Bugungi O'zbekiston: Boy ila xizmatchi

Bugun O’zbekistonda sarmoyadorlar qatlami paydo bo’lmoqda. “Yangi o’zbeklar” deb atalayotgan bu qatlam vakillariga munosabat turlicha. Ko’pchilik hozirgi paytda faqat qing’ir yo’l bilan mol-davlat orttirish mumkin deb hisoblaydi.

Ayrim kuzatuvchilar fikriga ko’ra, O’zbekistonda tadbirkorlik bilan, o’z mehnati, aqli va qobiliyati tufayli boyiganlar juda ozchilikni tashkil etadi.

O’zini Muhabbat deb tanishtirgan toshkentlik ayolning fikricha, bugun ba’zi o’ziga to’q odamlarning kambag’alroq kishilarga nisbatan bepisand munosabati jamiyatda boylarga bo’lgan salbiy munosabatni shakllantirmoqda.

U so’nggi paytlarda hatto turli idora va muassasalarda ham boylarga o’zgacha, kambag’al yoki maoshga kun ko’ruvchilarga nisbatan o’zgacha munosabatni payqash mumkinligini aytadi.

“Yaqinda bolamiz kasal bo’ldi, pnevmoniya bilan. Yangi ToshMIdagi bolalar pulmonologiyasi bo’limida yotdik. Yonimdagi palatada sal mundayroq oiladagi, ko’p bolali odam ekan. Dehqonlar ekan. Haligilarning bolasi kasal, o’pkasiga o’tib ketgan shamollash. Biz hamma dori-darmonni olib kelib qildirdik. Haligilarga bitta oddiy antibiotik topisholmadi. Bitta shpris topisholmadi. Hech qanaqa dori-darmon yo’q. Bizlar pul berib, tanish-bilish bilan yotdik, bizlarga qarashdi. Ularga esa qarashmadi".

Biror marosimga borsangiz ham shu ahvol deydi u.

"Azaga borasizmi yoki to’yga borasizmi, yaxshi kiyingan xotinlar oldiga o’tirib qolsangiz, bundayroq kiyingan odamlarning ustidan kulib o’tirishadi. Hayitda bir joyga bordik. Ikkita boyvachcha xotin o’tiribdi tillalarga bezangan, yaxshi kiyingan. Haligilar yonidagi bundayroq kiyingan xotinga “hozir kim shunaqa narsa kiyadi, qanaqa narsa bu eningizdagi, bunday yaxshiroq narsa kiysangiz bo’lmaydimi?” deb gapirishyapti. Vaholanki, o’shalarning sharoiti ko’tarmas, bolasi ko’pdir, oylikka qaram odamlardir. Bizlarda judayam manmansiragan boylar ko’p. Bitta narsa olsa yo uchastka qursa, yo boshqa qilsa, odamlarni mensimaydi”, - deydi Muhabbat ismli toshkentlik ayol.

Ayrim kuzatuvchilarning aytishicha, bugungi boylarning ko’pi poraxo’rlik orqasidan mablag’ topayotganlar. Va ayni paytda kambag’alparvar, halol boyni uchratish mushkul.

“Kambag’al, nochor odamlarga sal rahmdillik qiladigan boy bo’lsa, unga nima yetsin albatta. Hozirgi kunda O’zbekistonda kim boy bo’ladi? Albatta prezident, hokim, shunga o’xshagan yangi to’ralar boy bo’lmasa, boshqa odam boy bo’lishi qiyin, albatta. Hozirgi boylar lekin poraxo’rlardan tashkil topgan boylar”.

O’zini Behzod deb tanishtirgan mana bu yigit mulohazasi ham bugungi jamiyatda halol odam boy bo’lolmaydi degan fikrni davom ettiradi:

“Aniq bir halol ishlab boyigan odamni shu kungacha ko’rmadim. Ma’lum bir apparatdagi insonlar o’z foydalarini oddiy xalq evaziga ko’ryapti, ya’ni xalq ishlab topgan ozgina narsasiga ham boshqalar sherik bo’lyapti. Umuman olganda, 1991-92 yillari o’rtahol, ya’ni usti but, qorni to’q, yaxshi ishi bor bo’lgan odamlar hozir qashshoqlashib ketgan”, - deb hisoblaydi Behzod.

Ba’zi fuqarolar bugungi o’zbek boylari faqat o’z manfaatini o’ylab, mamlakat ravnaqiga hissa qo’shish haqida qayg’urmayapti deb hisoblashadi. Saidjon Jiyanov boylikka islom niqtai-nazaridan baho berar ekan, qanday yo’l bilan boy bo’lish ham muhim deydi:

“Payg’ambarimiz aytganlarki, “boylik gunohlardan saqlanuvchi, o’zini yomonliklardan tiyuvchi odamga zarar qilmaydi, balki foyda beradi”. Lekin bizning jamiyatimizda hozir ko’pchilik boy bo’lishni xohlaydi, lekin o’zini ko’proq o’ylab, boshqalarni uncha o’ylamaydigan boylar ko’payib ketgan. Misol uchun, dorifurushlik bilan shug’ullanib, shu bilan boylik orttirayotganlarni oling. Odamlar ko’proq kasal bo’lsa, uning mahsuloti o’tadi. Yoki ichkilik bilan, aroq bilan savdo qilib boyiydigan odamning ham xuddi shu niyati bo’ladi”, - deydi taqvodor Saidjon Jiyanov.

O’zini “men boyman” deb tanishtirgan shayhontohurlik Yulduzxon Akbarova boy bo’lish oson emasligini aytar ekan, atrofdagi kishilarning boylarga salbiy munosabatini ko’rolmaslik deb hisoblaydi:

“Boy odam ham osonlikcha boy bo’lmaydi. Har yo’llar bilan tirikchilik qiladi, mehnat qiladi. Yonidagilarning munosabati nima? Hamma yomonlik faqat g’ayirlikdan deb bilaman. Eplasin, ular ham qilsin. Hamma tomonlama mana, davlatimiz qo’yib beryapti. Nimaga qilishmaydi? Voy, palonchi boy bo’lib ketdi, palonchi palon bo’ldi deyilashi. Boy odamlarning ham qiladigan ishi osonmas”, - deydi Yulduzxon Akbarova.

Jamiyatshunos Komron Aliyev ayni paytda odamlarning boylarga nisbatan yoxud boylarning kambag’allarga nisbatan salbiy munosabati haqida shunday deydi:

“O’zbekistonda shakllanayotgan boylar sinfi asosan kriminal yo’l bilan yuzaga kelayotgani ko’pchilikka ma’lum. Amaldorlar o’zining imkoniyatlaridan foydalanadi. Bular ko’proq noqonuniy yo’llar bilan boygani sababli ularga nisbatan tanqidiy qaraladi. Sabab o’tish davrida tayin bir siyosatning yo’qligi. Bir qator hunarmandlar ham boyib ketishi mumkin edi. Masalan, kimdir do’ppini arzon narxda ko’plab miqdorda chiqarishni yo’lga qo’ydi. Kimdir beqasam materiallarni chiqarishni yo’lga qo’ydi. Bunga o’xshagan, mehnat orqali boyiydiganlar ko’p bo’lganda, xalqning ularga munosabati boshqacha bo’lar edi”.

Boylarning kambag’allarga, kambag’allarning boylarga mana shunday salbiy qarashi jamiyatda qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin degan savolga u shunday javob beradi:

“Bu faqat dushmanlaik ruhini kuchaytirishi mumkin. Bu toifalanishga olib keladi, o’rtadagi konfliktlarga olib keladi. Butun hatti-harakat kambag’allar toifasini kamaytirishga qaratilishi kerak”.