25-26 dekabrda Rossiyaning Leningrad oblastidagi “Igora” kurortida Mustaqil davlatlar hamdo’stligi (MDH) va Yevrosiyo Iqtisodiy ittifoqi sammiti o’tadi.
Sammit Rossiya prezidenti Putin tashabbusiga ko`ra chaqirilgan.
Prezidenti Mirziyoyev har ikki sammitda ham qatnashadi. O’zbekiston Yevrosiyo Iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomida.
Mirziyoyevning safari Tataristondagi yong`inda 5 nafar O’zbekiston fuqarosi halok bo`lgani, yana bir o`zbekistonlik Ahmad Qurbonov Rossiya armiyasi generali Igor Kirillovni o`ldirishda ayblanayotgan bir vaziyatga to’g’ri kelyapti.
Kreml Leningrad oblastidagi MDH sammiti norasmiy maqomda ekanligi, uchrashuv prezidentlarning erkin muloqoti formatida o`tishini bildirgan.
Dekabr oyida Putin va Mirziyoyev bir necha bor muloqot qildi. Telefon orqali suhbatda xavfsizlik, ittifoqchilik aloqalari, ekstremizmga qarshi kurash kabi masalalar gaplashilgani xabar qilindi.
Prezidentlar o`rtasida muloqot muntazamlashgani nafaqat ikki tomonlama aloqalar rivoji, so’nggi paytdagi voqealar silsilasidan kelib chiqilsa, Toshkent va Moskva o`rtasida ziddiyatlar kechayotganidan ham darak beradi.
O’zbekistondagi taniqli sobiq amaldorlardan biri Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdda Checheniston rahbari Ramzan Qodirovga aloqador odamlar yollangani, bunga Mirziyoyevning yaqinlari, xavfsizlik idoralari mulozimlari ham daxldorligiga doir xabarlar Moskva Mirziyoyev hokimiyatidan qoniqmayotgani, o’zgarishlar rejalaganiga doir farazlarni ham yuzaga chiqardi.
O’zbekiston tomoni Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdda ayblab ikki nafar rossiyalikni Interpolda qidiruvga bergani esa bu farazlarni yanada kuchaytirdi.
Rossiya va O´zbekiston aloqalari bungacha ham tarangliklardan xoli emas edi, jumladan, Kremlga yaqin siyosatchilar, ekspertlar o’zbek millati, davlatchiligi shubha ostiga olingan bayonotlar qilishi ortidan.
Shular barobarida, Rossiyadagi mehnat muhojirlariga nisbatan bosim muttasil oshib bordi, ularni Ukraina urushiga tortish tashviqoti kuchaydi, muhojirlar huquqini cheklovchi qonunlar qabul qilindi.
Shunday taranglik manzarasida “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi, Oliy Majlis deputati Alisher Qodirov Rossiya bilan vizali tartib o`rnatilishini qo`llab chiqishi Toshkentda siyosiy qaror shakllanayotganidan darak beradi.
“Bu bilan haqini himoya qila olmaydigan, mahalliy ayirmakashlar tomonidan kamsitilishga rozi bo’layotgan, eng yomoni, ixtiyoriy-majburiy, mas’uliyatsizlarcha hayotini sotib yuborib O´zbekiston uchun jiddiy ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy yuk yaratayotgan ayrim fuqarolarimizga ham yordam bergan bo’lamiz”, deb yozadi Alisher Qodirov.
Qodirov bu chiqishida muhojirlardan kelayotgan iqtisodiy manfaat Toshkent uchun siyosiy yukka aylanayotgani, O´zbekiston bu manfaatdan voz kechishga tayyor ekanligiga ishora qiladi.
Bunday holat nafaqat O´zbekiston, balki Rossiya bilan yaqin aloqalarga ega mintaqaning boshqa davlatlari misolida ham kuzatiladi. Rossiyadagi minglab tojikistonlik, qirg’izistonlik muhojirlar ham shunday bosim ostida.
Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon sammit oldidan Putin bilan uchrashishi, mehnat muhojirlari muammosini muhokama qilishi xabar qilingan.
Kreml MDH sammiti arfasida O`zbekiston va Qozog’istonga BRIKS hamkorlari maqomi berilganini e’lon qildi. Toshkent hozircha bu xabarga munosabat bildirmadi, hamkorlik maqomi O’zbekistonga qanday imtiyozlar berishi noma`lum.
Global janubga kiruvchi yirik davlatlardan iborat BRIKS asosan iqtisodiy hamkorlikni nazarda tutadi, ammo so`nggi geosiyosiy vaziyat tashkilot siyosiy kuchga aylanayotganini ko’rsatyapti.
AQShning saylangan prezidenti Tramp savdo aloqalarida dollardan voz kechishga urinayotgan BRIKS davlatlariga ogohlantirish bilan chiqdi. Xitoy va Rossiya tomoni bu bayonotga keskin javob qaytardi. Tramp boshqaruvga kelishi ortidan bu taranglik davom etishi kutilmoqda.
Markaziy Osiyo bo`yicha ekspert Alisher Ilhomov Donald Trampning boshqaruvga kelishi dunyoda, jumladan, mintaqadagi siyosiy maydonda ham o’zgarishlar yasashini ehtimol qiladi.
“Markaziy Osiyodagi geosiyosiy burilishlar ko`lami Tramp boshqaruvida AQSh tashqi siyosati qanday rivojlanishiga bog`liq bo`ladi. Tramp Putin bilan murosaga borib, Markaziy Osiyoni Rossiya manfaatlari doirasida qoldirishi mumkin. Bu tabiiyki Rossiya va Xitoy o`rtasida qolgan mintaqani bosim ostida qoldirishi, Markaziy Osiyo tashqi munosabatlari cheklanishiga xizmat qilishi mumkin”, deydi Ilhomov.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi ortidan G´arb, xususan, AQSh sanksiyalari ostida qoldi. Dunyoning aksariyat davlatlari mustaqil davlat Ukrainaga ochilgan urushni qoralab chiqdi.
Markaziy Osiyo Ukraina urushiga nisbatan betaraflik maqomida, ammo MDHning sobiq a’zosiga bosqin qilinishi mintaqada jiddiy xavotir uyg’otdi, mustaqillik, xalqaro me’yorda tan olingan hududiy yaxlitlik chegaralari Rossiya uchun to´siq emasligi ishorasini berdi.