AQShda Demokratik partiyadan prezident saylovida qatnashib, respublikachi raqibi Donald Trampga mag’lub bo’lgan vitse-prezident Kamala Harris chorshanba kuni tarafdorlariga murojaat qilib, mag’lubiyatini tan oldi, bundan oldin esa Trampga qo’ng’iroq qilib, uni tabrikladi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Biz prezident yoki partiyaga emas, AQSh Konstitutsiyasiga, vijdonimiz va Yaratganga sodiq bo’lishimiz kerak. Menda shularning hammasiga sadoqat bo’lgani uchun ham shu yerdaman. Saylovda mag’lubiyatimni tan olaman, ammo kurashdan voz kechmayman”, - dedi Harris.
Trampni Bayden ham tabrikladi. Prezident va vitse-prezident Tramp bilan suhbatda hokimiyatni tinch yo’l bilan topshirish ahamiyatiga urg’u berdi.
Aytish joiz, Trampning o’zi 2020-yil saylovida Jo Baydenga mag’lubiyatini tan olmagan, saylov soxtalashtirilgan deb keladi.
Eski yangi prezident mamlakatni birlashishga chaqirdi.
“Turli saylovchilar bizni qo’llab-quvvatladi. Kasaba uyushmalardan, kasaba uyushmalarga a’zo bo’lmaganlar, afro-amerikaliklar, latinolar, osiyolik amerikaliklar, arab amerikaliklar, musulmon amerikaliklar. Hammasi. Ajoyib bo’ldi. Bu tarixiy yangilanish bo’ldi”, - dedi Tramp.
20-yanvar kuni Vashingtonda yangi rahbarning qasamyod marosimi o’tkaziladi. Ungacha Trampning bo’lajak mahkamasida asosiy lavozimlarga nomzodlar aniqlanadi.
Tahlilchilar Tramp ikkinchi prezidentlik muddatida birinchisiga qaraganda kamroq qarshilikka va to’siqlarga uchrashini taxmin qiladi.
U bu gal davlatni Respublikachilar partiyasining sardori sifatida boshqaradi. Saylov demokratlarning Senatdagi ustunligini yo’qqa chiqardi. Yuqori palata respublikachilar nazoratida bo’ladi, bu esa Trampga Kongressda qonunlarni o’tkazishda qiyinchilik tug’dirmaydi.
"Trampning Kapitoliyda ittifoqchilari hozir ancha ko’p. Marhum Jon Makkeyn kabi mustaqil fikrlovchi senatorlarning hammasi ketgan. Ularning o’rniga Donald Tramp yordamida boshqa qonunchilar kelgan. Ular Tramp chizgan chiziqdan chiqmaydi”, - deydi “Reyter” axborot agentligining muxbiri Endi Sallivan.
Senatda ittifoqchilarning ko’pligi Trampga konservativ sudyalar va bo’lajak vazirlarni tasdiqlatish ishini osonlashtiradi.
Kongress quyi palatasining yangi tarkibi hozircha ma’lum emas. 38 ta o’rin egasi hali aniqlangani yo’q. Respublikachilarda Vakillar palatasida nazoratni saqlab qolish ehtimoli ancha yuqori. Shunday bo’lgan taqdirda Tramp ko’zlagan siyosatga to’siq qo’yadigan kuch qolmaydi va Vakillar palatasiga ikki yildan keyin bo’ladigan yangi saylovgacha Tramp yakka hokim bo’ladi, muhim lavozimlarga o’ziga sodiq odamlarni tayinlash imkoniga ega bo’ladi.