Zelenskiy Tramp bilan ishlashga tayyor

  • Amerika Ovozi

Vitse-prezident Jeyms Vens deydiki, Ukraina va Rossiya murosa qilishga majbur.

Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy Oq uy bilan yaqindan ishlashga, Rossiya bilan urushni yakunlash uchun muzokara olib borishga shay. Bu borada u 4-mart kuni bayon qilgan. 3-mart kuni Prezident Donald Tramp AQShning Ukrainaga yordamini to'xtatgan edi.

Zelenskiy 28-fevral kuni Oq uydagi uchrashuv salbiy ruhda tugaganidan afsusda, lekin oradagi aloqalar hamon mustahkam ekaniga ishonch bildirgan.

Buni ham ko'ring Tramp Ukrainaga yordamni to'xtatdi

Ukraina prezidenti, shuningdek, davlatining tabiiy boyliklarining, xususan, nodir minerallarning bir qismini AQShga berish shartiga ham rozi. U buni kafolatlovchi bitimni imzolashga hozir.

Zelenskiy Prezident Tramp bilan konstruktiv muloqot tarafdori ekanini aytmoqda.

AQSh Ukrainaga 1o0 milliard dollardan oshiq miqdorda qurol va o'q-dori uzatgan. Yana milliardlab miqdorda moliyaviy va gumanitar yordam ko'rsatgan.

“Ukraina suvereniteti va mustaqilligi uchun AQSh madadidan minnatdormiz", - deydi Zelenskiy.

U Tramp oldingi muddatida bergan harbiy vositalar uchun ham qayta-qayta rahmat aytgan.

“Ukraina tinchlik istaydi", - deydi Zelenskiy.

“Hech birimiz bu urush davom etishini istamaymiz. Muzokara imkon qadar tezroq boshlanishi kerak, buni Ukraina xalqidan ko'proq xohlaydigan tomon yo'q", - deydi prezident.

Shannon aeroporti, Irlandiya, 27-fevral, 2025

AQShning Delaver shtatidan Ukrainaga yo'l olayotgan qurol-aslaha 24-yanvar, 2022

AQSh Vitse-prezidenti Jeyms Vens "Amerika Ovozi" bilan muloqotda deydiki, kelajak Ukraina qo'lida. Urushayotgan tomonlar murosa qilishga majbur, deydi u.

“Bu mojaroga barham berish Rossiya va Ukraina manfaatlariga xizmat qiladi hamda biz ham uning yakunidan manfaatdormiz", - deydi Vens.

Buni ham ko'ring Zelenskiy AQShdan minnatdor, "Ukrainaga tinchlik kerak"

Zelenskiy avvalo mahbuslarni almashishni, havo hujumlarini bas qilib, raketa, dron va bomba qo'llashni to'xtatishni va fuqaro obyektlarini nishonga olmaslikni taklif qilmoqda. Havo va suvda jangga barham berishga Kiyev tayyor, deydi u, agar Kreml ham bunga ko'nsa va shartni buzmasa.

Murosa qilish oson kechmaydi, deydi rasmiylar. Ukraina Rossiyaning 2014-yildan beri bosib olgan barcha hududlardan chiqishini talab qilmoqda, jumladan, Qrimdan ham. Hozirda Rossiya Ukraina hududining 20 foizini egallab olgan.

Zelenskiy AQSh va Yevropadan xavfsizlik kafolatini ham so'ramoqda, toki Rossiya unga qayta hujum qilmasin, sulhdan keyin haddini bilsin.

Yevropa davlatlari tinchlikparvar kuchlarni safarbar etishga shay, lekin Amerika qo'shin yo'llamoqchi emas.