Amerika qo'shini Iroqni 2011 yil so'nggida tark etadi

Deyarli bir yil davom etgan muzokaralardan so’ng, Iroq Vazirlar mahkamasi AQSh qo’shinlarining bu mamlakatda qolishiga ruxsat beruvchi hujjatni ma’qullagan.

Kelishuvga muvofiq, 2009 yilda Amerika harbiylari Iroq shaharlari ustidan nazoratni mahalliy kuchlarga topshiradi. 2011 yil so’nggida esa ular Iroqni butunlay tark etishi kerak. Uch yillik kelishuv 24 noyabr kuni Iroq parlamentida ovozga qo’yiladi.

Iroq hukumati so’zlovchisi Ali Dabba Amerika qo’shinlarini Iroqdan olib chiqish sanasi 2011 yilning dekabr oyi ekanini alohida qayd etar ekan, “bu muddat o’tgach uni yangilash hukumatlar irodasiga bog’liq” deydi. Bo’lajak prezident Barak Obama bitim shartlariga to’liq amal qilishini bildirgan.

AQSh qo’shinlarining Iroqdagi maqomi bo’yicha muzokaralar bir necha oy davom etgan. “Hujjatning yakuniy ko’rinishi barcha tomonlar fikrini aks ettiradi”, - deydi Ali Dabba.

Shia qonunchilarining bir qismi loyihaga qarshi chiqib, unga tuzatish kiritishni talab qilgan edi. Qo’shma Shtatlar faqat og’ir jinoyatlarni sodir etgan zobitlar Iroqda sudlanishiga rozilik bergan. Kelishuvning yana bir muhim sharti – harbiylar uylarni tintuv qilish uchun Iroq hukumatidan ruxsat olishi kerak.

Iroq radikal shialar rahbari Muqtada al Sadr Vashington-Bag’dod kelishuvini tanqid ostiga olib, qonunchilarni uni rad etishga chaqirgan.