Big-Repids – Michigan shtatida joylashgan, qariyb 8 ming aholi yashaydigan shaharcha. Xitoy bizneslari bu shaharchaga ham kirmoqda.
Xitoyning “Gotion” kompaniyasi mahalliy aholini ikki tomonga ajratmoqda.
“Shaharda shayton”, - deydi mahalliy tadbirkor Pet Karri.
“Gotion” kompaniyasi shaharchada elektromobil batareyalari qismlarini ishlab chiqaradigan zavod qurilishi uchun 2,4 milliard dollarlik sarmoya kiritish payida.
Your browser doesn’t support HTML5
“Iqtisod o’sadi”, - deydi mahalliy aholi vakili Al Louson.
Rezident Donald Xelder ham shu fikrda.
“Xitoyga AQSh dollarlari oqmoqda. Amerika iqtisodiga sarmoya kiritish bilan pulning ma’lum qismini qaytarish kerak”, - deydi u.
Boshqalar Xitoy ta’siridan xavotirda.
“Gotion”ga 100 foiz qarshiman. Ha iqlim muammolari dolzarb. Lekin xavfsizlik masalasi ustunroq”, - deydi shahar meri o'rinbosari Bryus Borkovich.
Federal Qidiruv byurosi direktori Kristofer Reyning ta’kidlashicha, Xitoy hukumati va xususiy sektor aloqalari shaffof emas. Pekin fursatdan foydalanib AQSh milliy xavfsizligiga tahdid uyg’otishi ehtimoldan xoli emas.
“Gotion” “Amerika Ovozi” so’rovini javobsiz qoldirdi.
“Gotion” kompaniyasiga Xitoyda asos solingan. Kaliforniyada o'z filialiga ega. Rahbarlari Xitoy, AQSh va Germaniyada tug’ilganlar.
Kompaniya vitse-prezidenti Chak Telen asossiz xavotirlarga o’rin yo’qligini aytadi.
“Ish amaliyotimiz AQShga kirgan boshqa kompaniyalarnikiday, kimdir tirnoq ichidan kir axtarmoqda”, - deydi u.
Xitoy sarmoyasi bu yilgi prezident saylovi arafasida ham bahsli mavzuga aylangan.
Prezidentlikka respublikachi nomzod Donald Trampning ta’kidlashicha, demokratlar soliq to’lovchilar pulini Amerikani Xitoyga o’lja qilish uchun to’lamoqda.
“Xitoy texnologiyamiz, oziq-ovqat resurslari, dalalarimizga ega chiqmoqda”, - deydi u.
“The New York Times” nashriga ko’ra, “Gotion” kompaniyasi Michigan strategik fondidan 800 million dollarlik subsidiya olgan, soliq imtiyozlarini ham olishi mumkin.
Michigan gubernatori Gretchen Vitmer va boshqa demokratlar nazdida, imtiyozlar kompaniyalarning xorijda emas, mamlakatda qolishiga zamin yaratadi.
Vitmer izohi quyidagicha:
“Xitoy kompaniyalari elektromobil sanoatiga sarmoya kiritadigan yagona investor bo’lishiga yo’l qo’yib bo’lmaydi. Aks holda, ular Yevropadagi kabi rizqimizni yeb ketadi”
Prezidentlikka demoktrat nomzod Kamala Harris ham AQSh-Xitoy raqobati mavzusiga alohida e’tibor qaratmoqda.
“21-asrning fazo va sun’iy intellekt raqobatida dunyo lideri Xitoy emas, AQSh bo’lishi uchun kurashaman”, - deydi u.
Ayrim rezidentlar nazdida, AQSh-Xitoy raqobati ortiqcha bo’rttirilmoqda.
“Milliy manfaat masalasi aksil-xitoy kayfiyatni kuchaytirmoqda”, - deydi Louson.
Vitse-prezidentlikka nomzod Jeyms Vens avgustda Big-Repidsda bejiz to’xtamagan.