G’o’laniy Suriyada qurollangan guruhlarni qurolsizlantirmoqchi

  • Amerika Ovozi

Syria Turkey

Suriyaning muvaqqat rahbari Ahmad Sharaa yoki Abu Muhammad G’o’laniy yaqin kunlarda Mudofaa vazirligi va armiyaning yangi tarkibi va tuzilishi haqida ma’lum qilinishini bildirdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 23-dekabr, 2024-yil - G’o’laniy Suriyada qurollangan guruhlarni qurolsizlantirmoqchi

U davlat tasarrufida bo’lmagan guruhlarni qurolsizlantirish zarurati haqida gapirdi.

“Qurollarning davlat nazoratidan tashqarida bo’lishiga ruxsat bermaymiz. Bu sahifani imkon qadar tez yopishimiz kerak. Qurollarning noqonuniy aylanishi tartibsizlik va beqarorlikka yetaklaydi. Mamlakat bo’ylab qurollarni nazorat qilish hozirgi ustuvor vazifa”, - dedi G’o’laniy.

Shanba kuni poytaxt Damashqda sobiq armiya va xavfsizlik kuchlarida xizmat qilgan suriyaliklar qurollarini topshirdi.

Yangi ma’muriyat ularning maqomini qayta ko’rib chiqgunga qadar harbiy ayollar va erkaklarga uch oyga vaqtincha kartochkalar berildi, jinoyat sodir etimaganlar normal hayotga qaytishi haqida aytilmoqda.

"Qon to’kilishlariga qo’l urganlar sudga tortiladi”, - deydi podpolkovnik Valid Abdul Rabo.

G’o’laniy yakshanba kuni Damashqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan bilan uchrashdi. Turk matbutiga ko’ra, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an yaqin kunlarda Damashqqa borishi kutilmoqda.

Erdog’an uning mamlakati Suriyaga yangi davlat tizimini tuzishda va yangi konstitutsiyani tayyorlashda yordam berishini aytadi.

Anqara Turkiyada yashayotgan millionlab suriyaliklarning vataniga qaytishiga, Suriyada qurollangan kurd guruhlarini qurolsizlantirishga umid qilmoqda. G’o’laniy bilan uchrashuvdan so’ng Fidan Suriyada kurd jangarilariga o’rin yo’q deb aytdi.

Juma kuni Fidan bilan ko’rishgan Germaniya Tashqi ishlar vazirasi Annalena Berbok yangi Suriyada kurdlar xavfsizligi ta’minlanishi kerak, ammo Turkiyaning xavfsizlik bilan bog’liq xavotirlari ham inobatga olinishi zarur, dedi.

"Qurolli to’dalar qurolsizlantirilib, milliy xavfsizlik tizimiga kiritilishi kerak”, dedi Berbok.

Turkiya suriyalik kurd bo’linmalarini bir necha mamlakat terrorchi tashkilot deb tan olgan Kurdiston ishchilar partiyasiga aloqadorlikda ayblab keladi, ularni havodan o’qqa tutadi.

Dushanba kuni G’o’laniy Iordaniya va Qatar tashqi ishlar vazirlari bilan ham ko’rishdi. Ayman Safadiy Ummon Suriyani qayta qurishda yordam berishga tayyor, dedi.

Muhammad Qulayfi bilan uchrashuv ketidan G’o’laniy Qatar Suriyaga katta sarmoya qilmoqchi ekanini bildirdi, Qatar amirini Suriyaga taklif etganini aytdi.

Bu o’rtada Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Turkiya matbuotida Suriyaning hokimiyatdan ag’darilgan prezidenti Bashar Assadning rafiqasi Asma Assad eri bilan ajrashib, Rossiyani tark etmoqchi ekani haqidagi xabarning asossiz ekanini aytdi.