Janubi-Sharqiy Osiyodagi markazlarda odamlar onlayn jinoyatlarga jalb qilinmoqda

  • Amerika Ovozi

Myanmada bir yosh yigit kishanlanib, elektr toki bilan qattiq qiynoqqa solinmoqda. Uning onasi “Amerika Ovozi”ga o’g’lining kaltaklangan tanasi tasvirlangan suratni ko’rsatib, yigit oktabr oyida firibgarlar qo’liga tushganligini aytadi.

O‘zining va o‘g‘lining ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan malayziyalik ayol, uning 24 yoshli o‘g‘li dam olish uchun Tailandga borganini aytadi. Ammo u qanday qilib qo‘shni Myanmaga tushib qolgani haqida bilmaydi.

Bir necha hafta oldin uning oilasi yigitning ozod qilinishi uchun 16 ming dollar garov puli to‘lagan. Ammo onasining aytishicha, jinoyatchi guruh ularni aldagan va azob-uqubatlar davom etmoqda.

Janubi-Sharqiy Osiyoning ayrim hududlarida bunday voqealar odatiy holga aylangan.

“So‘nggi bir necha yil ichida yuz minglab odamlar ushbu mintaqaga olib kelingan, ularning ko‘plari turli bosimlar, aldovlar va odam savdosi orqali jalb qilingan. Ular daromadli, uyushgan kiberjinoyatlar global sanoatida ishlashga majburlangan”, - deydi Amerika Tinchlik Instituti eksperti Jeyk Sims.

Odam savdosi qurbonlarining oilalari, Malayziya

“Ushbu firibgarlik xablari Myanma, Kambodja va Laosda joylashgan, chunki bu hududlarda korrupsiya kuchli, boshqaruvda bo‘shliqlar ko’p va qonun ustuvorligi yo‘q”.

Myanma, Kambodja va Laos hukumatlari “Amerika Ovozi”ning izoh so‘rovlariga javob bermadi. Simsning aytishicha, odam savdosi qurbonlari dunyoning turli burchaklaridan keladi, ammo ularning aksariyati Sharqiy Osiyo va Janubi-Sharqiy Osiyodan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi Janubi-Sharqiy Osiyoni “global firibgarlik sanoati uchun boshlang‘ich nuqta” deb ta’riflaydi.

O‘tgan yili BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, Kambodja va Myanmada 200 mingdan ortiq odam firibgarlik markazlarida ishlashga majburlangan.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu firibgarlik markazlari “har yili milliardlab AQSh dollari miqdorida daromad keltiradi”.

Simsning ta’kidlashicha, inson huquqlari faollari va mahalliy hamda xalqaro ommaviy axborot vositalari tomonidan ogohlantirishlar berilganiga qaramay, muammo yanada kuchayib bormoqda.

Buni ham ko'ring Qul qilingan o'zbekistonliklar qissasi AQSh hisobotida

"Mazkur sanoat kengayib bormoqda, – dedi Sims. – Har yili bu soha global miqyosda o‘nlab milliard dollar zarar keltiradi. Jinoiy guruhlar ushbu faoliyatni davom ettirish uchun kuchli moliyaviy manfaatga ega”.

Jabrlanuvchilar ko‘pincha yaxshi ish topib berish va’dasi bilan aldanadi. Natijada qo‘riqlanadigan kompleksga tushib qoladi va yerda ularni haftada yetti kun, kuniga 15 soat ishlashga majburlashadi.

Mahbuslar ijtimoiy tarmoqlar va tanishuv ilovalarida odamlar bilan do‘stlashib, ularni o‘z pullarini kriptovalyuta firibgarliklariga sarmoya qilishga undashga majbur qilinadi. Rad etganlar esa zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi.

“Bo‘ysunmagan yoki ularga yuklatilgan vazifalarni bajara olmagan odamlar bilan bog‘liq qiynoq, sirli o‘lim va boshqa turli muammolar haqida keng tarqalgan xabarlar mavjud”, - deydi Sims.

Uning aytishicha, ba’zi qurbonlar firibgarlik tarmoqlari haqida ular tuzoqqa tushgunga qadar bilmaydi. Boshqalari xavflarni tushunadi, ammo moliyaviy ahvolining og‘irligi sababli ularni qabul qilishga majbur bo‘ladi.

O‘z ismini oshkor qilmaslikni so’ragan malayziyalik bir otaning ham 27 yoshli o’g’li Myanmadagui shunday komplekslardan biriga tushib qolgan. “Amerika Ovozi” bilan suhbatda u o‘g‘lining qiynoqqa solinayotgani aks etgan videolarni olganini aytdi.

Bu oila o‘g‘liga nisbatan zo‘ravonlikning davom etmasligi uchun har oy deyarli 1000 dollar miqdorida garov to‘lamoqda.

Bangkokda joylashgan “Asia Human Rights and Labor Advocates” tashkilotining direktori Fil Robertsonning aytishicha, mintaqadagi boshqa davlatlar Kambodja va Laos hukumatiga, shuningdek, Myanmadagi harbiy hukumatga yetarlicha bosim o‘tkazmayapti.

“Bu hukumatlarga bosim o‘tkazish uchun kuchli chora-tadbirlar qo‘llash lozim. Aks holda, ushbu davlatlardagi jinoyatchi guruhlar hech qanday jazoga tortilmasdan, o‘z faoliyatini davom ettiradi”, - dedi Robertson.