O`zbekistonda konstitutsiyaning 14 yilligi munosabati bilan e`lon qilingan amnistiyaga ko`ra o’nlab mahbuslar ozodlikka chiqa boshlagan.
Umum avf asosida yaqinda ozodlikka chiqqan mahkumalardan biri, Toshkentdagi ayollar qamoqxonasida besh yarim yil jazo muddatini o`tagan o’zbekistonlikning aytishicha, u qotillikda ishtirok etganlikda ayblanib qamalgan.
Ayol o`z ismini oshkor etilishini xohlamaydi. Toshkentdagi ayollar qamoqxonasini eng qattiq rejimli qamoqxonalardan biri. Ayollarning ko`pchiligi qamoqxonadan kasalmand holda chiqayotganini aytadilar.
“Ahloq tuzatish koloniyasi deb yozib qo`ygan, lekin inson tarbiyalanib chiqmaydi. Har tomonlama vahshiylashib chiqadi. Asablari tamom bo`ladi. Keyin vitamin yetishmasligidan sil bo’ladi. Saryog`, g`o`sht va tuxum keladi, lekin u ayollarga berilmaydi, militsiya xodimlari olib ketib qoladi. Aslida uni ayollarga yedirish kerak”.
Norasmiy manbalarga ko’ra O`zbekiston qamoqxonalarida sil kasalligi keng tarqalmoqda. Biroq bu borada to`liq ma’lumotlar mavjud emas.
Ayollar sog`ligini yemirayotgan yana narsa - jazo kamerasi. “Men ham jazo kamerasida bo`lganman. Odam charchaydi, yotib olamiz polga. Vitamin yetishmasligidan odamni uyqu bosaveradi, polda yotib uxlaymiz. Yotib olganingizdan keyin poldan sovuq o`tib, shishib borasiz, bo`yragingiz suv yig`adi, shunaqa qilib sog`lig`ingiz ketadi”, - deydi sobiq mahkuma.
Uning aytishicha amnistiyadan hozirgcaha 30-40 ayol ozodlikka chiqqan bo`lishi mumkin.
“Nazoratchilar chiqarib yuborish emas, olib qolish harakatida... Asosan ijtimoiy xavfi yoq jinoyatlarga taaluqli bo`ldi. Bir yarim ming ayoldan 30-40 nafari chiqdi xolos”.
Bu ayolga ko`ra, qamoqxonada asosan jinoyat kodeksining 159-moddasi konstitutsion tuzumga qarshi harakatda aybalanib qamalgan nomozxon ayollarga nisbatan tazyiq kuchli va amnistiya bu ayollarga tegishli emas.
“159-lar ro`mol o`ragan-ku, shu tomondan rejimni ro`kach qilib, ro`molini yechiradi. O`zi ular ro`mol o`ragani uchun qamalgan. Ro`molingni orqaga qilib o`ra deydi, rejim bo`yicha kosinkani orqaga qilib o`rash kerak. Erkaklar yo’q bo`lsa, orqasiga qilib boylab keladi, lekin erkak kishi turgan bo`lsa, misol uchun rejim boshlig`i turgan bo`lsa, ular qanaqa qilib orqasiga qiladi, gunoh-ku bu. Lekin ular shunga majbur qiladi, ro`molini yulib oladi, qo`lida pichoq yoki qaychi bo`ladi, ro`molini kesib kichkina qilib beradi”, - deya hikoya qiladi Toshkent ayollar qamoqxonasining sobiq mahbusi.
O`zbekistonda diniy erkinlikning cheklanganligi haqida qator xalqaro tashkilotlar tashvish bildirib keladi. Yaqinda AQSh Davlat departamenti O`zbekistonni diniy erkinliklar bo’yicha alohida tashvishga molik mamlakat sifatida e`tirof etgan edi. Maqom O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy e’tiroziga sabab bo`lgan.
Keyinchalik esa bu borada O`zbekiston Musulmonlar idorasining raddiyasi va AQShning Toshkentdagi elchisiga yuborilgan jamoatchilik xatida ham mamlakatda e`tiqod cheklanmagan deya bayon qilinadi.
Yaqinda ozodlikka chiqqan ayol fikricha 159-modda bo`yicha qamalgan nomozxonlarga nisbatan ko`rsatilayotgan tazyiqning yana biri namoz o`qish erkinligi bilan bog`liq.
“Nega podyom bo`lmasdan namoz o`qiyapsan deydi. Qarab yuradi, ko`zi sal pirpirasa, uyg`otib sen nega uxlamayapsan deydi. 159-larni ro`yxati bor, shu bo`yicha tekshirib yuradi. O`zi uyg`og`u, uxlaganga solib yotibdi. Biz chiqsak, turib namoz o`qiydi deb undan tushuntirtish xati yozib oladi. Turdim, namoz vaqtida deb soati-yu kunigacha yozadi. Men mahkuma falonchi podyomdan avval turdim, namoz o`qidim, buning uchun kechirim so`rayman, boshqa qaytarilmaydi, deb yozadi. Shunga majbur qildiradi”, - deydi ism-sharifini bildirishni istamagan, yaqinda qamoqdan chiqqan o’zbek ayoli.