Jurnalist Solijon Abdurahmonov 10 yilga qamaldi

Qoraqalpog'istonda mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov 10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan. Sharhlovchilar fikricha, jurnalist kasbiy faoliyati uchun jazolanmoqda. Giyohvand moddalar savdosida ayblangan jurnalist sudda aybsizligi va jinoiy ish atayin uyushtirilganini ta`kidlagan.

10 oktabr kuni Nukus shahrida o`tgan sud giyohvand moddalar savdosida ayblanayotgan mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonovga 10 yil qamoq jazosi belgilash haqida hukm chiqargan.

Uning advokati Rustam To`laganov so’zlariga ko`ra, jinoiy ishni soxta ekanini sezish qiyin emas.

“Videotasvirdan ham ko`rinib turibdi, militsiya giyohvand moddasi qayerda ekanligini yaxshi biladi. Itlar qatnashmagan. Bagajnikka to`ppa-to`g`ri borib, yuklarni olib tashlagandan keyin, bochokning tagidan sellofanga o`ralgan mariuxanani olib chiqayapti. Agar Solijon akaning qo’li bo`lganda, izlari qolishi kerak edi. Lekin faqat militsiyaning izi qolgan. Ekspertiza qilish haqida murojaatlarga qaramasdan, chang bo`lgani bahonasi bilan buni qilishmagan”, - deydi Rustam To`laganov.

Solijon Abdurahmonov sudda o`ziga nisbatan qo`yilgan ayblovlarni rad etgan, jinoiy ish uyushtirilganini ta`kidlagan.

“Umuman ayblarni rad etdi. Hech qachon bu ish bilan shug’ullanmaganman, dedi. Bu narsa kimlar tomonidandir uyushtirilganini aytdi. Bundan tashqari, sud hukmida ayblov uchun asos qilib olingan narsalarning hech biri isbotlanmagan. Mening nazarimda, akam “Ozodlik”, “Amerika ovozi”da ishlashi, keyinchalik ham bu boradagi ishlarini davom ettirishi, ochig`ini aytganda, Qoraqalpog`iston Respublikasida bo`layotgan muammolar haqida ma`lumot yetkazayotgani mana shunday jiddiy ayblovlarning bo`yniga qo`yilishiga asos bo`layapti”, - deydi Solijon Abdurahmonovning ukasi Bahrom Abdurahmonov.

Solijon Abdurahmonov to`rt oy muqaddam giyohvand moddalar saqlashda ayablanib, hibsga olingan edi. Jurnalist giyohvand moddalarni iste`mol qilmasligi aniqlangach, unga nisbatan giyohvand moddalar savdosi aybi qo`yildi.

Advokat Rustam To`laganov so’zlariga ko`ra, bu ayb ham mantiqqa to`g`ri kelmaydi.

“Hech qanaqa marixuanaga aloqam yo`q, u narsa sotilgan taqdirda ham bor-yo`q narxi 150-160 ming so`m bo`larkan. Bunga meni muhtojlik joyim yo`q, dedi. Shularga qaramasdan, ko`r-ko`rona 10 yil berilayapti”, - deydi To`laganov.

Inson huquqlari bilan bog`liq vaziyat Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston munosabati rivojlanishidagi asosiy to`siqlardan biri. Tomonlar bu borada muloqot davom etayotganini ta`kidlaydi.

Yaqinda Toshkentda Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston o`rtasida matbuot erkinligi bo`yicha tashkil etilgan xalqaro konferensiyada ham mustaqil jurnalistlarga nisbatan keskin ta`qiblar mavjudligi aytilgan edi.

Anjumanda qatnashgan Human Rights Watch vakili Stiv Kraushau Solijon Abdurahmonovning hibsga olinishi mamlakatda mustaqil jurnalistlarga nisbatan ko`rsatilyotgan tazyiq namunasi ekanini ta`kidlab o`tgan.

Mahalliy faollar nazarida Solijon Abdurahmonov, keyinchalik huquq himoyachisi A`zam Turg`unovning ham hibsga olinishi mamlakatda bir necha huquq himoyachilari qamoqdan ozod etilgach kuzatildi.

Hukumatning inson huquqlari bo`yicha siyosati ayrim huquq himoyachilarini qamoqdan ozod qilish, ular o`rnini esa boshqa faollar bilan to`ldirishga asoslanayotgani ta`kidlanadi.

58 yoshli Solijon Abdurahmonov Qoraqalpog'istonda inson huquqlari masalasini keng yoritib kelayotgan edi.

U avval “Ozodlik” va “Amerika ovozi” radiolari bilan hamkorlik qilgan. Keyingi paytda “Uznews.net” axborot agentligining Qoraqalpog`istondagi muxbiri edi.