Assadlar davri o’tdi. Oldinda Suriyani nima kutmoqda?

  • Amerika Ovozi

Suriyada mamlakatni 1971-yildan beri boshqargan Assadlar sulolasining davri tugadi. “Hayat Tahrir ash-Sham” jangari to’dasi va Prezident Bashar Assad tuzumiga qarshi isyonchilar ikki hafta ichida deyarli butun mamlakatni qo’lga oldi, armiya qarshilik ko’rsatgani yo’q, Assadning o’zi 13 yillik boshqaruvdan so’ng oilasi bilan Moskvaga qochdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 9-dekabr, 2024-yil - Suriyani oldinda nimalar kutmoqda?

AQSh Prezidenti Jo Bayden Assad tuzumining qulashini olqishladi.

“Nihoyat Assad rejimi quladi. Bu yuz minglab begunoh suriyaliklarga shafqatsizlik ko’rsatgan, ularni qiynagan va o’ldirgan tuzum edi. Uning qulashi adolatning fundamental ko’rinishidir”, - dedi u.

Bayden yangi sharoitda AQSh qanday siyosat yuritishini belgilab o’tdi.

“Agar hozirgi o’tish davrida Suriyadan biror tahdid taralsa, uning qo’shnilari, jumladan Iordaniya, Livan, Iroq va Suriyani qo’llab-quvvatlaymiz”, - dedi Bayden.

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp ham so’nggi voqealarga munosabat bildirdi.

“Assad ketdi. Mamlakatdan qochdi. Uning Vladimir Putin yetakchiligidagi himoyachisi bo’lgan Rossiya uni ortiq himoya qilishni istamadi”, - dedi u.

Bundan bir kun oldin Tramp “Qo’shma Shtatlar Suriyadagi voqealarga aralashmasligi kerak” deya fikr bildirdi.

Suriya va xorijda yashovchi suriyaliklar Assadning qulaganini xursandchilik bilan qarshilamoqda.

"Bu kunni 50 yil kutdik. Katta qamoqxonada yashayotgan edik. 50 yil erkin gapira olmasdik, fikrimizni, xavotirlarimizni bildira olmasdik”, - deydi Mahmud Hayjar ismli bir damashqlik.

Assad tuzumining yashinday tez qulashi hali mutaxassislar tomonidan ko’p o’rganiladi, tahlil qilinadi.

Hozircha bunga uchta asosiy sabab ko’rsatilmoqda. Ba’zilar buni fuqarolar urushi paytida Assad hukumatiga harbiy ko’mak bergan Eron, Rossiya va “Hizbulloh”ning Assadga qarshi kuchlarga oldingiday qarshilik ko’rsatmagani bilan izohlamoqda.

Isroilning Livanda “Hizbulloh”ga qarshi harbiy amaliyoti harakatni ancha zaiflashtirdi, XAMAS va “Hizbulloh”ga yordam berayotgan Eronda mintaqadagi mojarolar ta’sirida Assadni qutqarishga yetarlicha kuch bo’lmadi. Rossiya esa 2022-yil boshidan beri Ukraina frontida band, Suriyada jang qilishga ortiqcha askar yo’q.

Ayrim kuzatuvchilar Assad tuzumining bu qadar tez qulashini va armiyasining qarshilik ko’rsatmaganini yuqori lavozimli harbiylarning sotilishi bilan izohlaydi. Qo’mondonliksiz esa hech bir armiya jang qilmaydi.

Assad tuzumining parchalanishiga uning va sulolasini qo’llab-quvvatlab kelgan ozchilikdagi allaviylar mazhabining xalq orasida obro’sining pasayib ketgani ham yetaklagan bo’lishi mumkin.

Suriyada isyonchilarning tezkor g’alabasini 2021-yilda Afg’onistonda Tolibonning hokimiyatga qaytishiga qiyoslash mumkin. Biroq Tolibon qanday siyosat yuritishi oldindan ma’lum bo’lgan, Suriyada esa bu mavhum, davlat boshqaruvida qaysi guruh yetakchi rol o’ynashi ham ma’lum emas.

“Hayat Tahrir ash-Sham”, Turkiyadan madad olayotgan “Erkin Suriya armiyasi” isyonchilari, kurdlar, sobiq rejim tarafdorlari o’zaro til topisha oladimi? Suriyaga qo’shni va bir-biriga raqib Turkiya, Eron, Isroil siyosiy jarayonlarga qanday ta’sir qiladi?

Bo’lajak hukumatga barcha siyosiy guruhlar vakillari taklif etilib, Suriyani tark etgan qochqinlar vataniga qaytadimi yoki hokimiyat uchun kurash boshlanib, fuqarolar urushi yangidan avj olib, qochqinlarning yangi to’lqiniga guvoh bo’lamizmi?

Dushanba kuni isyonchilar kurdlar bilan olishib Manbij shahrini egallashga muvaffaq bo’ldi. Bungacha kurdlar nazoratidagi Tel-Refaat shahri ham isyonchilar qo’liga o’tdi.

AQSh, BMT va yana bir necha mamlakat terror guruhi deb tan olgan “Hayat Tahrir ash-Sham” va uning rahbari Ahmad Husayn Shar’a yoki Abu Muhammad G’o’laniy qora ro’yxatdan chiqariladimi?

Qo’shma Shtatlar 2017-yilda uni qo’lga olish uchun 10 million dollar mukofot puli e’lon qilgan.

AQSh sobiq mudofaa vaziri Mark Esper qo’shimcha xavotirlarni tilga oladi.

“AQSh, boshqa mamlakatlar va BMT Suriyada vujudga keladigan gumanitar yordam bilan bog’liq xavotirlarga barham berishi kerak bo’ladi. Shuningdek, kimyoviy qurollar va boshqa harbiy arsenalning noto’g’ri qo’llarga tushishini xohlamaymiz”, - deydi u.

Eronning Suriyadagi elchisi Husayn Akbariy Assad tuzumining qulashida Isroilni aybladi. Unga ko’ra, yahudiy mamlakat isyonchilarni qurol bilan ta’minlagan.

"Qarshi taraflarga zamonaviy qurol berildi. Shu qadar zamonaviyki, hatto dunyoning rivojlangan mamlakatlarida ham bunday qurol yo’q. Shu sabab Suriya hukumati, armiyasi, xalqi qarshilik ko’rsatishni istamadi”, - deydi diplomat.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Assadning hokimiyatdan ketishi Turkiyada yashayotgan millionlab suriyalik qochqinlarga vataniga qaytishiga zamin yaratishini aytadi.

Unga ko’ra, Turkiya qo’shni mamlakatda “Islomiy davlat” va kurd jangarilarining mavjud vaziyatdan foydalanishiga yo’l qo’ymasligi kerak.

Assad va uning oilasiga boshpana bergan Kreml Rossiyaning Suriyadagi harbiy bazalari taqdiri bo’lajak hukumat bilan muhokama etilishini bildirmoqda.

Rossiya Suriyada ikkita harbiy bazaga ega – Tartusda harbiy-dengiz bazasi va Hmeymimda harbiy-havo bazasi.

Tartus Rossiya kemalari uchun ta’mir markazi vazifasini bajaradi, rus harbiy pudratchilari Afrikaga borib-kelishda ushbu bazadan foydalanadi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Assad oilasi bilan Moskvada ekanini tasdiqladi.

Suriyaning Moskvadagi elchixonasida esa bayroq almashdi. Ikkita yulduzli qizil, oq, qora bayroq o’rniga isyonchilarning uch yulduzli yashil, oq, qora bayrog’i ko’tarildi.

Suriyada tashkil etilgan o’tish hukumatini boshqarish Muhammad Bashirga topshirildi. 41 yashar muhandis Assadning tanqidchisi bo’lgan, yil boshidan beri 2017-yilda Idlibda muxolif kuchlar tomonidan tashkil etilgan Suriya qutqaruv hukumatini boshqarib keladi.