Rossiya Amerikani Yevropada yangi mudofaa tizimi o’rnatish rejasidan qaytishga undamoqda. AQSh rasmiylari tizim Rossiyaga xavf solmaydi deb qanchalik javramasin, Kreml so’zida qat’iy turib olgan.
Polsha va Chexiya hududida raketani urib tushirishga qodir sistema o’rnatish Jorj Bush ma’muriyati davrida tuzilgan reja. Barak Obama uni amalga oshirishga shoshmayapti.
Tizim, deydi rasmiylar, AQSh va Yevropani Eron kabi davlatlar hujumidan himoya qilishi kerak. Tahlilchi Deril Kimbl nazarida buni yetarli asos deyish qiyin.
“Eron ixtiyorida o’rta masofali raketalar bo’lsada, yadroviy zarba berish salohiyatiga ega emas. Demak Yevropaga strategik xavf tug’dirmaydi. O’zga davlatni nishonga olgan taqdirda ham, bu NATO davlatlari bo’ladimi, Eron javob hujumiga uchrashini yaxshi tushunadi”, - deydi Kimbl.
Obama ma’muriyati, deydi u, yangi mudofaa tizimi samara berishini aniq bilishni istaydi.
“Sinovdan o’tmagan sistemaga milliardlab dollar pul sarflash uni havoga sovurishdek gap. Moslama haqiqatdan ham hujumni qaytara olishini amalda isbotlash uchun 2-3 yil vaqt ketadi”.
Tizimni o’ziga xavf deb ko’rayotgan Rossiya javob chorasi ko’rishi haqida ogohlantirib keladi. Deyvid Kreymer, Bush ma’muriyatida ishlagan rasmiyning aytishicha, uning Rossiyaga hech qanday aloqasi yo’q. Maqsad aynan Eronning yadroviy hujumini bartaraf etish, deydi u.
Kreml nuqtai nazaridan qaraganda esa, AQSh mudofaa tizimini Rossiyani siquvga olish uchun joylashtirmoqchi. Bu imi-jimida hal bo’ladigan masala emas, deydi siyosiy sharhlovchi Robert Legvold.
“Ruslarni xavotirga solayotgani shuki, tizim kattaroq rejaning kichik bir qismi. Ular nazarida amerikaliklar kengroq siyosiy-harbiy, ya’ni Rossiya ustidan ustunlikni qo’lga kiritishdek g’arazli maqsadni ko’zlamoqda. AQSh keyinchalik Alyaska, Bolqon va Osiyoda ham shunday tizimlar o’rnatadi degan taxminlar mavjud”, - deydi olim.
Rossiyani loyihaga jalb qilish uchun mudofaa tizimini hamkorlikda yaratish taklifi bilan chiqqanmiz. Kreml na unisiga, na bunisiga rozi, deydi bu masala bilan shug’ullagan sobiq diplomat Deyvid Kreymer:
“Murosa qilish maqsadida Rossiyaning Krasnodar o’lkasi va Ozarbayjonning Gabala shahrida qo’shma radar dasturini yo’lga qo’yishni muhokama qilganmiz. Kreml bunday hamkorlikni ma’qullab, evaziga Polsha va Chexiyadagi rejani bekor qiling deb turib oldi va muzokara uzildi. Obamaning pozitsiyasi hozircha noaniq”.