Tolibon BRIKS anjumaniga qo'shilish niyatida

  • Amerika Ovozi

Tolibon vakillari Xitoy elchisini qabul qilmoqda, 2023-yil, 13-sentabr.

Afg‘onistonning Tolibon hukumati Rossiya mezbonligida bo‘lib o‘tadigan BRIKS hukumatlararo iqtisodiyot sammitiga rasman qo‘shilish istagida ekanini ma’lum qildi.

Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika nomlarini o’zida ifodalovchi BRIKS tashkilotiga aʼzo 10 davlat yetakchilari 22-24-oktabr kunlari Rossiya janubi-gʻarbidagi Qozon shahrida yigʻilmoqda. Joriy yilda ittifoqqa Misr, Efiopiya, Eron, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari ham qo‘shildi.

"BRIKS muhim iqtisodiy forumdir va rivojlanayotgan iqtisodiyot sifatida Afg'oniston bunday iqtisodiy yig'inlarga qo'shilishi kerak", - dedi Tolibon matbuot kotibi o'rinbosari Hamdulloh Fitrat hukumat rasmiy telekompaniyasi tomonidan efirga uzatilgan videomurojaatda.

“Islom Amirligi boʻlajak BRIKS forumida ishtirok etishni istamoqda va bu soʻrov mezbon davlatga rasman yetkazildi”, - dedi Fitrat.

Tolibonning da'vosiga Rossiya tomonidan hozircha javob berilmagan.

Buni ham ko'ring Afg'on ayolining ayanchli ahvoli

Moskva 3 yil avval, AQSh boshchiligidagi Gʻarb davlatlari yigirma yillik urushdan soʻng oʻz qoʻshinlarini olib chiqib ketgach, mojarolardan vayron boʻlgan mamlakat ustidan nazoratni qaytarib olgan Tolibon bilan yaqin norasmiy aloqa olib bormoqda.

Biroq Rossiya global konsensusga muvofiq Tolibonni qonuniy hukumat sifatida hanuz tan olgani yo’q. Tolibon delegatsiyalari so‘nggi oylarda ikki tomonlama iqtisodiy va savdo masalalarini muhokama qilish uchun bir necha bor Moskvaga tashrif buyurdi.

Rossiya Tashqi ishlar va Adliya vazirliklari iyun oyida Prezident Vladimir Putinga radikal afg‘on guruhini Rossiyaning terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatidan chiqarish taklifini kiritdi. Bu harakat Moskva Kobul rasmiylarini de-fakto rasman tan olish sari tashlagan qadam sifatida talqin qilindi.

Tolibon hukumatni qo’lga kiritganidan so’ng afg‘on qizlarining oltinchi sinfdan keyin maktablarga borishini taqiqladi; talaba qizlarni universitetlarda o‘qishdan chetlatdi hamda ayollarning ko‘p ko’plab sohalarda ishlashiga ruxsat bermadi.

Tolibon, shuningdek, zino kabi jinoyatlar uchun aybdorlarni toshbo'ron qilish va ommaviy qatl qilishni ham joriy qilgan.

BMT va boshqa davlatlar munosabati

Xalqaro hamjamiyat, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Tolibon rejimiga diplomatik qonuniy maqom berish masalasini ko‘rib chiqishdan oldin ayollarga qo‘yilgan cheklovlarni zudlik bilan bekor qilishga chaqirib keladi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish BMT Bosh Assambleyasi doirasidagi yig‘ilishda Tolibonning ayollarga munosabatini “yaqin tarixdagi eng dahshatli zulm tizimlari” bilan barobar ekanini aytdi.

Buni ham ko'ring Turkiya G'arbdan uzoqlashib, Rossiya va Xitoyga yaqinlashyaptimi?

“Biz afgʻon ayollarining ovozini kuchaytirishda davom etamiz va ularni mamlakat hayotida, ham uning chegaralarida, ham jahon sahnasida toʻliq rol oʻynashga chaqiramiz”, - dedi u.

BMT rasmiylarining ta'kidlashicha, o'tgan oy Tolibon tomonidan axloq to'g'risidagi qonun qabul qilinishi Kobul hukmdorlarini tan olishni yanada qiyinlashtirgan.

Tolibon yetakchilari o‘z boshqaruviga qarshi tanqidlarni rad etib, choralar mahalliy madaniyat va shariatga mos ekanini aytadi.

Xitoy va Tolibon aloqalari

Xitoy ham Kobul bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarini ham kuchaytirmoqda. U Birlashgan Arab Amirliklari bilan birga Tolibon tomonidan tayinlangan elchini rasman qabul qilgan ikki davlatdan biridir.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Lin Jian matbuot anjumanida Pekin Tolibondan jahon hamjamiyatining “qonuniy xavotirlariga e’tibor qaratish”ni kutayotganini aytdi.

“Ayollar huquqlari va manfaatlari yagona afgʻon muammosi emas, muammolarning asosiy sababi ham emas”, - dedi Lin.

U BMT hisob-kitoblariga asoslanib, Afgʻonistonda deyarli 24 million kishi gumanitar yordamga muhtojligiga, ularning yarmidan koʻpi oziq-ovqat tanqisligi bilan kurashayotganiga e’tibor qaratdi.

“Xalqaro hamjamiyat Afgʻoniston duch kelayotgan eng dolzarb qiyinchiliklarga eʼtibor qaratishi, Afgʻonistonda tiklanish va taraqqiyotga koʻmaklashishi va shu bilan birga, tenglik va hurmat ruhida Afgʻonistonning boshqaruv organlarini ayollar va bolalar huquqlari himoyasini yaxshilash va kuchaytirishga undashi kerak”, - dedi Lin.

Buni ham ko'ring Tolibon uch yillik iqtidorini harbiy parad bilan nishonlamoqda 

Xitoy kompaniyalari Tolibon bilan iqtisodiy va savdo aloqalarini kengaytirish maqsadida bir qancha shartnomalar imzolagan; ular asosan Afg‘onistonning tog‘-kon sanoatiga qaratilgan.

Tolibon Tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiy o‘tgan hafta Kobulda o‘tkazgan matbuot anjumanida uning hukumati dunyo bo‘ylab 40 ga yaqin Afg‘oniston elchixonasi va konsulliklarini nazorat qilayotganini, xalqaro hamjamiyat bilan diplomatik aloqalari yaxshilanayotganini qayd etdi. Uning ta'kidlashicha, Tolibon G'arb davlatlari bilan "do'stona" aloqalarni rivojlantirishga intiladi.

AQSh va G'arb davlatlariga kor’a, Tolibonning rasman tan olinishi ularning ayollar huquqlari, qizlar va ayollar uchun ta'lim va harakat erkinligini ta’minlash harakatlariga bog'liq.