AQShni boshqarishga hozirlanayotgan Donald Tramp noqonuniy migrantlar deportatsiyasiga mas’ul rasmiyni tanladi.
Mamlakatning navbatdagi prezidenti 30 yildan ziyod immigratsiya nazoratiga xizmat qilgan Tom Xomanni chegara nazoratiga mas’ul rasmiy sifatida tanlagan. Xomanning aytishicha, Tramp chegara xavfsizligi bo’yicha va’dasini bajargan yagona prezident.
“Tramp tariximizdagi eng xavfsiz chegarani joriy qildi. Bu fakt. Statistika buni tasdiqlaydi”, - deydi Xoman.
Your browser doesn’t support HTML5
Tramp saylovchilarga hujjatsiz immigrantlarni ommaviy deport qilish va’dasini bergan.
“Qasamyod qilishim bilan Amerika tarixidagi eng yirik deportatsiyani amalga oshiraman”, - deydi u.
Ekspertlar migratsiya va jinoyatchilik o’sishini o’zaro bog’liq sanamaydi. Xoman deportatsiya Jo Baydenning immigratsion xatosini tuzatishini aytadi.
“Prezident Tramp Bayden-Xarrisning ochiq chegaralarini yopadi. Narkotik va jinoyatchilik kirib kelishini to’xtatadi”, - deydi Xoman.
Xoman Tramp prezidentligining birinchi muddatida Immigrastiya va bojxona nazoratini boshqargan. Deportatsiyaga doir hibslar sonini 40 foizga oshirgan.
U Tramp chegarada so’nggi 45 yilda eng yaxshi nazorat o’rnatganini ta’kidlagan.
Noqonuniy immigratsiyani ko’plab saylovchilar asosiy muammo deb biladi. Ekspert Fransisko Rodriges Xoman tolerantlikdan xoli rahbar ekanini aytadi.
“Jinoyatchi bo’lsangiz, farzand yoki oilangiz bo’lsa, Xoman birgalikda ketishingizni aytmoqda. Oilalar bir-biridan ayrilmaydi”, -deydi u.
Florida shtati sobiq qonunchisi Deyzi Baysga ko’ra, Xomanning tanlanishi immigrantlar uchun ogohlik signali.
“Fuqaro yoki doimiy rezident bo’lmasangiz, mamlakatda qolishingiz dargumon. Katta ehtimol bilan, deport bo’lasiz”, - deydi u.
“Jo Bayden federal qonunga zid ravishda kiritgan millionlab noqonuniy muhojirlar, hoziroq to’rvangizni yig’ishtiring”, - deydi Xoman.
Xoman Nyu-York politsiyasining sobiq ofitseri. Konservativ “Heritage Foundation” tadqiqot guruhining qattiqqo’l siyosiy takliflar bildirilgan “Loyiha-2025” ishtirokchilaridan sanaladi.