Tramp ma'muriyatining milliy xavfsizlik bo'yicha sobiq maslahatchisi Robert OBrayen yaqinda Vashingtondagi nutqida Qo'shma Shtatlar jahon sahnasida Xitoyga qarshi duch kelayotgan qiyinchilik “deyarli yengib bo'lmaydigan daraja”da ekanini aytdi. Unga ko’ra, bu muammo mamlakat o’z tarixida duch kelgan eng katta inqirozlardan biridir.
“Amerika o'z tarixida kommunistik Xitoy kabi tahdidga duch kelganini ko’rmaganman”, - dedi OBrayen konservativ tahlil markazi bo'lgan “American Enterprise” Instituti homiyligidagi yig’inda.
“Inqilobiy urushda biz dunyodagi yetakchi katta kuch bo'lgan britaniyaliklar bilan jang qilganimiz, - dedi u. - Menimcha, Xitoy tarafidan biz duch kelayotgan tahdid Sovuq urush davrida Sovet Ittifoqi bilan yuz bergan tahdiddan ancha katta”.
OBrayenning aytishicha, Xitoyning yakuniy rejasi butun dunyoga mamlakatning "marksistik-leninistik" mafkurasini tatbiq etishdir.
“Ular o’zlarining dunyoni boshqarishga qodir bo'lgan mafkuraga ega ekanliklariga ishonishadi, - dedi u. - Shunday ekan, bu butun dunyodagi odamlar, biz, farzandlarimiz va nabiralarimiz uchun katta xavfdir”.
AQSh-Xitoy siyosatining kelajagi
OBrayenning izohlari yangragan bir paytda ekspertlar AQShning Xitoy bilan munosabatlari keyingi prezident davrida, ya'ni Trampning ikkinchi prezidentlik muddatida yoki Demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzod, amaldagi Vitse-prezident Kamala Harrisning birinchi davrida qanday bo'lishini tushuntirishga urinmoqda.
Buni ham ko'ring AQShga kirib kelayotgan Xitoy bizneslari bahslarni qizitmoqdaStrategik va xalqaro tadqiqotlar markazidagi Xitoy qudrati loyihasi direktori Bonni Lin o’tgan oy e'lon qilgan hisobotida, kelajakdagi AQShning Xitoyga nisbatan siyosati saylovda kim g'olib bo'lishidan qat'i nazar, bir xil yo'nalishda davom etishi ehtimolini bildirdi.
Linning yozishicha, AQShning Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) va Tayvanga nisbatan siyosati Harris yoki Trump ma'muriyati davrida keng ko'lamli yo'nalishlarini saqlab qolishi ehtimoldan holi emas. Harris va Tramp jamoalari Xitoyning xalqaro tartibga, tinchlik va barqarorlikka, shuningdek, AQShga tahdid solib, mavjud tartibni buzayotgani haqida bir xil qarashda. Xitoyni “boshqarish” yoki Xitoyga qarshi “g'alaba qozonish” kelgusi AQSh ma'muriyatining asosiy ustuvor vazifasiga aylanishi mumkin, chunki AQSh va Xitoy o'rtasidagi qizg'in raqobat davom etishi ehtimoli yuqori, deydi u.
Ammo Lin Trump ma'muriyatining siyosati bir qator sohalarda farq qilishi mumkinligini, jumladan, savdo siyosatini yanada qat'iylashtirishi va AQShdagi Xitoy ta'siri operatsiyalariga qarshi keskinroq choralar ko'rishi mumkinligini ta'kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Bayden ma’muriyati mustahkamlashga harakat qilayotgan ba’zi Hind-Tinch okeani ittifoqlarini qay darajada rivojlantirishda davom etishi va Xitoy o‘z hududi deb hisoblaydigan o‘zini Tayvan orolini qo‘llab-quvvatlashda qachalik davom etishi hali noma’lum.
OBrayen o’z nutqida ushbu mavzularning barchasiga to'xtalib o'tdi.
“Trump nomidan gapirmayapman”
OBrayen sobiq prezident Donald Tramp ma'muriyatida dastlab garovga olinganlar bo'yicha maxsus vakil sifatida, keyin 2019-yil sentabrdan 2021-yil yanvargacha milliy xavfsizlik maslahatchisi sifatida xizmat qilgan.
O’zining 90 daqiqalik chiqishi davomida u sobiq prezident nomidan gapirmayotganini ta’kidladi.
Buni ham ko'ring Xitoy Shinjon bo'yicha BMT e'tirozlarini tinglashga tayyormi?“Kimki Donald Tramp nomidan gapirayotganini aytsa, xoh bu kadrlar masalasi bo'lsin, xoh siyosat bo'lsin, bu yolg’on bo’ladi, - dedi u. - Donald Trampning faqat o'zi o’z nomidan gapiradi”.
Ammo uning Xitoy bo'yicha kuzatuvlari, agar sobiq prezident noyabr oyida bo'lib o'tadigan saylovlarda g'alaba qozonsa, ikkinchi Tramp ma'muriyatida xizmat qilishi mumkin bo'lgan odamlarning fikrlashi haqida ma'lumot berishi mumkin.
OBrayenning aytishicha, kelgusidagi Tramp ma'muriyati e’tiborini Xitoyga Amerika iqtisodiy, diplomatik va harbiy qudratini namoyish etishga hamda sobiq prezident adolatsiz deb hisoblagan Xitoy amaliyotlariga qarshi kurashishga qaratadi. Ular qatoriga intellektual mulkni o'g'irlash, Pekin tomonidan subsidiyalangan Xitoy mahsulotlari bilan G'arb iqtisodiyotlarini to'ldirish va Xitoy yuanining qiymatini sun'iy ravishda past darajada ushlab turish kabi muammolar ham bor.
OBrayenga ko’ra, Prezident Trump bu borada nima qilishini aniq aytgan.
“U Xitoyga nisbatan tariflarni oshiradi va intellektual mulkni o'g'irlashga endi toqat qilinmasligini ma’lum qiladi. Biz Xitoyning AQSh bozorlariga o'z subsidiyalangan arzon mahsulotlarini chiqarishini ham, valyuta manipulyatsiyasini ham qabul qilmaymiz va Amerika ishlab chiqaruvchilarini vatanga qaytishga rag'batlantiramiz”, -deydi u.
Xitoyning "to'xtovsiz" tajovuzkorligi
OBrayenning aytishicha, u Oq uyda ishlagan paytida Xitoy harbiy kuch yordamida Hind-Tinch okeani mintaqasidagi qo'shnilarini bezovta qilish, josuslik va ta'sir operatsiyalarida ishtirok etish yo’llari bilan Pekin ta'sirini kengaytirish yo'lida tinimsiz harakat qilgan.
“Har safar biz ular bilan qaysidir sohada kurashganimizda, xoh u Konfutsiy institutidagi josuslik bo‘ladimi, xoh kiberbosqin yoki ittifoqchilarimizga qarshi harbiy operatsiya bo‘ladimi – har gal muammoni bartaraf etganimizda, ular boshqa joyda paydo bo‘ladi. Aytmoqchimanki, ular har bir sohada faoliyat yuritishadi: kosmosda, havoda, dengizda, quruqlikda – hamma joyda”, - deydi u.
“Ular erkin dunyoni toliqtirishga harakat qilmoqda va bu borada anchagina muvaffaqiyatga erishdi”, - deya qo’shimcha qiladi u.
Tayvanni qurollantirish
Joriy yil boshida OBrayen Tayvanning harbiy yoshdagi har bir erkagini Xitoyning ehtimoliy bosqiniga qarshi kurashish uchun “AK-47” bilan qurollantirishni taklif qilgani Pekinning g'azabini qo'zg'atdi.
Buni ham ko'ring AQSh-Xitoy tariflar urushi iste'molchiga qimmatga tushadiYaqinda so’zlaga nutqida u bu taklifni yana bir bor takrorladi:
“Har bir harbiy yoshdagi erkakda “AK-47” va ikkita o'q-dori magazini bo'lishi kerak. Ularning bir-biriga mos kelishiga ishonch hosil qiling; siz keyingi o'q-dorilaringizni mamlakatingizga bostirib kirganlarni pistirmaga tushirib, o'ldirganingizda olishingiz mumkin”.
Uning aytishicha, maqsad Xitoy rahbariyatining “qalbiga bir oz qo'rquv solish'dir”.
“Siz bosqin qilishingiz mumkin, lekin ko'chadan o'tganingizda har safar, har bir derazadan “AK-47” sizga qarab turadi”, - deydi u.
“Birinchi Tramp ma'muriyati davrida Xitoy Tayvanga hozirgidek bosim o'tkazmagan edi, - dedi OBayen. - Harris ma'muriyati ostida siz prezident Tramp kabi Tayvan erkinligini saqlab qoladigan kuchni ko'rmayapmiz”.
AQSh ittifoqchilari
OBrayenning fikricha, AQShning Hind-Tinch okeani mintaqasida yaqin ittifoqlarni rivojlantirishni davom ettirishi juda muhim. Bu ittifoqlarning mustahkamligi esa quvonarli hol.
“Hindiston, Avstraliya, AQSh va Yaponiyaning to’rtlik kombinatsiyasini oling; Yaponiya-Janubiy Koreya-Amerika uch tomonlama ittifoqini oling; Buyuk Britaniya, Avstraliya va AQSh bilan tuzilgan AUKUSga qarang; Tayland va Filippin bilan shartnoma asosidagi ittifoqlarni ko’ring”, - dedi u.
“Bu ittifoqlardan Xitoy qo'rqadi, chunki bizning birga harakat qilishimizni biladi, - dedi u. - Birgalikda biz Xitoyni to'xtatib, ularga qarshi turishimiz mumkin. Ular bizni bir-birimizdan ajratishga harakat qilsagina, katta ustunlikka ega bo'ladi”.
Yadroviy raqobat
OBrayenning aytishicha, AQShning yadro “triadasi”ni, ya'ni havodan, quruqlikdan va dengizdan raketa uchirish imkoniyatini qayta tiklash tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda, chunki Rossiyadan kelayotgan tahdiddan tashqari, Xitoyning yadro salohiyati ham tez sur'atlar bilan o'sib bormoqda.
“Agar biz tez orada triadamizni modernizatsiya qilish va imkoniyatlarimizni kengaytirish bo'yicha choralar ko'rmasak, biz haqiqiy muammoga duch kelamiz, chunki ruslarda 1 250 yoki 1 500 ta strategik qurol bor. Ular yana taxminan 2 500 ta taktik yadroviy qurolga ega, ularni joylashtirishi mumkin. Xitoy esa bizga qarshi 1 500 ta strategik qurolni yo'naltiradi va taktik qurollari qanchaligini hech kim bilmaydi”.
“Bu bizga nisbatan 2 yoki 3 baravar ustunlikni anglatadi, bu esa qarhilik uchun yaxshi strategiya emas”, - deydi u.
“Biz yana yadroviy strategiyaga qaytishimiz kerak, - dedi u. - Biz bu kunlar ortda qoldi deb o'ylagandik, ammo, afsuski, raqiblarimiz bu o'yinni davom ettirishga qaror qilishdi. Shuning uchun bizda ham samarali himoya strategiyasi bo'lishi kerak”.