O'zbekiston paxta yetishtirish bo'yicha dunyoda yetakchi davlatlardan biri bo'lsa-da, yerga beparvolik, ishni sovetcha planlashtirish va korrupsiya sanoatga katta zarar yetkazmoqda.
"30 yil ilgari paxta dalasi bo'lgan maydonlar bugun tep-tekis sho'r yer", - deydi Xo'jaylida yashovchi dehqon New York Times gazetasi bilan suhbatda.
Orolbo'yida ekologik vaziyat o'gir. Mustaqillik yillarida hudud sezilarli darajada o'zgarmagan. Paxtadan tushadigan daromad hukumat uchun har narsadan ustun, ammo irrigatsiya tizimlarini yangilash uchun yetarli mablag' ajratilmayapti. Sug'orish yo'llari ishdan chiqqan.
Xalqaro Suv Nazorati Instituti ma'lumotlariga ko'ra, deylik O'zbekistonda sovet davrida har bir gektar maydon uchun suv tarmog'iga 120 dollar pul ajratilar edi. Hozir esa – 12 dollar.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobicha mamlakat ekinzorlarining 46 foizini sho'r bosgan. Bu muammolar paxta sanoatiga qanchalik ta'sir qilayotganini bilish qiyin. Hukumat bergan raqamlarga ishonch yo'q, deydi mutaxassislar.
Umuman O'zbekiston qishloq xo'jaligi sovet o'tmishida muzlab qolgan. Qancha paxta yetishtirishni hamon hukumat belgilaydi. Dehqonga arzimagan pul to'lanadi. Planni bajara olmagan 89 dehqon aprel oyida sudga tortilgan.
Xalqaro agronomlar fikricha yerga dam berish, tuproq sharoitini yaxshilash uchun ekinlarni navbatlab ekish lozim. Boshqalar esa irrigatsiya tizimi yaxshilansa unumdorlik ham oshadi deydi. Ayni paytda Jahon Banki bu tizimni yangilash loyihasi uchun moliya ajratgan.