Amerika kinosi – Toshkentda

Toshkentda bir nech yillik tanaffusdan so`ng birinchi marta Amerika kinosi festivali o`tmoqda.

Kinochilar muzeyida ochilgan Amerika kinosi festivali AQShda ko’ngillilar harakati haqida hikoya qiluvchi “Boshqalarga to`la” (Pay it Forward) filmi namoyishi bilan boshlandi.

Tadbir ochilishida ishtirok etgan AQShning O`zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Richard Norland festivalning mazkur film bilan ochilishi ramziy ma`no kasb etishini ta`kidladi.

Elchning aytishicha, Amerika xalqi insonparvarlik faoliyatiga katta ahamiyat qaratadi. 84 millionga yaqin amerikalik ko`ngilli tarzda insonparvarlik faoliyatiga vaqt ajratadi.

2 millionga yaqini doimiy tarzda volontyor-ko’ngilli bo’lib ishlaydi. AQShdagi yirik kompaniyalar va oddiy fuqarolar gumanitar yordam uchun ajratadigan malag` millardlarni tashkil etadi.

Richard Norland fikricha, AQShda Barak Obamaning prezidentlikka kelishini bir paytlar Jon Kennedining hukumatga kelishi bilan qiyoslanib, katta umid bilan kutib olinmoqda.

AQSh elchisining madaniy ishlar bo`yicha maslahatchisi Stefani Fitsmoris so’zlariga ko`ra, ancha yillardan buyon Amerika kinosi kunlari O`zbekistonda birinchi bor o`tkazilmoqda.

AQSh va O`zbekiston o`rtasidagi madaniy aloqalar muntazam rivojlanishiga umid bor.

Amerika kino festivalidan 10 ga yaqin film o`rin olgan. Ular orasida dunyo kino san`atining klassik namunalaridan tashqari, keyingi yillarda ishlangan turli janrdagi kartinalar bor.

Festival 16 noyabrga qadar davom etadi.