Oq uy rasmiylariga ko’ra, AQSh Prezidenti Donald Tramp Ukrainaga berilayotgan harbiy yordamni to’xtatishni buyurgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Xalqaro hayot - 4-mart, 2025-yil - AQSh Ukrainaga harbiy yordamni to’xtatdi
Tramp o’tgan hafta Oq uyda matbuot vakillari qarshisida u bilan tortishgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni odobsizlikda va noshukurlikda aybladi, Ukraina rahbari tinchlik haqida muzokara qilishga tayyor emasligini aytdi.
"Siz ko’proq shukur qilishingiz kerak, chunki qo’lingizda karta yo’q. Biz bilan karta bor, bizsiz esa yo’q”, - dedi Tramp AQShning urush boshidan beri Ukrainaga ko’rsatayotgan moliyaviy va harbiy yordamini nazarda tutib.
Qo’shma Shtatlar sobiq prezident Jo Bayden paytida Ukrainaga istalgancha yordam berish siyosatidan Tramp paytida yordamni butunlay to’xtatish amaliga o’tdi.
Yangi rahbar urushni tezroq yakunlamoqchi ekanini, Ukrainaning nodir yer minerallarini olmoqchi ekanini aytib keladi.
Biroq Zelenskiy xavfsizlik kafolatlarisiz Vashington bilan bu haqdagi bitimni imzolamoqchi emas. Oq uyga ko’ra esa Amerika sarmoyalari va Ukrainada iqtisodiy faollik xavfsizlik kafolatlari bilan tengdir.
Urush boshidan beri AQSh Kongressi Ukraina uchun jami 175 milliard dollar ajratgan.
Harbiy yordamning to’xtatilishi Bayden paytida tasdiqlangan, ammo Ukrainaga hali yetkazilmagan qurollar va o’q-doriga taalluqli. Ya’ni AQSh omborlarida saqlanayotgan yoki shu tobda Ukrainaga topshirish arafasida bo’lgan qurol-yarog’larga.
Tramp minerallar bo’yicha shartnomani imzolashga imkon hali ham borligini aytmoqda.
Oq uy rasmiylari Zelenskiy Trampdan uzr so’rashi kerakligiga ishora qilyapti, biroq Ukraina rahbari hozircha bunga tayyor ekanini namoyish etgani yo’q.
Mutaxassislar AQSh yordamisiz Ukraina artilleriyasi, havo mudofaa tizimida yana bir necha hafta jang qilishga yetarli o’q-dori borligini aytmoqda.
O’tgan hafta Yevropa rasmiylari Ukrainaga 20 milliard yevro atrofida pul berishi haqida ma’lum qilgan, biroq Vengriya va Slovakiya yangi harbiy paketga qarshi chiqishini bildirmoqda.
Yevropa AQShning o’rnini bosishga harakat qilmoqda. Bundan bir kun oldin Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer Ukraina havo mudofaasi tizimiga 5000 ta raketa xarid qilish uchun ikki milliard dollar ajratilishi haqida ma’lum qildi.
"Qit’amizda tinchlikni qo’llab-quvvatlash uchun eng og’ir ishni Yevropa qilishi kerakligi to’g’ridir. Buni uddalash uchun AQSh bizni qo’llab-quvvatlashi kerak”, - dedi u.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQShning Ukrainaga yordamida tanaffus e’lon qilinishini tinchlikka eng yaxshi hissa deb atadi.
"Yevropadagi ayrim mamlakatlar keng qamrovli yordamni davom ettirishi haqida gapirayotganini ko’ryapmiz. Ular bu bilan o’q-dori yetishmovchiligini qoplashga harakat qilar balki. Ammo tan olish kerakki, yordamning asosiy qismi AQShdan va AQSh kanallari orqali kelayotgan edi”, - deydi Peskov.
Ukrainalik qonunchilar Tramp ma’muriyatining yordamni to’xtatish qaroridan tashvishda.
“Muammo faqat AQSh ta’minotni to’xtatganida emas, balki hayotimizni hozirgidan qiyinlashtirishi va hamkorlarimizdan yordam olishni cheklab qo’yishi mumkinligida”, - deydi parlamentning milliy xavfsizlik qo’mitasi a’zosi Sergey Raxmanin.
Oliy Radaning seshanba kungi bayonotida Trampning tinchlik tashabbusiga xayrixohlik, Qo’shma Shtatlarga shu paytgacha ko’rsatilgan yordam uchun minnatdorchilik bildirildi.
Bundan bir kun oldin Zelenskiy AQSh yordami to’xtamasligiga umid qildi.
"Nazarimda AQShning yordami davom etadi, chunki Ukrainaning mag’lubiyati Putinning g’alabasi bo’libgina qolmay, Yevropaning, AQShning ham mag’lubiyati bo’ladi. Putinga g’alaba qozonishga imkon bermaslikdan barchamiz manfaatdormiz degan fikrdaman”, - dedi Zelenskiy.
Avstraliyalik siyosiy tahlilchi Marko Durantining aytishicha, AQSh harbiy yordamining to’xtatilishi Ukrainaning Rossiyaga qarshi turish salohiyatiga salbiy ta’sir qiladi.
“Qo’shma Shtatlar Ukrainaga Yevropaga qaraganda ikki baravar ko’p yordam uzatgan, muhim razvedka ma’lumotlarini ulashgan”, - deydi u.
Seshanba oqshom Tramp Kongressda qonunchilarga murojaat qilishi kutilmoqda. Oq uyning ichki siyosati, Yaqin Sharqdagi vaziyat, Rossiya-Ukraina urushiga barham berish harakatlari haqida bayon etiladi.