Suriya va Isroil istilosidagi G’o’lan tepaliklari o’rtasida joylashgan va BMT nazoratidagi bufer zonaga kirgan Isroil askarlari qishda ham Hermon tog’ida qoladigan ko’rinadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Hermon tog’ining dengiz sathidan 2800 metr balandlikda joylashgan cho’qqisi Suriyada eng baland strategik nuqta bo’lib, poytaxt Damashq kaftdek ko’rinadi.
"Suriyadagi voqealar sabab Hermon tog’ini egallash eng muhim ahamiyatga ega”, - deydi Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats.
1974-yilda bitim imzolanganidan beri yahudiy askarining bu hududga oyog’i tegmagan edi, biroq Suriyada Bashar Assad tuzumining qulashi ketidan Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu kelishuv o’z kuchini yo’qotganini aytdi.
Isroil Suriya armiyasiga tegishli harbiy inshootlar va qurollarni vayron qilishi ketidan Isroil matbuotida yahudiy davlat Eron yadro inshootlarini nishonga olishi mumkinligi haqida xabar berdi. AQShning “Wall Street Journal” gazetasi esa bir yarim oydan so’ng Oq uyga qaytayotgan Donald Trampda ham shunday reja borligini bildirmoqda.
Bu o’rtada AQShning muddati tugayotgan prezidenti Jo Baydenning katta maslahatchilari G’azoda otashkesimga kelishish va Suriyadagi vaziyatni o’rganish maqsadida mintaqaga bordi.
“Isroil uzoqdan beri mavjud bo’lgan tizimning qulashini o’ziga tahdid deb ko’rdi, chegara ortidagi bo’shliqning to’ldirilishi ehtimolini bevosita tahdid deb ko’rdi. Bu AQSh nuqtai nazariga muvofiq Isroilning o’zini himoya qilish huquqiga javob beruvchi va mantiqiy harakatdir”, - dedi payshanba kuni Netanyaxu bilan Isroilda uchrashgan AQSh Milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sallivan.
Biroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti Isroilni 1973-yilgi Yaqin Sharq urushidan keyin imzolangan kelishuvni bir taraflama buzganlikda ayblamoqda.
"Xalqaro qonun o’zingizga yoqmaydigan mamlakatni profilaktik maqsadda qurolsizlantirishga aslo ruxsat bermaydi”, - deydi BMT maxsus hisobotchisi Ben Sol.
AQSh Turkiyaga xayrixoh guruhlar va suriyalik kurdlar o’rtasiga tushib, o’zaro ixtilofni to’xtatishga muvaffaq bo’ldi.
Suriyalik shialar Assad tuzumining qulashi natijasida jabr ko’rishdan qo’rqayotgan yana bir guruh. Damashqni qo’lga olgan kuchlarning xavfsizlik kafolatlariga qaramay, so’nggi kunlarda minglab shialar Livan tomonga qochmoqda.
Livan rasmiylari yakshanbadan beri 100 mingdan ziyod odam ularning mamlakatiga o’tganini aytadi. Ba’zi kuzatuvchilar qochoqlar bundan-da ko’p bo’lishini taxmin qiladi.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken payshanba kuni Iordaniyaga bordi, juma kuni esa Anqarada Turkiya tashqi ishlar vaziri va prezidenti bilan ko’rishdi, Iroqda bo’ldi.
“Suriya ichida har qanday qo’shimcha mojarolarning kelib chiqishiga, Daish mahluq boshini yana ko’tarishiga barham bermoqchimiz”, - dedi u.
Blinken va Sallivan G’azoda Isroil va XAMASni otashkesimga kelishishga ham undamoqda.
"Prezident Erdog’an va vazir Fidan bilan XAMASni otashkesim bo’yicha kelishuvni qabul qilishga ko’ndirish ahamiyati haqida gaplashdim”, - dedi Blinken.
Otashkesim bo’yicha muzokaralar davom etayotgan bir paytda Isroil G’azoda harbiy harakatlarini to’xtatishni xayoliga keltirgani ham yo’q. Payshanba oqshom aholi zich Nuseyrat qochqinlar lageridagi pochtaga hujumda kamida 30 falastinlik o’lgan, o’nlab odam yarador. Qurbonlar bugun dafn etildi.
Isroil “Islomiy jihod” a’zolaridan birini nishonga olganini bildirmoqda.
“So’nggi hafta qonli bo’ldi. Aslida har kunimiz qonli”, - deydi Isroil hujumida nabiralari va kelinini yo’qotgan bir odam.