga hozircha munosabat bildirmagan.
Markaziy saylov komissiyasi parlament saylovida qatnashishiga ijozat bergan partiyalar quyidagilar: O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va O‘zbekiston Ekologik partiyasi.