Harris va Tramp: Immigratsiya siyosati qanday bo'ladi?

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidentligiga demokrat nomzod Kamala Harris va respublikachi nomzod Donald Tramp

Immigratsiya AQSh prezidentligiga nomzodlar debatida muhim mavzulardan bo’ldi. Demokrat Kamala Harris AQSh-Meksika chegarasida migrantlar soni ortishiga doir savolga javob berishdan tiyildi, respublikachi Donald Tramp migrantlar jinoyatchiligiga doir asossiz bayonotlar berdi.

“Millionlab migrant kelgan, AQShdan boshqa har yerda jinoyatchilik qisqargan”, - dedi u.

Tadqiqotlarga ko’ra, jinoyatchilik migrantlar emas, AQSh fuqarolari orasida urchigan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 18-sentabr, 2024

Biroq Tramp qayta saylansa, qattiqqo’l siyosat yuritishi, chegara devori qurilishini yakunlashini aytmoqda.

“AQSh tarixidagi eng yirik deportatsiyani amalga oshiraman”, - deydi u.

Ekspertlarda savollar talay:

“Bu qanday amalga oshiriladi? Politsiya va immigratsiya xodimlari eshikma-eshik yurib, har bir shaxs hujjatini tekshiradimi?”, - deydi immigratsiya bo'yicha ekspert Devid Kallik.

Harrisdan Bayden prezidentligi davrida chegaradan noqonuniy kirib kelayotganlar soni ortishi sabablari so’ralganida, u Trampni immigratsiya siyosati islohotiga doir qonun loyihasiga to’siq qo’yishga uringanlikda aybladi.

“AQSh Kongressi, Senatning eng konservativ vakillari chegara xavfsizligiga doir qonun loyihasini ma’qulladi. Loyiha chegaraga qo’shimcha 1500 xodimni joylashtirishi mumkin edi”, - dedi Harris.

Ekspertlarning izohlashicha, Kongress aralashuvisiz real islohot qilib bo’lmaydi.

“Nomzodlar Kongressning ahamiyatiga to’xtalmadi. Ha, prezident ko’p narsani o’zgartira oladi, biroq uning vakolatlari cheklangan”, - deydi Kallik.

Arizona shtatida so’zlar ekan, Harris prezident bo’lsa, immigratsiya bo’yicha qonunni imzolashini aytdi.

“Immigratsiya tizimi ishdan chiqqan, uni qanday tuzatishni bilamiz: chegara xavfsizligi va fuqarolik uchun munosib imkon beradigan islohot kerak”, - dedi Harris.

Harris va Tramp o’rtasida boshqa debat o’tkazilmaydi. Saylovchilar har ikki nomzodning immigratsiyaga doir tashabbuslarini yaqindan kuzatmoqda.