Mutaxassislar fikricha, jurnalistlarning o‘ldirilishida adolatni ta'minlash qiyin vazifa bo‘lib, urush davrida bu yanada murakkabdir.
YUNESKO tomonidan e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, 2006-yildan beri dunyo bo‘ylab jurnalistlar o‘ldirilishi holatlarining 85 foizi haligacha ochiq qolmoqda. 2013-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2-noyabrni Jurnalistlarga qarshi qinoyatlar uchun jazosizlikka barham berish xalqaro kuni deb e’lon qilgan.
Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi (CPJ) bosh direktori Jodi Ginsbergning so'zlariga ko'ra, jurnalistlarni o'ldirishda jazosiz qolish azaldan odatiy hol bo'lib kelgan va hozirgi faol mojarolar muammoni yanada kuchaytirmoqda.
“Tergovga ajratiladigan resurslar kamroq bo‘ladi, - dedi Ginsberg “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. - Odatda sudlarning ishi haddan tashqari ko’p bo’ladi. Tergov olib borish imkoniyati ham faol to‘qnashuvlar davom etayotganligi sababli cheklangan bo‘ladi”.
Buni ham ko'ring AQShda jurnalistlarga tahdidlar kuchaymoqdaBu holatlar Isroil-Xamas urushi, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi, Myanmadagi fuqarolar urushi va Gaitidagi to‘dalarning zo‘ravonligi jarayonlarida ham kuzatilmoqda.
G‘azo urushi
CPJ ma'lumotlariga ko‘ra, Isroil-Xamas urushida, 31-oktabr holatiga ko‘ra, kamida 134 nafar jurnalist va media xodimi — asosan falastinliklar — halok bo‘lgan.
Isroil harbiylari ularning besh nafarini jurnalistik faoliyatlari bilan bevosita bog‘liq ravishda nishonga olgan. Yaqinda e’lon qilingan CPJ indeksiga ko‘ra, Isroil jurnalistlarning o‘ldirilishida jazosizlik bo‘yicha dunyoda ikkinchi eng yomon ko‘rsatkichga ega.
2023-yil 13-oktabrda yuz bergan bir hodisada Isroil harbiylari janubiy Livanda media jamoalariga qarata 37 soniya farq bilan ikki tank snaryadidan o‘t ochgan. Hisobotlarga ko‘ra, jurnalistlar jangovar hududdan taxminan bir mil uzoqlikda bo‘lgan, “PRESS” yozuvi tushirilgan nimchalar kiygan va “TV” belgisi bo‘lgan avtomobil yonida turgan. Hujum natijasida livanlik “Reuters” jurnalisti Issam Abdulloh halok bo‘lgan va yana olti nafar jurnalist jarohat olgan.
CPJ va axborot agentliklari bu ishni qasddan qilingan hujumligini aniqladi.
O‘sha vaqtda Isroilning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi elchisi Isroil kuchlari “o‘z ishini bajarayotgan jurnalistni o‘ldirish yoki otishni hech qachon istamasligini, biroq urush holatida bunday voqealar sodir bo‘lishi mumkin”ligini aytgan edi.
“Biz bundan afsusdamiz va kechirim so‘raymiz,” - degan edi elchi Isroil ushbu hodisani tergov qilishini ta’kidlab.
“13-oktabrda sodir bo‘lgan hujumda hech qanday javobgarlik bo‘lmaganidan norozi bo‘ldim, lekin bu meni ajablantirmadi”, - dedi Ginsberg Nyu-Yorkda “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida.
U Isroilda jurnalistlarning o‘ldirilishi va bu jinoyatlar uchun jazosizlik holatlari o‘nlab yillar davomida muammo bo’lib kelayotganini ta'kidladi.
CPJ Isroil-Xamas urushi davomida yana 10 jurnalistning nishonga olingan holda o‘ldirilgan bo‘lishi mumkinligini o‘rganmoqda. Mojaro va chet el ommaviy axborot vositalarining G‘azoga kirishi bo‘yicha cheklovlar tufayli ushbu voqealar yuzasidan aniqlik kiritish qiyin bo‘lmoqda.
“Jurnalist yoki tinch fuqaroni o‘ldirgan har bir shaxs javobgarlikka tortilishi va sud qilinishi kerak. Jurnalistlar tinch fuqarolardir. Ular nishon bo‘lishi kerak emas”, - dedi Ginsberg.
Buni ham ko'ring Falastinlik jurnalistlar fojiali davrni boshdan kechirmoqdaIsroil harbiylari “Amerika Ovozi”ning ushbu voqeaga izoh so‘rab yozgan elektron xabariga javob bermadi. Bundan avval Isroil jurnalistlarni nishonga olganini rad etgan edi.
Myanmadagi fuqarolar urushi
Myanmadagi fuqarolar urushida ham javobgarlikni ta'minlash qiyin.
BMT inson huquqlari bo‘yicha idorasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2021-yilda harbiy to‘ntarish boshlanganidan beri Myanmada 5 000 dan ortiq tinch fuqaro o‘ldirilgan, 27 000 dan ortiq odam hibsga olingan va 3.3 milliondan ortiq kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
CPJ ma’lumotlariga ko‘ra, to‘ntarish boshlanganidan beri kamida yetti jurnalist o‘z faoliyati tufayli o‘ldirilgan. Ushbu o‘limlarning uchtasi shu yilda sodir bo‘lgan, jumladan ikki jurnalist o‘z uyiga qilingan reydda xavfsizlik kuchlari tomonidan, yana biri esa harbiy hibsda o‘ldirilgan.
“Ommaviy axborot vositalariga, jurnalistikaga, matbuot erkinligiga qilingan hujumlar Myanma xalqiga nisbatan olib borilayotgan tizimli hujumlarni yashirish uchun qilinadigan odatiy usullaridan biridir”, - dedi BMTning Myanmadagi inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Tom Endryus “Amerika Ovozi”ga.
CPJ ma’lumotlariga ko‘ra, Myanma jurnalistlarning o‘ldirilishi bo‘yicha jazosizlik darajasi bo‘yicha dunyoda 10-o‘rinda turadi.
Myanma harbiylari ham “Amerika Ovozi”ning izoh so‘roviga javob bermadi.
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi
Rossiyaning Ukrainadagi urushi davomida jurnalistlarni o‘ldirish holatlari ham javobgarlikka chaqiriqlarni kuchaytirdi. Rossiya 2024-yilgi Jazosizlik indeksida ko‘rsatilmagan bo’lsa ham, CPJ ma’lumotlariga ko‘ra, urushni yoritish paytida kamida 15 nafar jurnalist va media xodimi halok bo’lgan.
“Bunday javobgarlik belgilanmasligi nafaqat Ukrainada, balki butun dunyoda kelajakdagi mojarolar davomida ham jurnalistlarning xavfsizligiga jiddiy tahdid tug‘dirishi mumkin”, - dedi Ukraina Milliy Jurnalistlar Ittifoqi prezidenti Sergiy Tomilenko “Amerika Ovozi”ga yuborgan elektron xatida.
“Jurnalistlarni himoya qilish nafaqat alohida holatlarni, balki demokratiyani va haqiqatga bo‘lgan huquqni ham himoya qilishdir. Har bir jazolanmagan hujum mustaqil ommaviy axborot vositalarini sukut saqlashga majbur qilmoqchi bo‘lganlarga yanada dalda beradi”, - dedi Tomilenko.
Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi va Tashqi ishlar vazirligi “Amerika Ovozi”ning izoh so‘rab yuborgan elektron xatiga javob bermadi.
Buni ham ko'ring Kreml jurnalistlarni nishonga olyaptimi?O‘ldirilgan jurnalistlar orasida ukrainalik jurnalist Viktoriya Roshchina ham bor. U sentabr oyida Rossiyada hibsda halok bo‘lgan.
Roshchinaning o‘limi bilan bog‘liq holatlar hali ham noaniq bo‘lib qolmoqda, chunki Rossiya hukumati uning jasadini Ukrainaga qaytarishni rad etmoqda.
Xalqaro Matbuot Instituti (Vena)ning Sharqiy Yevropani kuzatuvchi mutaxassisi Karol Luchkaning aytishicha, jasad bo‘lmasa, uning qanday vafot etganini aniqlash qiyin bo‘ladi.
“Bu jazosizlikning dahshatli bir holati”, - dedi u.
YUNESCO ma'lumotlariga ko‘ra, 2022 va 2023-yillarda har to‘rt kunda bir jurnalist o‘z kasbini bajarish paytida o‘ldirilgan. YUNESCO Bosh direktori Odri Azulay a'zo davlatlarni ushbu jinoyatlarni sodir etganlarni javobgarlikka tortish bo‘yicha ko‘proq chora ko‘rishga chaqirdi.
“Jinoyatchilarni jinoiy javobgarlikka tortish va hukm qilish kelgusida jurnalistlarga qarshi hujumlarning oldini olish uchun asosiy vositadir”, dedi u oʻz bayonotida.