USAID, ya'ni AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi O`zbekiston dehqonlariga meva va sabzavotlarni dunyo standartlariga ko`ra yetishtirish, saqlash va bozorga yetkazish borasida ko`mak beruvchi loyihani ishga tushirgan.
USAIDning qishloq xo`jaligi bo`yicha aloqalarni rivojlantirish dasturining O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sharof Mashrabiy so’zlariga ko`ra, O`zbekiston bilan qishloq xo’jaligi bo`yicha hamkorlik qilishda davlat monopoliyasiga tegishli bo`lmagan mahsulotlar tanlangan.
“Biz tanlagan mahsulotlar - ho’l mevalar, gilos, uzum, quruq mevalar. E’tibor berilsa, bu sohalarda davlatning aralashuvi kam, biz qilgan ishimizdan natijani ko`rsatish uchun shu mahsulotlarni tanladik. Loyiha Toshkent, Samarqand, Namangan va Farg`ona viloyati fermerlariga yordam berib, hosildorlikni ko`tarish, ishlab chiqarishni rivojlantirishni ko’zlaydi”, - deydi Sharof Mashrabiy.
Loyiha uch yilga mo`ljallangan, qiymati 5,5 million dollar. Bu mablag` agrofirmalar bazasini yaxshilash, fermerlar malakasini oshirishga sarflanadi.
Mazkur loyiha, asosan, agrofirmalar bilan ishlashni nazarda tutadi. O`zbekistonda agrofirmalar ko`proq davlat va fermer xo`jaliklari o`rtasida vositachi, fermer xo`jaliklariga xizmat ko`rsatuvchi tashkilot hisoblanadi.
Mazkur loyihaning biznes bo`yicha maslahatchisi Mo`minjon Xoshimov so’zlariga ko`ra, ayni paytda ko`plab agrofirmalar o`z vazifasini bajara olmayapti, ularga malaka yetishmaydi.
“O’rganib ko`rdik, agrofirmalarning 10 tasidan bittasi o`z vazifasini bajarmoqda, ikkinchisi to`liq bajara olmayapti. Qolgan 7-8 tasi esa mutlaqo bajarmaydi. Buning har xil sabablari bor, qonunga ko`ra, agrofirmalar xizmat ko`rsatishi kerak. Yangi xizmat ko`rsatish esa talab asosida ixtiro qilinishi kerak, o`rganilishi kerak. Ulardagi mutaxassislarda esa bunday malaka etishmaydi”, - deydi u.
Mo`minjon Xoshimov so’zlariga ko`ra, asosiy maqsad agrofirmalarni jonlantirish orqali fermerlarga yordam ko`rsatish, ishlab chiqarishni rivojlantirish, mahsulotni qadoqlash, transportirovka qilishda tajriba almashish.
Mavjud fikrga ko`ra, hamkorlik loyihasi o`zbek dehqonlarini yangi xalqaro darajadagi standartlarga muvofiq meva sabzavot yetishtirish, uni xaridorlarga taklif qilishni o`rgatadi.
Davlat monopoliyasidan tashqarida hisoblangan meva-sabzavot yetishtirish bilan shug`ullanuvchi xo`jaliklar, agrofirmalar oldidagi muammolardan biri shundaki,
faqat sanoqli kompaniyalar qishloq xo`jaligi mahsulotlarini eksport qilish vakolatiga ega.
Don va paxta yetishtirayotgan dehqonlar o`z mahsulotini mutlaqo eksport qila olmaydi. Meva-sabzavot yetishtiruvchi dehqonlar mahsulotini tashqariga chiqarishda qattiq to`siqlarga uchramoqda. Chegaradagi to’siqlar, korruptsiya va hokazo.
Loyiha rahbari Sharof Mashrabiyning aytishicha, meva-sabzavot eksporti jiddiy masala, loyiha mualliflari mazkur muammoni hal etish vakolatiga ega emas, biroq bu borada tavsiyalar ishlab chiqish mumkin.
“Bu muammolar siyosiy tomonga to`g’ri keladi, biz ko`proq texnik tomonlarni hisobga olamiz, bunday holatlarni o`rganayapmiz va turli uchrashuvlar, muhokamalar tariqasida tegishli tashkilotlarga o`z fikrlarimizni yetkazishga harakat qilamiz”, - deydi Mashrabiy.
Mazkur loyiha AQSh va O`zbekiston o`rtasida davom etib
kelgan sovuqchilikdan so`ng amalga oshayotgan ilk va sanoqli hamkorliklardan
bir. Loyiha tashkilotchilari so’zlariga ko`ra, O`zbekiston hukumati hamkorlikni
qo`llab-quvvatlagan.