Turkmaniston va O'zbekiston rahbarlari Toshkentda uchrashgan

Turkmaniston va O’zbekiston prezidentlari Qurbonguli Berdimuhammedov va Islom Karimov Afg’oniston, mintaqadagi vaziyat va energetik zaxiralardan foydalanish muammolari borasida gaplashgan.

O’zbekiston prezidentining aytishicha, Afg’onistonga noharbiy yuk o’tkazishga o’tgan hafta, AQSh qo’mondoni general Petreusning Toshkentga tashrifi chog`ida kelishilgan.

“Tranzit masalasiga kelsak, yaqinda AQSh generali Petreus bu yerda bo`lgan edi. O`zbekiston o’z hududi orqali noharbiy yuklarni Afg`onistonga o`tkazishga rozilik berdi. Ta`kidlayman, faqat noharbiy yuklar. O’zbekiston qonunchiligiga riyo etilgan holda. Bu juda muhim”, - deydi Karimov.

Matbuot uchrashuvida prezidentlar mintaqada suvdan foydalanish muammosiga ham to’xtalgan. Mintaqa daryolarining quyi qismida joylashgan davlatlar ehtiyoji hisobga olinishi zarurligi ta`kidlangan.

Turkmaniston rahbari Toshkentga ikkinchi bor tashrif buyurmoqda. Sharhlovchilar rasmiy Ashgabat va Toshkent o`rtasidagi munosabatlar ancha iliqlashganini ta`kidlaydi.

Munosabatlar yaxshilanishida energetik, xususan, gaz eksporti bo`yicha hamkorlik muhim rol o’ynaydi.

Turkmaniston yaqinda Xitoyga gaz sotish bo`yicha shartnoma imzoladi. Bu loyihada O`zbekiston ham ishtirok etmoqda. Hozirda O`zbekiston va Xitoy gaz quvuri yotqizish ishlarini olib bormoqda.

Turkmaniston va O`zbekiston o`rtasidagi muzokaralarda energetik hamkorlik ko`lamini kengaytirish haqida gapirilgan. Shuningdek, O`zbekistonning tashqi bozorga chiqishi, bunda Turkmaniston imkoniyatlaridan foydalanish muhokama qilingan.

Tash chog’ida Turkmaniston va O’zbekiston hamkorligi borasida bir nechta hujjat imzolangan.