AQSh uyg'urlarni majburiy mehnatga tortayotgan Xitoyga yana sanksiya qo'llamoqda

  • Amerika Ovozi

Uyg'urlar va musulmonlarning boshqa ozchilik qatlami hibsda ushlab turilgan Qizilsuv lageri, Shinjon, Xitoy, 19-iyul, 2023.

AQSh Xitoy shimoli-g’arbida – Shinjon avtonom hududida uyg’urlarning majburiy mehnati evaziga ishlab chiqarilgan mahsulotlar importiga chek qo’yish uchun sanksiyalar qo’llashda davom etmoqda.

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi 22-noyabr kuni bergan bayonotga ko’ra, Uyg’urlarni majburiy mehnatdan himoyalash to’g’risidagi qonunga yana 29 ta Xitoy kompaniyasi qo’shilgan. Shu tariqa, qora ro’yxatdagi Xitoy kompaniyalari soni 107 taga yetgan. Ushbu qonunni Prezident Jo Bayden 2021-yilning dekabrida imzolagan edi.

“Bugun qo’llanilgan chora AQSh o’z bozorlariga majburiy mehnat bilan ishlab chiqarilgan mahsulotlar kirib kelishiga toqat qila olmasligini yana bir bor tasdiqlamoqda”, - deya ta’kidladi vazir o’rinbosari Robert Silvers.

Xitoy Tijorat vazirligi sanksiyalarga javoban Vashingtonni Shinjondagi inson huquqlarini ro’kach qilib, iqtisodiy zo’ravonlik va qo’rqitishga zo’r berayotganlikda aybladi.

Xitoy Tijorat vazirligi matbuot kotibi Kommunistik partiyaning “Global Times” nashrida raddiya bilan chiqib, Xitoy butun mamlakatda va Shinjonda majburiy mehnatning har qanday turiga keskin qarshi ekani va bunday holatlarga yo’l qo’ymasligini iddao qildi.

Maqolada aytilishicha, AQSh hech qanday asosli dalil-isbotlarsiz, o’zining ichki qonunlariga tayanib, Shinjondan xomashyo olgan yoki shinjonliklarni ishga yollagan Xitoy kompaniyalariga ko’r-ko’rona sanksiya qo’llamoqda.

Bu yolg’on da’vo

BMT ning Inson huquqlari bo’yicha kengashi 2022-yil avgustida taqdim etgan hisobotda Xitoy hukumati Shinjonda etnik ozchilik qatlamini majburiy mehnatga tortib kelayotgani ta’kidlanadi.

“Mavjud axborotlarni mustaqil tadqiq qilish asosida hamda manfaatdor tomonlar taqdim etgan materiallar, mustaqil ilmiy tadqiqotlar, ochiq manbalar, jabrlanuvchilarning ko’rsatmalari, aloqadar tomonlar bilan konsultatsiyalar, hukumat hisobotlariga muvoviq, maxsus hisobotchi Xitoyning Shinjon avtonom hududida uyg’ur, qozoq va boshqa etnik ozchilik qatlami vakillari qishloq xo’jaligi va sanoat sektorlarida majburiy mehnatga tortilmoqda deb xulosa qilishga yetarli dalillar bor deb hisoblaydi”, - deyiladi hisobotda.

Keyingi hisobotlar Xitoy majburiy mehnat sektorlarini saqlab qolish bilan birga ularni kengaytirib ham boorayotganini tasdiqlaydi.

Vashingtonda asoslangan Ilg’or mudofaa tadqiqotlari guruhi oktabr oyida taqdikm etgan hisobotda qayd etilishicha, Xitoy hukumati farmatsevtika sohasida ham uyg’urlarni majburiy mehnatga tortmoqda.

Hujjatda ta’kidlanishicha, Xitoy farmatsevtika kompaniyalari yer maydonlarini majburiy egallab olish, uyg’ur va qozoqlarni majburiy mehnatga tortish, ozchilik qatlami vakillarini narkotik va boshqa dori vositalari sinovida ishtirok etishga majburlash amaliyotini olib bormoqda.

Hisobotda Xitoy konsentratsion lagerlari jabrlanuvchisi Qalbinur Siddiq Londonda asoslangan Uyg’ur tribunaliga 2021-yil taqdim etgan ko’rsatma keltiriladi.

Siddiqning bildirishicha, Xitoy hukumat mahkum ayollarga menstrual siklini to’xtatadigan ukollar qilgan, siklni nazorat qiluvchi dorilar ichishga majburlagan.

Nojo’ya ta’sirlar natijasida ko’plab ayollarda kuchli qon ketishi hollari qayd etilgan, deydi Siddiq.