Rus muxolifati Berlinda yirik namoyish rejalamoqda

  • Amerika Ovozi

Moskva Ukrainada 2022-yil boshida urush boshlaganidan beri Rossiyani ko’plab muxolifatchilar va urushga qarshi faollar tark etdi. Aksariyati hozir Berlinda faoliyat yuritmoqda.

17-noyabr kuni ular shaharda katta namoyish o’tkazib, urushga qarshi norozilik bildirmoqchi, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni urush jinoyatchisi sifatida sudlashni, barcha siyosiy mahbuslar ozod etilishini talab qilishmoqchi.

Urushga qarshi so’nggi yirik namoyish 2022-yil o’rtasida Moskvada o’tgan, faol qatnashchilar hibsga olingan edi.

"Afsuski, Rossiyaning ichida bunday namoyish o’tkazishning, Putinga qarshi, urushga qarshi gapirishning imkoni yo’q. Vladimir Putin qonli diktator ekanini aytolmaysiz. Putin hokimiyatda ekan, urush davom etaveradi”, - deydi Berlindagi namoyish tashkilotchisi Olga Galkina.

Putinning ashaddiy tanqidchilari va ko’zga ko’ringan muxolifatchilar Ilya Yashin va Vladimir Kara-Murza hamda muxolifatning marhum yetakchisi Aleksey Navalniyning bevasi ham tadbirda qatnashishi kutilmoqda.

Yuliya Navalnaya siyosiy kurashga faol kirishishini bildirmoqda.

"Rossiyaga qaytsam, saylovda qatnashaman”, - deydi u.

Biroq muammo shundaki, rus muxolifati hech qachon jips bo’lmagan, ichki nizo va ziddiyatlar uni bo’lib qo’ygan. Galkina namoyish qarama-qarshiliklarni chetga surib, umumiy maqsadga urg’u berishda yordam berishini aytadi.

"Hozircha maqsadimiz bir – Vladimir Putinni urush jinoyatchisi sifatida jazolash, Ukrainadagi urushga imkon qadar tez chek qo’yish”, - deydi u.

Rus faollari Donald Trampning AQShda saylanishi bu maqsadga erishishda g’ov bo’lishidan xavotir bildirmoqda.

Tramp urushni tezroq to’xtatish tarafdori, biroq Ukraina bu undan Rossiya egallagan hududlardan voz kechishni talab qilishidan tashvishda.

BMTning Jenevadagi missiyasida Rossiya elchisi Gennadiy Gatilov Tramp tinchlik muzokaralariga bosh bo’lsa, Rossiya e’tiroz bildirmasligini aytdi.

“Tinchlik muzokaralariga ochiqmiz, biroq Ukrainaning oydan-oyga o’zgaruvchan istaklari asosida emas, balki mavjud voqeliklar asosida, Istanbuldagi kelishuvlar asosida muzokara qilamiz”, - dedi Gatilov.