Prezident Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinga general Irog Kirillov va mayor Ilya Polikarpovning o’limi bo’yicha chuqur hamdardlik bildirgan, “qabih terror xurujini” qoralagan. Bu haqda Kreml ma’lum qildi.
Mirziyoyev va Putin o’rtasidagi telefon muloqoti 19-dekabr kuni, Rossiya prezidenti uyushtirgan matbuot anjumani - “bevosita muloqot” ortidan bo’lib o’tgan.
Rasmiy xabarda ta’kidlanishicha, Mirziyoyev Putinni matbuot anjumanini muvaffaqiyatli o’tkazgani bilan ham tabriklagan. Kremlga ko’ra, muloqot O’zbekiston tomoni tashabbusi bilan o’tkazilgan.
O’zbekiston prezidenti matbuot xizmatining prezidentlar muloqoti bo’yicha tarqatgan xabari bu qadar tafsilotli emas.
Unda Mirziyoyev generalning o’limi, unga nisbatan uyushtirilgan suiqasd yuzasidan taassuf bildirgani haqida hech narsa deyilmaydi. Prezidentlar ikki tomonlama, mintaqaviy hamkorlik, xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash masalasini muhokama qilishgani ta’kidlanadi.
Mirziyoyev va Putin o’rtasidagi muloqot Moskvada Rossiya armiyasi generali Igor Kirillovga uyushtirilgan suiqasdda ayblanib, O’zbekiston fuqarosi Ahmad Qurbonov hibsga olinishi ortidan kuzatilmoqda.
17-dekabr kuni Moskvada Rossiya armiyasining kimyoviy, radiatsiya va biologik himoya qo’shinlari qo’mondoni bo’lgan Kirillov portlovchi modda vositasida o’ldirildi. Bu hujumni amalga oshirganlikda gumonlanib, 29 yoshli Ahmad Qurbonov hibs qilindi.
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) hibs davomida Qurbonov so’roqqa tutilgan videoni jamoatchilikka taqdim etdi.
Bu videoda u Moskvaga Ukraina maxsus xizmati topshirig’i bilan kelgani, elektrosamokatga portlovchi modda joylagani va uni Kirillov yashagan uy yo’lagiga qo’ygani, bomba masofadan ishga tushirilgani, Ukraina maxsus xizmatlari buning uchun unga 100 ming dollar va Yevropa pasporti va’da qilishgani haqida gapirgan edi.
19-dekabr kuni Moskva sudi Ahmad Qurbonovni ikki oy muddatga hibsda ushlash haqida qaror chiqargan. Sud ishni yopiq tarzda ko’rib chiqqani, Qurbonovga nisbatan terrorizm bo’yicha ayblov qo’yilayotgani xabar qilinadi.
Vladimir Putin jurnalistlar bilan o’tkazgan matbuot anjumanida general Kirillovga uyushtirilgan suiqasdga to’xtab o’tgan, Ukraina hukumatini terrorchilik faoliyatida ayblagan.
Moskvada ro’y bergan bu suiqasd ortidan “Reuters” axborot agentligi Ukraina hukumatidagi manbaga tayanib, portlash Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan amalga oshirilgani haqida xabar bergan edi.
Ukraina tomoni o’ldirilgan generalni taqiqlangan kimyoviy qurollarni qo’llashda aybdor deb hisoblaydi. Suiqasddan biroz avval Ukraina xavfsizlik xizmati Kirillovga nisbatan harbiy jinoyatlar sodir etish, xususan taqiqlangan kimyoviy qurol ishlatish bo’yicha ayblov e’lon qilgan edi.
Uch yildirki davom etayotgan Rossiya-Ukraina urushi Markaziy Osiyo, xususan o’zbekistonliklarni ham chetlab o’tmayapti. Har ikki tomonda turli sabablarga ko’ra urushda qatnashayotgan mintaqaliklarni uchratish mumkin.
Rus generali o’limida o’zbekistonlik muhojir gumonlanayotgani ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda, Tojikiston fuqarolari amalga oshirgan “Krokus” konsert zalidagi terrordan keyin mehnat muhojirlariga nisbatan avjga chiqqan bosimlar yana avj olishi, Rossiyadagi minglab o’zbekistonliklar nishonga olinishiga doir xavotirlar kuchaygan.
Rasmiy Toshkent Rossiya generaliga nisbatan suiqasdda gumonlanayotgan Ahmad Qurbonov ishi bo’yicha biror munosabat bildirganicha yo’q.