Toshkentda mustaqil jurnalist kaltaklangan

Toshkentda mustaqil jurnalist Sid Yanishev kaltaklab ketilgan. Jurnalist fikricha hujum uning kasbiy faoliyati bilan bog’liq.

Sid Yanishevning hikoya qilishicha, u do`sti bilan Toshkent viloyatining Chirchiq tumaniga ba’zi ma`lumotlarni tekshirish uchun borgan.

Qaytayotganida, do`sti bilan xayrlashgandan so`ng, oddiy kiyimdagi ikki kishi Yanishevdan hujjatlarini ko`rsatishni talab qilgan. Yanishev ular kim ekanini so`ragan.

“Ulardan biri hujjatini bir lahzaga ko`rsatdi. Men hech narsani o`qiy olmadim. Yana bir marta ko`rsatishni so`ragan edim, meni kaltaklashni boshlashdi,” - deydi mustaqil jurnalist.

Do’pposlash kaltaklayotganlardan biriga telefon qo’ng’irog’i bo’lgandan so`ng to’xtagan.

Guvohnoma ko`rsatgan kishilardan biri, deydi Sid Yanishev, o`zini milliy xavfsizlik xizmati vakili deb tanishtirgan. Kaltaklash jarayonida esa uning murosasiz jurnalist ekaniga iddao qilingan.

“Qaysi biri ekanligini aniq eslolmayman, lekin ulardan biri ey jurnalist bunchalik ko`p yozma, dedi. Bu hodisa mening jurnalistik faoliyatim bilan bog`liqligi aniq, boshqa yana qanday izoh berish mumkin,” - deydi Sid Yanishev.

Yanishev O`zbekistondagi kam sonli mustaqil jurnalistlardan biri. Uning internetda e`lon qilinayotgan maqolalari inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat, ijtomoiy va iqtisodiy ahvol, aholini qiynayotgan muammolar haqida.

Sid Yanishev kaltaklanishidan sal avval, Chimkentda O`zbekistondan chiqib ketishga majbur bo`lgan mustaqil jurnalist Ulug`bek Haydarovga nisbatan tazyiqlar boshlangani haqida xabar qilingan edi.

Ulug’bek Haydarov rasman pora talab qilganlikda ayblanib, olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Keyinchalik amnistiya bilan ozodlikka chiqarilgan edi.

U Qozog`istonga o`tib, BMT agentligidan siyosiy boshpana so`rashga majbur bo`lgan edi. Haydarovni O`zbekiston tomonidan o`g`irlab ketish harakati bo`lgani xabar qilinmoqda.

Jurnalist Sid Yanishev kaltaklanishi yuzasidan huquq-tartibot organlariga ariza bilan murojaat qilmagan. Buni samarasiz deb hisoblaydi. Uning aytishicha, mustaqil jurnalistlarga nisbatan tazyiqlar oshayotganini O`zbekistonda kutilayotgan saylovlar bilan bog`lash mumkin.

Yanishevga qilingan hujum yuzasidan O`zbekiston huquq-tartibot idoralari izoh bergani yo’q.