O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev 10-sentabr kuni Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin boshchiligidagi delegatsiya bilan muloqot qildi.
Mishustin O'zbekiston prezidentiga Rossiya rahbari Vladimir Putinning "samimiy salomi va ezgu tilaklarini" yetkazgan.
Putin shu yilning 26-28-mayida O‘zbekistonga bo'lganida imzolangan hujjatlar va kelishuvlar amaliyoti muhokama qilingan.
"Tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va iqtisodiyotning boshqa ustuvor sohalarida hamkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda jadallashtirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi", - deyiladi Mirziyoyev matbuot xizmati bayonotida.
Hududlar darajasida amaliy hamkorlikni kuchaytirish, madaniy-gumanitar almashinuv, migratsiya sohasida hamkorlik ham oradagi dolzarb mavzulardan.
Mishustinga ko'ra, Rossiya O'zbekistonda uchuvchisiz havo vositalari ishlab chiqarishni yo'lga qo'yishni rejalamoqda, ya'ni fuqaro aviatsiyasiga sarmoya kiritmoqchi.
Temir yo'l xizmatlari rivoji uchun zarur texnologiya va materiallar xususida ham gap ketmoqda.
O'tgan yilda o'zaro savdo aylanmasi 10 milliard dollarga chiqqan. Rossiya O'zbekistonning eng yirik ikki biznes hamkoridan biri, Xitoy bilan raqobatda.
Yaqin kelajakda tijorat hozirgidan 30 foizga oshishi kutilmoqda. Undan keyingi maqsad, deydi rasmiylar, Rossiya-O'zbekiston savdo aylanmasini yiliga 30 milliard dollarga chiqarish.
Oradagi sarmoya loyihalari 60 milliard dollarga teng, deya bildiradi hukumatlar. Rossiya hissasi bor bizneslar soni 3000 atrofida.
Energetika, tog'-metallurgiya, to'qimachilik va kimyoviy sanoat - keng hamkorlik qilinadigan yo'nalishlar.
Mishustinning tashrifi davomida farmatsevtika borasida ham yangi kelushuvlar haqida gaplashilgan.
Rossiya hukumati raisi Toshkentda Prezident Mirziyoyevning katta qizi va maslahatchisi Saida Mirziyoyeva bilan ham alohida so'zlashgan.
Mishustin va Mirziyoyev iqtisodiyot, madaniyat, ta’lim va mehnat migratsiyasini muhokama qilgan. Tomonlarning bildirishicha, "o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirishga qaratilgan yaqin muloqotni" rivojlantirishga kelishilgan.