AQSh armiyasi muhojirlarni ham qabul qilmoqda

AQSh armiyasi immigrant aholi orasidan harbiy mutaxassislar tanlamoqda. Sinovdan o'tgan muhojir to'rt yillik shartnoma imzolaydi. Ishonchni oqlasa, fuqarolik beriladi.

Amerika armiyasi generali Jorj Keysi Nyu-Yorkda yangi askarlardan qasamyod qabul qilib oldi. 32 nafar zobitning qoq yarmi Pokiston, Hindiston, Janubiy Korea va Bangladeshdan kelgan muhojirlar.

Bu yosh yigit-qizlar AQSh Mudofaa vazirligi boshlagan yangi dastur qatnashchilari. Millat manfaatlari uchun muhim harbiy chora-tadbirlar nomli loyiha immigrantlarga tez fursatda fuqaro bo’lish imkonini beradi. Talab shuki, muhojir AQShda kamida ikki yil yashab qo’ygan bo’lishi kerak.

Leytenant Margaret Stokning aytishicha, armiya til bilgan va tibbiyotdan xabardor mutaxassislarni izlamoqda.

“Qaysi xalq, madaniyatdan ekani juda muhim. AQSh yuzlashayotgan davlatlar madaniyatini bilsa bu odamlar, shuncha yaxshi. Iroq va Afg’onistonda jang qilib bildikki, xalq urf-odatlaridan xabari bor jangchilar urush maydonida juda qo’l keladi, ular bilan g’alaba qilish osonroq kechadi”,- deydi Stok.

Shu yil fevralida boshlangan harbiy loyiha doirasida 52 yangi askar safga qabul qilingan. 60 foizi oliy ma’lumotli. Armiya strategik sanalmish, jami 35 til bo’yicha tarjimon qidirmoqda.

Stiven Chi to’rt tilda gaplashadi. U armiya safida yonilg’i ta’minoti bo’yicha maslahatchi bo’lib xizmat qiladi. Amerika pasporti uchun qilayotganim yo’q bu ishni, deydi u.

“Norvegiyada o’sib-ulg’aydim. Ota-onam Xitoydan. AQSh armiyasiga yordam beray deb, xizmatga otlandim”.

24 yoshli Tonya Mishra Hindistondan. Magistrlik diplomi bor. Harbiylar uning rezyumesini internetda ko’rib, qong’iroq qilgan. Oylik unaqa katta bo’lmasa-da, armiya qator imtiyozlar beradi.

“Oilamga tibbiy sug’urta taklif qilishdi. Har xil davlatlarga sayohat qilishim mumkin. Iqtisodiy ahvol og’ir bo’lib turgan paytda menimcha yomon taklifmas”,- deydi muhojir.

Yangi askarlar endi harbiy mashqdan o’tishi kerak. To’qqiz oy jismoniy va ruhiy sinovdan muvaffaqiyatli o’tgan harbiylar esa Iroq va Afg’onistonga, jang maydoniga jo’natiladi.

Hindistonlik shifokor Melpati Krishna xavotirini yashirmaydi.

“Jismoniy mashqlardan o’ta olsam bo’ldi”,- deydi u.

Hozircha harbiy dasturga 380 kishi ariza topshirgan. Yil oxirigacha ming odam qabul qilish rejalangan.